Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Banklarni davlat roʼyxatiga olish va litsenziyalash tartibi boʼyicha maʼlumot

Yangilangan sana:  13 Apr 2023, 15:49
Oʼzbekistonda yangi bank ochish uchun qanday talablar belgilangan? Buning uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Keling, respublikamizda yangi bank ochishning tashkiliy jihatlarini koʼrib chiqamiz.

Banklarni davlat roʼyxatiga olish va litsenziya berish tartibi “Banklar va bank faoliyati toʼgʼrisida”gi Qonun va “Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari toʼgʼrisida”gi nizom (roʼyxat raqami 3252, 2020 yilь 30 iyunь) asosida tartibga solinadi.

U ikki bosqichdan iborat:

1-bosqich - Markaziy bank tomonidan bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish;

2-bosqich - bir vaqtning oʼzida litsenziya bergan holda bankni davlat roʼyxatidan oʼtkazish.

1-bosqichda amalga oshiriladigan ishlar:

Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun muassislar tomonidan bank tashkil etish boʼyicha oʼz manfaatlarini Markaziy bankda ifoda etishga vakil qilingan shaxs taʼsis shartnomasi imzolaganidan keyin uch oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagilarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:

- taʼsis shartnomasini;

- ikki nusxadagi bank ustavini;

- taʼsis yigʼilishining bayonnomasini;

- muassislar roʼyxatini;

- hal qiluvchi egalikka ega boʼlgan bevosita va bilvosita muassislar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar toʼgʼrisidagi axborotni, shuningdek potentsial oluvchini (Qonunning 24-moddasiga muvofiq) baholashni oʼtkazish uchun zarur boʼlgan axborotni;

- hal qiluvchi egalikka ega boʼlgan shaxslar mavjud boʼlmagan taqdirda, bankning ustav kapitalida eng koʼp ulushlarga ega boʼlgan, umumiy ulushi kamida ellik foizni tashkil etadigan bevosita va bilvosita muassislar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar toʼgʼrisidagi axborotni, shu jumladan potentsial oluvchini (Qonunning 24-moddasiga muvofiq) baholashni oʼtkazish uchun zarur boʼlgan axborotni;

- muassis boʼlgan yuridik shaxsning auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan oxirgi uch yil uchun moliyaviy hisobotlarini;

- bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun kiritilgan mablagʼlarning manbalari toʼgʼrisidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni;

- bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari toʼgʼrisidagi, bu aʼzolarning rahbarlik printsiplari (Qonunning 36-moddasi) talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur boʼlgan axborotni;

- bankning tashkiliy tuzilmasini;

- bankning ichki audit xizmati toʼgʼrisidagi nizom loyihasini;

- bankning keyingi uch yilga moʼljallangan biznes-rejasini;

- keyinchalik bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim boʼlgan, bankning kredit, investitsiya va emissiya siyosatining loyihalarining, shuningdek tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazorat siyosati loyihalarining koʼchirma nusxalarini;

- arizani koʼrib chiqqanlik uchun yigʼim toʼlanganligini tasdiqlovchi hujjatni.

Bankni tashkil etishda yoki bankning ustav kapitalida chet el banki ishtirok etganda yuqorida koʼrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlar qoʼshimcha ravishda taqdim etiladi:

- chet el banki vakolatli organining bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish toʼgʼrisidagi qarori;

- chet el bankining ustavi;

- chet el banki bankni nazorat qilish organining mazkur chet el banki uning konsolidatsiyalashgan nazorati ostida turishi, pul mablagʼlarini depozitlarga qabul qilish huquqiga ega ekanligi va unga bankni nazorat qilish organining bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish uchun ruxsatnomasi berilganligi toʼgʼrisidagi yozma tasdiqnomasi yoxud shunday ruxsatnoma talab etilmasligi toʼgʼrisidagi tasdiqnomasi;

- chet el banki kapitalining va kredit reytingining Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.

Markaziy bank yuqori kapital va kredit reytingi koʼrsatkichlariga ega boʼlgan xalqaro moliya institutlari, chet el banklari hamda boshqa kredit tashkilotlari tomonidan bank tashkil etayotganda yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etayotganda dastlabki ruxsatnomani olishning alohida tartibini belgilashga haqli.

