Pul bozori foiz stavkalari boʻyicha maʼlumotlarni shakllantirish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Markaziy bank tomonidan “Banklararo pul bozorining UZONIA indeksini (Uzbek OverNight Index Average) hisoblash va eʼlon qilish metodologiyasi” ilgʻor xalqaro tajriba asosida yangi tahrirda ishlab chiqildi.
UZONIA pul bozorida shakllangan qisqa muddatli resurslar foiz stavkasining benchmark darajasini ifodalaydigan koʻrsatkich boʻlib, 2022-yildan Markaziy bank tomonidan hisoblab va eʼlon qilib boriladi.
UZONIA joriy qilingan davrda pul bozorida asosan depozit operatsiyalari amalga oshirilganligi tufayli ushbu operatsiyalar UZONIA foiz stavkasini hisoblash bazasi sifatida qabul qilingan. Biroq, 2023-yilning ikkinchi yarmidan boshlab banklararo pul bozorida REPO operatsiyalarining faollashishi hamda ularning bozordagi ulushi ortib borishi kuzatilmoqda.
Xususan, 2024-yilda REPO operatsiyalarining pul bozoridagi ulushi oʻrtacha 54 foizga, joriy yilning birinchi yarmida esa oʻrtacha 66 foizga (iyun oyida 72 foiz) yetdi.
Pul bozoridagi mazkur tarkibiy oʻzgarishlarni inobatga olib yangilangan metodologiyada UZONIA foiz stavkasini hisoblash bazasi sifatida overnayt REPO operatsiyalari va ularning foiz stavkalaridan foydalaniladi.
Mazkur metodologiyani ishlab chiqishda pul bozori ishtirokchilari takliflari inobatga olindi hamda Pul bozori ishchi guruhi tomonidan muhokama qilindi va kelishildi.
Pul bozori ishchi guruhi – pul bozorini takomillashtirish boʻyicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan hamda Markaziy bank va barcha tijorat banklari vakillarini oʻz ichiga olgan ishchi guruh.
UZONIA foiz stavkasi banklararo pul bozoridagi real vaziyatni ifodalashini hamda foydalanuvchilar talablariga mos boʻlishini taʼminlash maqsadida ushbu metodologiya kamida yilda 1 marotaba qayta koʻrib chiqiladi.
“Banklararo pul bozorining UZONIA indeksini (Uzbek OverNight Index Average) hisoblash va eʼlon qilish metodologiyasi”ning yangi tahriri joriy yilning 1-avgustidan amaliyotga kiritiladi.
Mazkur metodologiya Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.