Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish
9302

Me’yoriy hujjatlar loyihalarini muhokama etish

Yangilangan sana: 26 Avg 2026, 11:10
pdf 397.1 КБ
Tartibga solish ta’sirini baholash natijalariga oid MA’LUMOTLAR

Normativ-huquqiy hujjatning tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha

HISOBOT

1.

Normativ-huquqiy hujjat turi, nomi va rekvizitlari

O‘zbekiston Respublikasining 2006 yil 6 maydagi “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi

O‘RQ-33 son Qonuni

2.

TSTBni o‘tkazuvchi davlat organi yoki tashkiloti

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

3.

Vakolatli organlarning xulosalari olinganligi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Raqobat qo‘mitasi

Ekologiya qo‘mitasi

4.

Sana

21.08.2026

Tartibga solish ta’sirini baholash natijalari

5.

Xulosa

Tahlil natijalariga ko‘ra, iste’mol kreditlarini berishni nazarda tutuvchi tartibga solish usuli amalda ishlamoqda. Ammo, tahlil davomida bir qancha salbiy ta’sir va oqibatlar aniqlangan. Shuni inobatga olib, mazkur tartibga solish usulini amalda saqlab qolgan holda mavjud muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurati mavjud.

6.

Hujjatning ta’sir doirasi

Iste’mol kreditining obyektlari — bu jismoniy shaxsning (iste’molchining) tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan va shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun sotib olinadigan tovarlar, ishlar yoki xizmatlardir. Jumladan:

·       Iste’mol tovarlari: maishiy texnika, mebellar, smartfon va boshqalar.

·       Iste’mol ishlari va xizmatlari: ta’lim (o‘qish uchun to‘lov), davolanish, dam olish (sayyohlik), uy-joyni ta’mirlash va boshqa maishiy xizmatlar.

Iste’mol kreditining subyektlari — iste’molchi va kredit beruvchi tashkilotlardir.

Iste’molchi — O‘zbekiston fuqarosi, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan jismoniy shaxs.

Kredit beruvchi tashkilotlar ham o‘z navbatida quyidagi turlarga bo‘linadi:

Banklar — iste’mol krediti bozorining asosiy ishtirokchilari bo‘lib, foizlar asosida moliyaviy iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardir.

Nobank kredit tashkilotlari — bu guruhga mikromoliya tashkilotlari va lombardlar kiradi.

Ishlab chiqaruvchi tashkilotlar — o‘z mahsulotlarining sotuv hajmini oshirish maqsadida iste’mol kreditini (tovar krediti yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash shaklida) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridorga taqdim etuvchi korxonalardir.

Realizatsiya qiluvchi tashkilotlar — chakana savdo do‘konlari, marketpleyslar va savdo tarmoqlaridir.

7.

Hujjatning natijadorligi va samaradorligi

2025 yilda tijorat banklari tomonidan ajratilgan iste’mol kreditlari hajmi 23,1 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, nobank kredit tashkilotlari hissasi 9 mlrd so‘m atrofida shakllandi. So‘nggi uch yilda 566 mingdan ortiq avtokredit va 463 mingdan ziyod ta’lim kreditlari ajratilgani aholining ushbu turdagi moliyaviy mahsulotlarga talabi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Nasiya mijozlari soni 1,9 mln kishiga yetgan va bir kishi hisobiga o‘rtacha 3 ta shartnoma to‘g‘ri kelgan. Bu holat iste’mol talabining qarz hisobidan moliyalashtirilayotganini ko‘rsatadi va kelgusida qarz yuki bilan bog‘liq xavflar mavjudligini anglatadi.

Bundan tashqari, 2023 yildagi o‘zgartirishlardan so‘ng qonunning ta’sir doirasi yanada kengayib, nafaqat mahalliy, balki import tovarlar uchun ham kredit ajratishga ruxsat berilishi bozorda sog‘lom raqobatni yuzaga keltirdi va iste’molchilarga keng tanlov imkoniyatini taqdim etdi.

8.

Hujjatning ijobiy va salbiy oqibatlari

Ijobiy oqibatlar

Iste’mol krediti aholining moddiy ehtiyojlarini qondirish imkoniyatlarining tezlashtirishda muhim iqtisodiy va ijtimoiy vosita sifatida namoyon bo‘ladi. U jismoniy shaxslarga uy-joy jihozlari, maishiy texnika yoki avtomobillarni uzoq vaqt davomida pul yig‘ib yurmasdan, darhol xarid qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa oilalarning kundalik turmush sharoitlarini tezroq yaxshilashga va qulaylik darajasini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, zarur maishiy texnika yoki transport vositasiga ega bo‘lish ish unumdorligini oshirishga, vaqtni tejashga va hayot tarzining yengillashishiga olib keladi.

Salbiy oqibatlar

Iste’mol krediti olishning salbiy jihatlari ham mavjud bo‘lib, ular asosan moliyaviy xavf va mas’uliyat bilan bog‘liq. Eng avvalo, kredit bo‘yicha foizlar, komissiyalar va qo‘shimcha to‘lovlar sababli xarid qilingan tovar yoki xizmatning yakuniy qiymati ancha qimmatlashadi. Natijada, aholi rejalashtirilganidan ko‘ra ko‘proq mablag‘ to‘lashga majbur bo‘ladi.

Bugungi kunda iste’mol kreditlari bozorida kuzatilayotgan eng og‘riqli muammolardan biri — reklamalardagi axborot manipulyatsiyasi orqali iste’molchining ishonchiga kirish va unga noaniq moliyaviy yuklarni yuklashdir. Xususan, “foizsiz kredit” yoki “ortiqcha to‘lovsiz muddatli to‘lov” kabi jozibador shiorlar ko‘pincha marketing niqobi bo‘lib xizmat qilmoqda. Amaliyotda esa tovar tannarxining sun’iy oshirilishi yoki reklamada tilga olinmagan yashirin komissiyalar va xizmat haqlari hisobiga mijoz baribir bozor bahosidan ancha yuqori haq to‘lashga majbur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, iste’mol kreditlarining oson va tez rasmiylashtirilishi ba’zi hollarda impulsiv xaridlarni ko‘paytiradi, ya’ni zarur bo‘lmagan tovarlar uchun ham qarzga kirishga undaydi. Bu holat uzoq muddatda oilaviy byudjetga salbiy ta’sir ko‘rsatib, moliyaviy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, qarzdorlik bosimi psixologik tushkunlik va stress holatlariga olib kelishi ehtimoli ham mavjud.

Mazkur hisobotning to‘g‘riligi va ma’lumotlarning ishonchliligini tasdiqlayman.


USD = 11813.21
+23.88
EUR = 13719.86
+17.12
RUB = 136.71
+0.23
GBP = 16000.99
+46.49
JPY = 76.57
+0.38
CHF = 14555.46
-15.46
CNY = 1760.38
+3.66
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X