Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A
2690

“Kichik tadbirkorlik sub'ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to'g'risida”gi Nizomga sharh

Yangilangan sana:  19 May 2019, 13:40

Kreditlash tartibi liberallashmoqda

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2013 yil 27 dekabrda
2546-son bilan davlat ro'yxatiga olingan “Kichik tadbirkorlik sub'ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to'g'risidagi” Nizomga sharh

So'nggi yillarda respublikamizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Xususan, bank tizimida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlari uchun ko'rsatilayotgan bank xizmatlari, ularni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, kreditlash hajmini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Natijada, 2013 yil davomida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga barcha moliyalash manbalari hisobidan ajratilgan kreditlar 2012 yilga nisbatan 1,3 barobar oshib, 6 trln. 982 mlrd. so'mni tashkil etdi, shundan, 1 trln. 366 mlrd. so'mga teng loyihalar mikrokreditlar bilan ta'minlanib, bu ko'rsatkich ham 2012 yilga nisbatan 1,3 barobar o'sdi.

Bunda asosiy e'tibor, kichik tadbirkorlik sub'ektlariga investitsiya maqsadlari, boshlang'ich kapitalni shakllantirishga uzoq muddatli kreditlar ajratish hamda mikrokreditlashni kengaytirish orqali kichik biznesning iqtisodiyotda tutgan o'rnini oshirish, yangi ishchi o'rinlari tashkil etishga qaratildi.

Ta'kidlash lozimki, mamlakatimizda iqtisodiyotni tarkibiy o'zgartirish, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, xususan, tadbirkorlarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash borasida bank tizimi tomonidan  amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholab kelinmoqda.

Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining 2013 yilning oktyabr oyida e'lon qilingan «Biznesni yuritish» (Doing business) bo'yicha hisobotida O'zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti 10 pog'onaga, kreditlash sohasidagi reyting ko'rsatkichlari esa 24 pog'onaga ko'tarilganki, bu davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsion muhitning yaratilishi borasida olib borilayotgan ishlarning ijobiy samara berayotganidan dalolat beradi.

Bu esa o'z navbatida, xorijiy investorlar va xalqaro moliya institutlarining O'zbekistonga bo'lgan qiziqishini ortishiga olib keladi.

Ta'kidlash lozimki, ushbu «Biznesni yuritish» hisobotini tuzishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga qulay bank xizmatlari ko'rsatilishini tartibga soluvchi huquqiy-me'yoriy hujjatlarning mavjudligi alohida baholanadi.   

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishi va ularga yaratib berilayotgan sharoitlarni e'tiborga olgan holda Markaziy bank tomonidan  “Tijorat banklari tomonidan fermer xo'jaliklarini, shuningdek, kichik biznes sub'ektlarini milliy valyutada kreditlash” Tartibi (ro'yxat raqami 907, 2000 yil 7 mart) belgilangan tartib-taomillar qayta ko'rib chiqildi.

Xususan, mazkur Tartib o'rniga Markaziy bank Boshqaruvining 2013 yil 23 noyabrdagi 22/9-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kichik tadbirkorlik sub'ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to'g'risida”gi Nizom (ro'yxat raqami 2546, 2013 yil 27 dekabr) qabul qilinib, unga kichik tadbirkorlik sub'ektlariga yanada qulaylik yaratuvchi bir qator me'yorlar kiritildi.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo'llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta'minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to'g'risida” 2008 yil 28 noyabrdagi Farmonida eng avvalo iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida modernizatsiya, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayonlarini faollashtirish, sifatli, eksportga yo'naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlaydigan zamonaviy moslashuvchan minitexnologiyalarni tatbiq etish, ichki va tashqi bozorlarda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining raqobatbardoshligini yanada oshirish, eksport qiluvchi korxonalar tomonidan yangi tovarlar turlarini sotish hajmlarini kengaytirish hamda mahsulot sotishning istiqbolli bozorlarini o'zlashtirish ustuvor vazifalardan etib belgilangan.

