Bosh sahifa >
OTBning 43-yillik yig'ilishi oldidan >
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) prezidenti Xaruxiko Kuroda o'rtasida 2010 yil 16 fevral kuni Toshkentda bo'lib o'tgan uchrashuvda OTB boshqaruvchilari Kengashining 43-yillik yig'ilishi oldidan tayyorgarlik ishlari, O'zbekiston va bank o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Xaruxiko Kuroda O'zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni qo'llab-quvvatlayotganiga yuqori baho berdi.
Qulay strategik joyda o'rnashganligi savdo va transport aloqalarini yaxshilashda Markaziy Osiyoga katta afzalliklar beradi, dedi Xaruxiko Kuroda Toshkentda bo'lib o'tgan diplomatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvda.
"Men O'zbekistonning tobora rivojlanib borayotgan mintaqaviy hamkorlikni g'oyat qo'llab-quvvatlayotganidan mamnunman. Bu yo'nalishdagi sa'y-harakatlar tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari Osiyoning nihoyatda integrallashuvi va globallashuviga, samarali birlashuv va umumiy maqsadlarga erishish yo'lida intilishlariga yordam bermoqda”, dedi OTB rahbari.
Kuroda mintaqaviy aloqalar rivojlanishiga misol sifatida Toshkentning qo'shni Afg'oniston poytaxtini elektr bilan ta'minlashdagi ahamiyatini qayd etdi.
“Kobulni uzluksiz elektr bilan ta'minlashdek mazkur muhim loyiha amalga oshmaydigandek tuyulardi, - dedi Xaruxiko Kuroda. - O'zbekistonning mintaqadagi muhim ahamiyatini isbotlovchi bu loyiha 4 million kishiga foyda keltirdi va Afg'onistonning elektr etib bormagan boshqa hududlarini ham elektr bilan ta'minlash imkonini yaratdi”.
OTB, bundan tashqari, O'zbekiston bilan Afg'onistonning ikkinchi yirik shahari - Mozori Sharifni bog'laydigan 75 kilometrlik temiryo'l qurilishini ham moliyalashtirmoqda. Yangi tarmoq ikki mamlakat o'rtasidagi asosiy savdo koridori bo'lib xizmat qiladi.
Xaruxiko Kuroda Toshkent safari chog'ida bankning yillik yig'ilishi o'tadigan joylarni, jumladan “O'zbekiston” forumlar saroyi, “O'zekspomarkaz”ning Markaziy ko'rgazmalar zali, Xalqaro savdo markazini borib ko'rdi va Bosh vazirning birinchi o'rinbosari Rustam Azimov bilan uchrashdi. |