Qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarish huquqini beruvchi litsenziyani berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 noyabrdagi «Qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarishni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 506-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarishni litsenziyalash to‘g‘risida»gi Nizomda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi Qonuni 14-moddasida belgilab berilgan.
Qayd etilgan Qarorga asosan Qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarishni litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilishi hamda mazkur litsenziya 5 yil muddatga berilishi belgilangan.
Qimmatli qog‘ozlar blankalarini ishlab chiqarish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish to‘g‘risidagi Elektron arizani to‘ldirish yoki ariza shaklini yuklab olish, unda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; yuridik shaxs amalga oshirishni mo‘ljallayotgan faoliyatning litsenziyalanayotgan turi;
yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
litsenziya talabgori arizasining litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
litsenziya talabgorida maxsus kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan xodimlarning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari;
litsenziyalanayotgan faoliyat amalga oshiriladigan asbob-uskunalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
litsenziya talabgorining ishlab chiqarish xonalarida boyliklarning saqlanishi rejimi holati to‘g‘risida ichki ishlar hududiy organlarining xulosasi.
Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda o‘zaro axborot hamkorligi yo‘li bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.