Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Banklarda omonat operatsiyalarini rasmiylashtirish jarayonlari takomillashtirildi.

Yangilangan sana:  19 May 2019, 13:40

O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015 yil 22 iyuldagi 19/11-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to'g'risida”gi Yo'riqnoma 2015 yil 26 avgustda 2711-son bilan Adliya vazirligidan ro'yxatdan o'tdi.

Mazkur Yo'riqnoma “O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to'g'risida”gi qonunlar va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2015 yil 6 maydagi PQ-2344-sonli qaroriga muvofiq banklar tomonidan milliy va chet el valyutasida depozitlarni jalb qilish, qaytarish, foizlar hisoblash va to'lash bilan bog'liq operatsiyalarni bajarish va nazorat qilishni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Yo'riqnomada tijorat banklar uchun omonatni qabul qilish jumladan, talab qilib olinguncha saqlanadigan hamda muddatli omonat turlariga kengroq sharh berilgan, omonatni qabul qilishdagi bir qator hujjatlashtirish ishlari takomillashtirilgan.

Ushbu Yo'riqnomaning yangi tahriri quyidagi asosiy va muhim o'zgartirishlarni o'z ichiga oladi:

- Omonat bo'linmasi va omonat kassalari kunlik hujjatlarining to'g'ri rasmiylashtirilishini qo'shimcha ravishda tekshiruvdan o'tkazish maqsadida Yakuniy nazorat xizmatini joriy etish;

- Uzoq vaqt mobaynida talab qilinmayotgan omonatlar bo'yicha nazoratni kuchaytirish va ular bilan ishlashni soddalashtirish maqsadida omonatlarga “harakatsiz omonatlar” maqomini berish muddatini 3 yildan 1 yilgacha tushirish;

- Xavfsizlik va qulaylik nuqtai nazaridan “xarakatsiz omonatlar” hisobvaraqlari bo'yicha operatsiyalar bajarilmasligi uchun omonatchi kelgunga qadar dasturda omonat bo'linmasi tomonidan ularga ta'qiq qo'yish;

- Banklardagi mavjud noaniqliklarni kamaytirish, shu jumladan buxgalteriya hisobvaraqlari rejasiga amal qilinishini ta'minlash maqsadida omonat mablag'larini bank balansiga kirim qilishda 29801-“Mijozlar bilan hisob-kitoblar” va 29896-“Boshqa majburiyatlar” hisobraqamlaridan tranzit sifatida foydalanishni qat'iyan ta'qiqlash;

- Omonatchilarning banklarga bo'lgan ishonchini yanada oshirish, muddatli va jamg'arma omonat hisobvaraqlarida omonat mablag'larining but saqlanishini ta'minlash maqsadida har bir tijorat banki veb-saytida “Shaxsiy kabinet” xizmatini tashkil etish. Agar tashkil etilgan bo'lsa, uning ishlashini talab darajasiga etkazish;

- Omonat operatsiyalarini takomillashtirish va omonatchilarga qulaylik yaratish maqsadida banklar tomonidan elektron omonat plastik kartalarini joriy etilishiga ruxsat berish;

- “Bank siri to'g'risida”gi Qonun talablariga rioya etgan holda bankdagi aholi omonatlari qoldiqlari inventarizatsiyasini “SMS-banking” dasturidan foydalanib o'tkazishga ruxsat berish;

Bunda banklar Markaziy bankka tekshiruv o'tkazilganligini lozim darajada tasdiqlovchi ma'lumotlarni taqdim etishlari shart bo'ladi.

- “O'zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to'g'risida”gi Nizomning (ro'yxat raqami 2465, 03.06.2013y.) 25-bandida banklar tomonidan jismoniy shaxslarning mablag'larini naqd pulsiz shaklda o'tkazishda memorial orderlardan foydalanilishi belgilangan.

