Joriy yilning 30-yanvar kuni Markaziy bankda JP Morgan banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida hosila moliyaviy vositalar bozorini rivojlantirish, shuningdek mahalliy xedjirlash institutini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Markaziy bankning mazkur yo‘nalishdagi tashabbuslari xorijiy hamkorlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklari bildirildi.
Xususan, ekspertlar hosila moliyaviy vositalar bozori savdolarida ishtirok etish, bozor ishtirokchilarining malakasini oshirish maqsadida amaliy treninglar tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga moslashtirish hamda yangi xedjirlash instrumentlarini joriy qilish jarayonlarida amaliy va ekspertlik yordamini ko‘rsatishga qiziqish bildirdilar.
Yuqoridagi masalalar yuzasidan Markaziy bank va JP Morgan banki o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ishlar olib borish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.
Uchrashuvda Markaziy bank tomonidan Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov va tegishli departamentlar vakillari ishtirok etdi. Xorijiy delegatsiya tarkibida JPMorgan’ning MDH bo‘yicha investitsiya banki rahbari Timur Kunanbayev, J.P. Morgan (London) institutsional savdolar bo‘yicha vitse-prezidenti Martin Martinov, hamda J.P. Morgan’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Boboxon Abdullaev ishtirok etdi.
Milliy xedjirlash institutini tashkil etish va hosila moliyaviy vositalar bozorini rivojlantirish bo‘yicha JP Morgan banki vakillari bilan uchrashuv
Yangilangan sana: 30 Yan 2026, 22:17