Bosh sahifa >
OTBning 43-yillik yig'ilishi oldidan >
Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilari kengashining Toshkentda bo'lib o'tadigan 43-yillik yig'ilishi oldidan «O'zekspomarkaz»ning ko'rgazmalar maydonlari qayta ta'mirlanadi va kengaytiriladi.
Mamlakatimiz Prezidentining 15 fevral va Vazirlar Mahkamasining 17 fevraldagi qarorlarida «O'zekspomarkaz» milliy ko'rgazmalar majmuini kapital qayta ta'mirdan chiqarish va yangi ob'ektlar qurish rejasi tasdiqlandi..
Qurilish ishlari shu yil may oyi boshida Toshkentda bo'lib o'tadigan OTB boshqaruvchilari kengashining 43-yillik yig'ilishiga tayyorgarlik doirasida amalga oshiriladi. «O'zekspomarkaz» yig'ilish o'tkaziladigan asosiy joy sanaladi. 16 fevral kuni ko'rgazmalar majmuiga OTB rahbari Xaruxiko Kuroda tashrif buyurgan edi.
Hukumat qaroriga muvofiq «O'zekspomarkaz»ni qayta ta'mirlash va yangi ob'ektlar qurish uchun byudjet mablag'laridan 7 mlrd so'm miqdorida, 4 yillik imtiyoz bilan 7 foiz yillik stavkada qarz beriladi.
Qarorga binoan Toshkent shahar hokimiyati «O'zekspomarkaz» bosh binosiga kirish oldida Sandiqqo'rg'on ko'chasining 5-proezdi tomonidan Xalqaro savdo markazining yangi binosi me'morlik qiyofasiga javob beradigan jamoat transporti to'xtash joyi tashkil etadi.
«O'zekspomarkaz» ko'rgazmalar maydoni ikki pavilonini ham hisobga olganda 11,9 ming kvadrat metrdan iborat. Uning pavilonlarida har yili 40 dan oshiq ko'rgazmalar bo'lib o'tadi. Qayta ta'mirdan so'ng ular safiga yana ikkita pavilon qo'shiladi. |