O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025 yil 11 dekabrdagi “Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini transformatsiya qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq jamiyatning yangi tashkiliy tuzilmasi hamda 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Mazkur qarorda Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysi faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan raqamli transformatsiya jarayonini jadallashtirish, xorijiy va mahalliy investorlarga xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro standartga muvofiqlashtirish hamda qimmatli qog‘ozlar bozorida post-treyding xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirish vazifalari ko‘zda tutilgan.
Shu munosabat bilan, jamiyatning transformatsiya masalalari bo‘yicha Loyiha ofisi hamda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan bosh direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimi tashkil etildi.
Qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariysi Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Valiyev Sanjar Shavkatovich tayinlandi.
Bunga qadar S.Valiyev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamenti direktori lavozimida ishlab kelgan. Xususan, xalqaro zaxiralar tarkibini diversifikatsiya qilish maqsadida xorijiy davlatlar qimmatli qog‘ozlariga birlamchi investitsiya kiritish hamda zaxiralarni boshqarish amaliyotini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirishda o‘z hissasini qo‘shgan. Shuningdek, ish faoliyati davomida xorijiy markaziy banklar, xalqaro moliya tashkilotlari hamda dunyoning yetakchi banklari bilan hamkorlik qilib kelgan.
Markaziy depozitariyda transformatsiya jarayoni
Yangilangan sana: 17 Dek 2025, 13:50