Bosh sahifa >
OTBning 43-yillik yig'ilishi oldidan >
O'zbekiston hukumati Osiyo taraqqiyot bankining 585 mln. AQSH dollari miqdoridagi multitransh kreditini jalb etib, birinchi kategoriyali milliy avtomagistral qurilishiga yo'naltirishni rejalashtirmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida birinchi transhni ajratish bo'yicha bitimni imzolash ko'zda tutilmoqda. Hozirgi paytda uning qancha hajmda bo'lishi o'rganib chiqilmoqda.
Birinchi transh kredit mablag'lari «G'uzor-Buxoro-Nukus-Beynov» avtomobil yo'lining (A-380) 50 kilometrlik qismini qayta ta'mirlashga yo'naltiriladi. Ikki yilda tugatilishi lozim bo'lgan qayta ta'mirlash ishlari shu yilning sentyabr oyida boshlanadi.
Mamlakat Prezidenti Islom Karimov o'tgan yilning may oyida qiymati 2,6 mlrd. AQSH dollariga teng bo'lgan 2009-2014 yillarda birinchi kategoriyali milliy avtomobil yo'llari qurilishi dasturini tasdiqlagan edi.
Dastur doirasida 2015 yilga qadar respublikada umumiy masofasi 1501 kilometr bo'lgan avtomobil yo'llarining to'rt uchastkasida qurilish ishlarini olib borish mo'ljallangan.
OTB mablag'lari A-380 avtomobil yo'lining ikki yo'lakli asfalt qoplamali 220 kilometrini to'rt yo'lakli tsement-beton qoplamali yo'lga aylantirishga yo'naltiriladi.
Dasturga muvofiq olti yil davomida to'rt yo'lakli tsement-beton qoplamali 400 kilometr, to'rt yo'lakli asfalt qoplamali 813 kilometr va ikki yo'lakli asfalt-beton qoplamali 288 kilometr yo'l quriladi. Shu bilan birga 7 ta transport qayrilmalari, 1488 kilometr ko'prikyo'l va ko'priklar qurish ko'zda tutilgan.
2,6 mlrd. AQSH dollariga teng loyihani moliyalashtirish OTBning kredit resurslaridan tashqari Xukumat tomonidan 1,68 mlrd. AQSH dollariga teng mablag'lari, shuningdek Xitoy hukumatining Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlar uchun ajratiladigan va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining kredit liniyalari hisobidan amalga oshiriladi.
Dastur jalb etilayotgan xalqaro moliya tashkilotlarining mablag'lariga yo'lning tsement-beton qoplamali uchastkalari qurilishi va texnologiyasini sotib olishni ko'zda tutgan.
2007 yilning dekabrida OTB direktorlar kengashi O'zbekiston hukumatiga qiymati 180 mln. AQSH dollariga teng bo'lgan «G'uzor-Buxoro-Nukus-Beynov» avtomobil yo'lining ayrim uchastkalarini qayta ta'mirlash uchun 75,3 mln. AQSH dollari ajratgan edi.
O'zbekistondagi avtomobil yo'llari umumiy uzunligi 146,4 ming kilometrni tashkil etadi. Uning 42,5 ming kilometri umumiy foydalanishdagi magistral yo'llar, jumladan 3200 kilometri xalqaro, 18,8 ming kilometri davlat ahamiyatiga molik yo'llardir. O'zbekiston hududidan 20 ta xalqaro transport marshrutlari va yo'nalishlari o'tgan. |