Mazkur Farmonda tijorat banklari zimmasiga iqtisodiyotning real sektori korxonalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash bo'yicha o'z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko'rish, ularning asosli buyurtmanomalari bo'yicha aylanma mablag'larni to'ldirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kredit resurslarini ajratilishiga ham alohida urg'u berilgan.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, Nizomda banklar tomonidan kichik tadbirkorlik sub'ektlariga aylanma mablag'larini to'ldirishga 18 oy muddatgacha kredit mablag'lari ajratilishi belgilandi. Shuningdek, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun kreditlar to'lash muddatini uzaytirish huquqisiz 5 yilgacha muddatga berilishi  bo'yicha norma bekor qilinib, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish muddati tijorat bankining Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan “Bankning kredit siyosati”da aks ettirilishi yo'lga qo'yildi.

Shu bilan birga kichik tadbirkorlik sub'ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to'g'risida nizomda tijorat banklariga kichik tadbirkorlik sub'ektlariga kredit berishda kreditning umumiy summasida qarz oluvchining garov ta'minotini rasmiylashtirish bilan bog'liq xarajatlarni hisobga olish huquqi belgilandi.

Shuningdek, qarz oluvchilar olingan kredit summasini muddatidan ilgari qaytarishga va ulardan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun hisoblangan foizlarni to'lashga haqli ekanligi o'z aksini topdi.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2012 yil 16 iyuldagi Farmoniga asosan davlat statistik, moliya, soliq hisobotlari hamda boshqa hisobot turlari bekor qilinib, bir-birini takrorlovchi shakllarni birlashtirish evaziga ana shunday hisobotlar miqdorini, shuningdek ularni taqdim etish davriyligini muddatlari qisqartirildi.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar muayyan hisobotlarni soliq va statistika organlariga yilda bir marta taqdim etishi inobatga olinib, tijorat bankidan kredit mablag'lari ajratish jarayonida yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub'ektlariga qo'shimcha ravishda moliyaviy hisobotlarni taqdim etishdan ozod qilindi.

Yangi Tartibda kichik biznes sub'ektlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida kreditlashning hudud bilan bog'liq cheklovi bekor qilindi.

Endilikda kichik tadbirkorlik sub'ektlariga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni (internet-banking, mobayl-banking va boshqalar) qo'llagan holda ko'rsatiladigan bank xizmatlari hajmini kengaytirish hamda ularning sifatini oshirish, jozibador moliyaviy instrumentlarni qo'llash orqali kreditlash hajmlarini oshirish maqsadida qarz oluvchilar tomonidan kredit olish yuzasidan arizalarni elektron tizim orqali qabul qilish tizimi yo'lga qo'yildi.

Tijorat banklarining filiallarida tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va erkinliklarini buzish, ularga turli byurokratik to'siqlar yaratish, ta'magirlik, sansalorlik, mansab vazifasini suiiste'mol qilish kabi holatlarni oldini olish, kredit arizalarini belgilangan muddatlarda ko'rib chiqilishi ta'minlash maqsadida banklarda “Arizalarni ro'yxatga olish kitobi”, qarz oluvchiga “Ma'lumotnoma” (internet tarmog'i orqali elektron ko'rinishida ham) berilishi joriy qilindi.

Bunda, “Arizalarni ro'yxatga olish kitobi” va “Ma'lumotnoma” raqamlanib, ip o'tkazib tikilgan va tijorat banki raisining kreditlash masalalari bo'yicha o'rinbosari yoki mazkur masala bo'yicha mas'ul shaxsning imzosi hamda Bosh bankning muhri bilan tasdiqlanadi.

“Arizalarni ro'yxatga olish kitobi” va “Ma'lumotnoma” tijorat banklarining Bosh ofisi tomonidan filiallarga markazlashgan holda tarqatiladi.

Shuni ham ta'kidlash lozimki, “Kichik tadbirkorlik sub'ektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to'g'risida”gi Nizom talablari buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi ko'zda tutilgan. Bu, o'ylaymizki, tijorat banklari mutasaddi xodimlarining ma'suliyatini yanada oshiradi.

Komil Ahmedov,

Banklarning investitsiya portfelini

monitoring qilish departamenti

boshqarma boshlig'i

Ro’yxatdan o’tish muddati: 04 fevral 2016 y.
docx 15.1 КБ
Yuklab olish



Ulashish:

 
USD = 12620.09
+19.95
EUR = 13599.41
-42.76
RUB = 136.73
+0.81
GBP = 15892.48
-16.46
JPY = 83.33
+0.09
CHF = 13926.38
+8.19
CNY = 1745.42
+1.99
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X