Aholi va korxonalarning inflyatsion kutilmalari
Inflyatsion kutilmalar aholi, biznes va moliya bozorlari ishtirokchilarining kelgusidagi narxlar oʼzgarishi boʼyicha kutilmalarini aks ettiruvchi muhim koʼrsatkich hisoblanadi. Ular joriy inflyatsiya va ish haqi darajasi, isteʼmol va investitsion faollikka sezilarli taʼsir koʼrsatadi.
Tadbirkorlar oʼz mahsulotlari uchun narx belgilashda inflyatsion kutilmalariga asoslanadi. Ular inflyatsiyaning tezlashishini kutgan taqdirda kelgusidagi narx oʼzgarishi bilan bogʼliq qoʼshimcha xarajatlarini qoplash uchun narxlarni oldindan oshirishlari mumkin.
Shuningdek, ishchilarning narxlar oʼsishi tezlashishi boʼyicha xavotirlari ish haqini oshirishga boʼlgan talablarining ortishida namoyon boʼladi. Bu esa ish beruvchilarning ish haqi xarajatlari oshishida va mahsulotning yakuniy narxi qimmatlashishida oʼz aksini topadi.
Talab nuqtai nazaridan esa isteʼmolchilar kelgusida narxlar oʼsishidan xavfsirab, kelajakdagi extiyojlari uchun tovarlarni oldindan xarid qilishining natijasida joriy ehtiyojdan yuqoriroq talab shakllanib, bu narx-navoning oʼsishiga olib keladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatini ishlab chiqishda aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarini oʼrganish, tahlil qilish hamda ularni inflyatsiyaning 5 foizlik targeti atrofida barqarorlashishiga alohida eʼtibor qaratadi.