Joriy yilning 28-29-iyul kunlarida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida buxgalteriya hisobi, moliyaviy hisobot va moliya-iqtisod yo‘nalishlarida Ozarbayjon Markaziy banki vakillari bilan birgalikda o‘zaro tajriba almashish maqsadida ikki kunlik tadbir tashkillashtirildi.
Mazkur tajriba almashuv tadbiri doirasida Markaziy bankning tegishli mutaxassislari tomonidan bank budjetini rejalashtirish va boshqarish tartibi, Markaziy bankning hisob siyosati, buxgalteriya jarayonlari, jumladan qimmatli qog‘ozlar hisobini yuritish, Markaziy bank tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni moliyalashtirish va boshqarish, ichki buxgalteriya nazoratlari, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish tartibi, shuningdek xalqaro zaxiralarni boshqarish tartibi kabi mavzularda interfaol tartibda taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbir davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda ilg‘or xorijiy tajribalar va ularning qo‘llanishidagi muammolar yuzasidan fikr almashishdi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda xodimlar malakasini va tajribasini oshirib borish maqsadida, kelgusida hamkorlikni davom ettirish yuzasidan tomonlar kelishib olishdi.