Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

“Turkiston” xususiy aktsiyadorlik tijorat banki va “Hi-tech bank” xususiy aktsiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish va ularni majburiy tugatishga oid Markaziy bank qarori yuzasidan

Yangilangan sana:  7 Okt 2022, 18:12
7 Okt 2022

Markaziy bank Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2022 yil 7 oktyabrdagi qaroriga asosan “Turkiston” xususiy aktsiyadorlik tijorat banki va “Hi-tech bank” xususiy aktsiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olinganligini maʼlum qiladi.

Oʼz navbatida shuni ham qayd etish lozimki, Markaziy bank tomonidan bank tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan nazorat tadbirlari doirasida shu kungacha “Turkistonbank” va “Hi-tech bank” Boshqaruv organlariga bankning moliyaviy holatini sogʼlomlashtirish boʼyicha doimiy ravishda choralar koʼrilib, banklarga tegishli koʼrsatmalar berib kelindi.

Xususan, “Turkistonbank” va “Hi-tech bank” banklarni sogʼlomlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida ushbu banklar tomonidan 2020, 2021 va 2022 yillarga moʼljallanganbankni sogʼlomlashtirish boʼyicha bir nechta yoʼl-xaritalari ishlab chiqildi.

Biroq, “Turkistonbank” va “Hi-tech bank” aktsiyadolari tomonidan bankni moliyaviy sogʼlomlashtirish boʼyicha ishlab chiqilgan yoʼl-xaritalarida koʼrsatilgan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmadi.

Tegishli koʼrsatmalarga qaramasdan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”da bir qator muammolar saqlanib qolganligi sababli ushbu banklarni sogʼlomlashtirish istiqbolsiz deb topilib, ularning litsenziyasini chaqirib olishga asos boʼldi.

Bunda, ushbu banklar tomonidan “Banklar va bank faoliyati toʼgʼrisida”gi Qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar uzoq vaqtdan beri sodir etilganligi, xususan:

bank aktivlari boʼyicha ehtimoliy yoʼqotishlarga qarshi yetarlicha zaxiralarning shakllantirilmaganligi;

regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar koʼrganligini;

bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;

buxgalteriya hisobining hisobotga oid maʼlumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;

bank faoliyatidagi qoʼpol qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʼgʼrisidagi Markaziy bank koʼrsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;

jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qoʼllanilganidan keyin huddi shunday qoidabuzarlikni takroran sodir etilganligi sababli “Oʼzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʼgʼisida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qildi.

Shu oʼrinda, mazkur banklarda saqlanayotgan aholi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan toʼliq kafolatlanganligini eslatib oʼtish bilan birga, hurmatli fuqarolarimizdan ushbu mablagʼlarni qaytarilmay qolishidan xavotir olmasliklarini soʼraymiz!

Shu munosabat bilan, amaldagi qonunchilikka muvofiq bajarilishi lozim boʼlgan chora-tadbirlar belgilandi. Xususan:

1. Markaziy bank tomonidan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”da tugatish komissiyasi aʼzolari (aʼzosi) tayinlandi.

2. Omonatchilar va kreditorlar talablarini aniqlash maqsadida Turkistonbank va Hi-tech bank ni tugatish komissiyasi tomonidan:

uch kun muddatda ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, bankning rasmiy veb-saytida bank tugatilganligi, shu jumladan, uning omonatchilari va kreditorlari tomonidan talablarni qanoatlantirish toʼgʼrisidagi arizalarni berish tartibi va muddatlari toʼgʼrisidagi eʼlon chop etiladi;

ikki hafta muddatda bankni tugatish ishlari boshlanganligi toʼgʼrisida barcha kreditorlar va omonatchilar yozma ravishda xabardor qilinadi;

ikki oy muddatda omonatchilar va kreditorlarning talablari (litsenziyani chaqirib olish toʼgʼrisidagi qaror qabul qilingan kunga qadar hisoblangan foizlar va neustoykalarni hisobga olgan holda) roʼyxati shakllantiriladi.

3. Bankning barcha mol-mulklarini o‘rnatilgan tartibda sotish va boshqa manbalar orqali Tugatish komissiyasining tugatish hisobvarag‘iga tushgan mablag‘lar Markaziy bank roziligi bilan belgilangan agent bankka o‘tkazib beriladi.

4. Aholining mazkur banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan omonatchilarning barcha mablag‘lari, birinchi navbatda, to‘liq qoplab beriladi va boshqa majburiyatlar o‘rnatilgan tartibda qaytarib boriladi.

Bunda, aholining omonatlarini qaytarishda ularning istagiga ko‘ra naqd pul ko‘rinishida yoki boshqa bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazish yoxud agent bankdagi omonatlariga joylashtirish orqali amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

5. Tadbirkorlar faoliyati uzluksizligini taʼminlash maqsadida “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”dan olingan to‘lov terminallari boshqa ixtiyoriy banklar terminallariga almashtirish hamda hisobvaraqlar ochish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Shu munosabat bilan, “Turkistonbank” va “Hi-tech bank” mijozlari bo‘lgan aholi va tadbirkorlik subʼektlaridan keyingi ikki oy muddatda bank majburiyatlari bo‘yicha bank tugatish komissiyasiga murojaat etish so‘raladi.

USD = 12662.01
+21.8
EUR = 13593.93
+34.78
RUB = 137.65
+0.63
GBP = 15849.04
+31.08
JPY = 80.81
-0.41
CHF = 13885.31
+34.54
CNY = 1747.30
+3.17
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X