Davlat qimmatli qog‘ozlari bilan REPO bitimlarini tuzish va ijro etish tartibi takomillashtirildi (Adliya vazirligida 2026-yil 26-yanvar kuni 1829-5-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi).
Qimmatli qog‘ozlarni REPO operatsiyalari orqali oson sotilishini ta’minlash, sotib olingan qimmatli qog‘ozdan REPO bitimining ikkinchi qismi ijro sanasiga qadar qayta foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida ta’minotni blokirovka qilish amaliyoti bekor qilindi.
Shuningdek, REPO bitimi ta’minotiga so‘ndirish muddati REPO bitimining ikkinchi qismini ijro etish muddatidan keyin keladigan davlat qimmatli qog‘ozlari kiritilishi imkoniyati yaratildi.
Mazkur tartibga ko‘ra, REPO bitimlari markaziy kontragent ishtirokida va markaziy kontragent ishtirokisiz tuzilishi mumkin va bunda, Milliy kliring markazi markaziy kontragent sifatida faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, REPO bitimlari bo‘yicha dilerning majburiyatlari ijrosini ta’minlash Markaziy depozitariy yoki Milliy kliring markazi tomonidan amalga oshirilishi va bitim ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar savdo tizimiga uzatilishi belgilandi.
Qayd etish joizki, mazkur o‘zgartirishlar mikromoliya banklari uchun ham to‘liq amal qilishi o‘rnatilmoqda.
Yuqoridagi o‘zgarishlar banklarga likvidlikni samarali boshqarish, repo operatsiyalarida oldi-sotdi predmeti sifatida olingan obligatsiyalardan qayta foydalanish, hisob-kitoblarda xatarlarni minimallashtirishga imkoniyat yaratadi.