Shu boisdan, ish jarayonida rasmiylashtiriladigan hujjatlarni kamaytirish maqsadida Naqd pulsiz kirim orderini (Yo'riqnomaning 8-ilovasi) va Naqd pulsiz chiqim orderini (Yo'riqnomaning 9-ilovasi) amaliyotdan chiqarish;

- Kun davomida ishlatilgan qat'iy hisobda turuvchi blankalar ishlatilishini nazoratga olish maqsadida “Kun davomida ishlatilgan qat'iy hisobda turuvchi blankalarning ishlatilishini nazoratga olish daftari”ni joriy qilish.

-. Omonat amaliyotlarini takomillashtirish maqsadida Omonat daftarchalarini ham unda ko'rsatilgan shaxslar shaxsan imzo qo'yishi sharti bilan kompьyuterning tegishli dasturi orqali to'ldirilishiga ruxsat berish. Ilgari omonat daftarchasi bundan mustasno edi;

- Omonat amaliyotlarini takomillashtirish maqsadida muddatli va jamg'arma omonatlar muddati tugaganidan so'ng, ularning muddati uzaytirilgan hollarda, mazkur omonatlar uchun yangi hisobvaraqlar ochmasdan omonat hisobini avval ochilgan hisobvaraqda davom ettirilishiga ruxsat berish;

- Omonat amaliyotlarini takomillashtirish maqsadida shartnomada ko'rsatilgan muddat tugaganidan keyin yoki shartnoma shartlarida boshqa shartlar ko'zda tutilmagan bo'lsa, muddatli va jamg'arma omonat mablag'larini boshqa omonat hisobvaralariga omonatchi yoki uning ishonchli vakilining ishtirokisiz o'tkazishni ta'qiqlash;

- Omonat amaliyotlarini takomillashtirish va xavfsizlik nuqtai nazaridan shaxsiy hisobvaraq varaqchasida omonat va foizlarning harakati bo'yicha barcha yozuvlarni nazoratchi va omonatchi imzosi bilan tasdiqlash shartini joriy qilish;

- Omonat amaliyotlarini takomillashtirish maqsadida omonatchi muddati tugagan, muddatli omonatini aynan shu omonatga qaytadan qo'yish (muddatini uzaytirish) istagini bildirsa, bank kassasida chiqim va qayta kirim amallari bajarilmasdan, omonat summasi va unga hisoblangan foizlari (omonatchi foizlarni ham omonat summasiga qo'shmoqchi bo'lsa) bilan birga aynan shu yoki boshqa turdagi omonatga yangi omonat daftarchasi rasmiylashtirilmasdan va yangi hisobvaraq ochilmasdan rasmiylashtirilishiga ruxsat berish;

- Omonatchilarga qulaylik yaratish maqsadida yangi omonat daftarchasi “omonat daftarchasi yo'qolganligi haqida” ariza taqdim etilgandan so'ng, besh ish kuni o'rniga uch bank ish kuni mobaynida berilishini kiritish;

Shu bilan birga, yuridik shaxslar bank bilan tuzilgan umumiy shartnomalar asosida bir yoki bir nechta jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga qonunda belgilangan to'lovlarni (ish haqi, unga tenglashtirilgan to'lovlar va boshqalar) o'tkazishi mumkinligi belgilangan.

Qayd etish lozimki, mazkur Yo'riqnomaning Yangi tahriri aholining bank xizmatlariga bo'lgan talabini qondirish va ishonchi ortishi bilan bir qatorda omonat mablag'larining but saqlanishida muhim o'rin tutadi.

Ro’yxatdan o’tish muddati: 04 fevral 2016 y.
docx 14.6 КБ
Yuklab olish



Ulashish:

 
USD = 12620.09
+19.95
EUR = 13599.41
-42.76
RUB = 136.73
+0.81
GBP = 15892.48
-16.46
JPY = 83.33
+0.09
CHF = 13926.38
+8.19
CNY = 1745.42
+1.99
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X