Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

2018 yilning yanvar oyida iste’mol tovarlari narxlari o‘zgarishi to‘g‘risida

Yangilangan sana:  26 May 2019, 15:12
8 Fev 2018

Iqtisodiyotda narxlar o‘zgarishi jarayonini atroflicha va chuqur o‘rganib borish va inflyatsion xatarlarni oldindan aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki respublika hududlari bo‘yicha mahsulot va xizmatlar narxlarini monitoring qilib borish amaliyotini joriy etmoqda.

Kuzatishlarni amalga oshirish uchun aholi tomonidan ko‘p iste’mol qilinadigan 135 ta mahsulot va xizmat turi tanlab olindi. Ulardan 45 tasi oziq-ovqat mahsuloti, 75 tasi nooziq-ovqat mahsuloti va 15 ta xizmat hisoblanadi. Ushbu mahsulot va xizmatlar guruhlarining umumiy narxlar o‘zgarishi ko‘rsatkichiga ta’siri mos ravishda 57, 29,5 va 13,5 foizni tashkil etadi.

Dastlabki kuzatuv natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, iste’mol tovarlari narxlari 2018 yilning yanvar oyida, o‘tgan yilning dekabr oyida ma’lum darajadagi o‘sishdan keyin, nisbatan barqaror bo‘ldi. Bu asosan yangi yil bayrami arafasidagi davrga qaraganda 2018 yanvar oyida iste’mol faolligining nisbatan past bo‘lgani bilan izohlanadi.

Xususan, mazkur holat oziq-ovqat mahsulotlari narxlari dinamikasida o‘z aksini topdi. Ayrim mahsulotlar narxlarida yuqori o‘zgaruvchanlik kuzatilganiga qaramasdan, oziq-ovqat mahsulotlari umumiy narxlarida ozroq (1 foizga) pasayish bo‘ldi.

Yanvar oyida kuzatish olib borilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida tuxum narxi – 10,5 foiz, sabzavotlar o‘rtacha narxlari – 5,8 foiz va mevalar o‘rtacha narxlari – 4,5 foizga arzonlashdi. Xususan, bodring narxi – 14 foiz, piyoz – 10,2 foiz, pomidor –
9,9 foiz, karam – 9,3 foiz, kartoshka – 6,3 foiz, sabzi – 2,3 foiz va olma – 4,6 foizga pasaydi.

Shu bilan birga, kuzatish natijalari sut narxining 4,9 foiz, go‘sht (mol va qo‘y go‘shti) – 1,1 foiz, bug‘doy uni – 0,7 foiz va guruch – 0,4 foizga qimmatlashganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, mazkur davrda kuzatish uchun tanlab olingan nooziq-ovqat mahsulotlari umumiy narxlari 2,1 foizga oshdi. Bunda kundalik iste’molda ishlatiladigan mahsulotlar narxlarida nisbatan kam darajada o‘sib, yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari qurilish mollari va avtomobillar uchun yoqilg‘i narxlarida kuzatildi.

Xususan, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishiga, asosan qurilish materiallari (10,8 foiz), aksiz tovarlar (sigaret va alkogol mahsulotlari – tegishli ravishda 7,2 va 0,3 foiz) hamda avtomobillar uchun metan yoqilg‘isi narxlarining (6,7 foiz) oshishi ta’sir ko‘rsatgan. Bunda, tadbirkorlik sub’ektlari uchun tabiiy gaz tariflarining oshirilishi va aksiz soliq stavkalarining ko‘tarilishi narxlar o‘sishining asosiy omillaridan bo‘ldi.

Bundan tashqari, kiyim-kechak va poyabzalga bo‘lgan talabning mavsumiy kamayishi natijasida ushbu guruh tovarlari narxlari 2,2 foiz pasaydi.

Kuzatishlar amalga oshirilgan davrda xizmatlar, umuman olganda, 4,2 foiz qimmatlashdi. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalari xizmati uchun to‘lov 10,3 foiz, transport xizmatlari – 6,3 foiz, maishiy xizmatlar – 3 foiz va tibbiy xizmatlar – 2,1 foizga o‘sdi.

Umuman olganda, iste’mol talabi nisbatan susaygan sharoitda 2018 yilning yanvar oyi davomida umumiy kuzatishdagi mahsulot va xizmatlar narxlari dinamikasida nisbatan past darajadagi, ya’ni 0,6 foizlik o‘sish kuzatildi.


USD = 12620.09
+19.95
EUR = 13599.41
-42.76
RUB = 136.73
+0.81
GBP = 15892.48
-16.46
JPY = 83.33
+0.09
CHF = 13926.38
+8.19
CNY = 1745.42
+1.99
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X