Markaziy bankda Shveytsariyaning Oʼzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Markaziy bank rahbariyati tomonidan Shveytsariya Milliy banki bilan Markaziy bankning tahlillash va prognozlash hamda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash potentsialini rivojlantirish masalalari doirasida 2018 yildan boshlab amalga oshirilib kelinayotgan hamkorlik ishlari muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlab oʼtildi.
Suhbat davomida K. Obolenskiy mamlakatimiz bank-moliya sohasidagi islohotlarni yuqori baholab, Markaziy bankning ushbu jarayondagi muhim oʼrnini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Shveytsariyaning iqtisodiy masalalar boʼyicha Davlat kotibiyati (SECO) oʼrtasida oʼzaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Ushbu Memorandum ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, xususan, “Markaziy banklar salohiyatini oshirish dasturi” doirasida pul-kredit siyosati, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash, moliyaviy ommaboplik, toʼlov tizimi va inson resurslarini boshqarish yoʼnalishlarida xodimlar salohiyatini oshirish uchun yaqindan hamkorlik oʼrnatishga xizmat qiladi.
Markaziy bank va Shveytsariyaning iqtisodiy masalalar boʼyicha Davlat kotibiyati oʼrtasida anglashuv Memorandumi imzolandi
Yangilangan sana: 2 Apr 2024, 18:56