Norezident boʼlgan jismoniy shaxslarning va xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va boshqa kredit tashkilotlari boʼlmagan yuridik shaxslarning jami ulushi bank ustav kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak.

Markaziy bank xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va boshqa kredit tashkilotlari boʼlmagan, bank muassislari boʼlgan norezidentlarning kapitaliga hamda kredit reytingiga nisbatan, shuningdek norezidentlar joylashgan davlatning reytingiga nisbatan eng zarur talablarni belgilashga haqli.

Qaysi norezidentlarning ishtirokchilari (aktsiyadorlari) hamda oxirgi benefitsiar mulkdorlari imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni oʼtkazish chogʼida axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlatda yoki hududda roʼyxatga olingan boʼlsa, oʼsha norezidentlar bank muassislari va aktsiyadorlari boʼlishi mumkin emas.

Bank tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish toʼgʼrisidagi arizani koʼrib chiqishda Markaziy bank:

- Markaziy bank bilan chet el banki boʼlgan muassisning bankni nazorat qilish organi oʼrtasida axborot ayirboshlash toʼgʼrisidagi kelishuv mavjudligini;

- norezident joylashgan mamlakat vakolatli organlarining axborotini va fikrlarini inobatga oladi.

Yuqoridagi hujjatlar muassis boʼlgan bank roʼyxatga olingan yerda joylashgan Oʼzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi yoki boshqa konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlanadi.


2-bosqichda amalga oshiriladigan ishlar:

Bankni davlat roʼyxatiga olish va litsenziya olish uchun ariza beruvchi bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnoma olinganidan keyin olti oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagilarni taqdim etishi kerak:

- bankni davlat roʼyxatiga olish va litsenziya berish toʼgʼrisidagi ariza;

- Qonun (13-moddasi) bilan belgilangan eng kam miqdordan kam boʼlmagan summada bankning ustav kapitali shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek muassislarning roʼyxati;

- bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari toʼgʼrisida ularning rahbarlik printsiplari (Qonunning 36-moddasi) talablariga muvofiqligini baholashdan oʼtkazish uchun zarur boʼlgan axborot;

- tashkil etilayotgan bank joylashgan yerdagi Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasining bank binolari, ularning muhofaza qilinishi taʼminlanganligi, uskunalar, ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy taʼminotining Markaziy bank talablariga muvofiqligi toʼgʼrisidagi xulosasi;

- yuqorida sanab oʼtilgan barcha hujjatlarning elektron shakldagi koʼchirma nusxalari.

Basharti bankning faoliyati xavfsiz tarzda amalga oshirilishi taʼminlansa hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini, shuningdek bank tizimi lozim darajada ishlashini kafolatlovchi korporativ boshqaruv talablariga rioya etilsa, Markaziy bank bankni davlat roʼyxatiga olish hamda litsenziya berish toʼgʼrisida qaror qabul qiladi.

Bankni davlat roʼyxatiga olish va litsenziya berish haqidagi qaror ariza barcha zarur hujjatlar bilan olingan kundan eʼtiboran bir oydan oshmagan muddatda qabul qilinadi.

Markaziy bank tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida ariza beruvchini qabul qilingan qaror haqida yozma shaklda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali elektron shaklda xabardor qiladi.

Litsenziya berilganligi uchun qonunda belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.

Bankning davlat roʼyxatiga olinganligi va unga litsenziya berilganligi toʼgʼrisidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Litsenziyaning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlangan taqdirda litsenziya Markaziy bank tomonidan chaqirib olinadi.

Qayd etish lozimki, taqdim etiladigan hujjatlar toʼplami, tartibi, muddati, ariza va anketalar namunalari “Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari toʼgʼrisida”gi nizomda batafsil koʼrsatib oʼtilgan.




Ulashish:

 
USD = 12690.00
-7
EUR = 13526.27
-21.43
RUB = 135.95
+0.9
GBP = 15802.86
-34.11
JPY = 82.14
-0.09
CHF = 13969.62
+3.06
CNY = 1752.47
-1.48
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X