Markaziy bank boshqaruvining “Kredit tashkilotlarida isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori Adliya vazirligida 2025-yil 23-dekabr kuni 3731-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Mazkur nizom kredit tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilarga xizmatlar koʻrsatilishida qonunchilik talablariga rioya etilayotganligini oʻrganish boʻyicha “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi, ularning bosqichlari, shakllari va hujjatlashtirish jarayonlarini belgilab beradi.
Oʻtkaziladigan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarida banklarning xizmat koʻrsatish sifati, isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni oshirish ahvoli, mijozlar uchun yaratilgan bank infratuzilmalari holati hamda moliyaviy xizmatlar koʻrsatilishida qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilayotganligi holatlari oʻrganiladi.
Ushbu nizom asosida oʻtkaziladigan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari joylardagi moliyaviy xizmatlar koʻrsatilishi bilan bogʻliq kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish boʻyicha zaruriy choralarni koʻrish, banklarning isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlari boʻyicha madaniyatini rivojlantirish, sohaga doir qonunchilik hujjatlarni takomillashtirish hamda amaldagi qonun normalarining amaliyotga qay darajada joriy etilayotganligi yuzasidan xulosalarga ega boʻlishga xizmat qiladi.
Shuningdek, “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish Markaziy bankning moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida riskka asoslangan nazorat tiziminining bir qismi va instrumenti boʻlib, bu orqali sohada proaktiv nazoratni yoʻlga qoʻyish asosiy maqsad hisoblanadi.
Hujjat bilan ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.