Markaziy bankda jurnalist va blogerlar ishtirokida “Chakana kreditlar bozorida mavjud tavakkalchiliklar va ularni tartibga solish masalalari” mavzusida media-muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda chakana kreditlar bozorida sezilarli faollik kuzatilayotganligi hamda banklar kredit portfelida aktivlar, shu jumladan, mikroqarzlar va avtokreditlarning banklar barqarorligiga ta’siri hamda ushbu sohadagi tartibga soluvchi o‘zgartirishlar haqida ma’lumot berildi.
Media-muloqotda Markaziy bank mutaxassislari bozordagi “qizib ketish” holatlarining oldini olish maqsadida makroprudensial choralarning ahamiyatini ta’kidladilar. Shuningdek, qarz oluvchilarning daromad va majburiyatlarini aniqroq baholash uchun xalqaro tajriba asosida qarz yuki ko‘rsatkichini hisob-kitob qilish tartibi takomillashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, banklarning likvidlilik va kapital yetarliligi ko‘rsatkichlarini hisob-kitob qilish tartibiga xalqaro tavsiyalar asosida o‘zgartirishlar kiritilayotgani qayd etildi. Media-muloqotda jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Chakana kreditlar bozori: xavf-xatarlar va tartibga solish masalalari muhokama qilindi
Yangilangan sana: 27 Fev 2025, 19:00