So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda kelgusida so‘m almashuv kursi o‘zgarishi bilan bog‘liq turli xil fikrlar tarqalishi natijasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan spekulyativ holatning oldini olish maqsadida Markaziy bank quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘tgan yillarda mamlakatimizning asosiy tashqi savdo hamkor davlatlari milliy valyutalari, xususan, rubl va tenge almashinuv kursining sezilarli o‘zgarishi ma’lum davrdan keyin so‘m kursiga ta’sir ko‘rsatib kelgan.
Rubl bilan tengening qadrsizlanishi kuzatilgan avvalgi davrlarda jahon iqtisodiyoti o‘sish ko‘rsatkichlarining ijobiyligi hamda mamlakatimizda yuqori investitsion va ishbilarmonlik faolligining saqlanib qolganligi, iqtisodiyotda yalpi talab va importning o‘sishini rag‘batlantirgan.
Ushbu vaziyatlar bilan bir qatorda banklarning kredit faolligi oshishi va davlat xarajatlarining ko‘payishi savdo hamkorlarimiz milliy valyutalari devalvatsiyasining so‘m almashuv kursiga ta’sirini yanada kuchaytirgan.
Hozirgi vaqtda koronavirus pandemiyasi ta’sirida jahonda ishlab chiqarish hamjlari va neft narxining pasayishi sharoitida asosiy savdo hamkorlarimiz valyutalari qadrsizlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, jahon iqtisodiyotidagi hozirgi vaziyatning o‘ziga xos xususiyati va uning milliy iqtisodiyotimizga, shu jumladan, valyuta bozoriga ta’siri avvalgi global iqtisodiy sharoitlardan biroz farq qiladi.
Bundan tashqari, yil boshidan banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari doirasida kreditlashga bo‘lgan muvozanatli yondashuv, shuningdek, pul-kredit siyosatining bozor instrumentlaridan faol foydalanishga o‘tilishi umumiy hisobda valyuta bozori kon’yunkturasiga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsata boshladi.
Shu bilan birga, ichki valyuta bozoridagi taklif tarkibida pul o‘tkazmalari bilan bir qatorda xususiy va davlat sektorlari tomonidan jalb qilinayotgan uzoq muddatli qarz va investitsiyalar ko‘rinishidagi xorijiy kapitalning ulushi asta-sekin o‘sib bordi.
Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan banklarga chet el valyutasini sotish hajmi ketma-ket 4 oy davomida joriy pul o‘tkazmalari hajmidan yuqori bo‘ldi.
Natijada rubl va tenge qadrsizlanishi, mehnat resurslari harakatiga cheklovlar joriy etilishiga va buning natijasida chetdan kirib keladigan pul o‘tkazmalarining vaqtincha pasayishiga qaramay, almashuv kursining hozirgi dinamikasi hamda ichki valyuta bozorida keskin tebranishlar kuzatilmadi. Ushbu holatni quyidagilar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, kutilayotgan global iqtisodiy pasayish va pandemiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar iqtisodiy faollikni pasayishiga olib keladi. Bunda import va shunga mos ravishda xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning ham pasayishi kuzatilmoqda;
Ikkinchidan, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi va koronavirusning sezilarli ta’siri bo‘lgan sektorlarda kreditlarni qaytarish jadvallarini qayta ko‘rib chiqilishi va muddatlarini uzaytirilishi hisobiga bank kreditlariga bo‘lgan talabning avval prognoz qilingan ko‘rsatkichlarga nisbatan sezilarli darajada kamayishi kutilmoqda;
Uchinchidan, inqirozga qarshi jamg‘armani shakllantirishda asosan tashqi manbalarga urg‘u berilayotganligi valyuta bozoriga qo‘shimcha taklif olib keladi;
To‘rtinchidan, oltin narxining o‘sishi hisobiga Markaziy bankning oltin valyuta zahiralari neytralligi tamoyili asosida amalga oshiriladigan doimiy valyuta intervensiyalari hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan o‘rtacha 30 foizga oshishiga imkon yaratadi.
Qayd etish lozimki, bugungi kun holatiga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan valyuta tushumlari va chet el valyutasini sotish hajmlari o‘tgan oylar darajasida saqlanib qolmoqda.
2019 yil aprel oyidan buyon so‘mning devalvatsiya darajasi, asosiy savdo hamkor davlatlar valyutasi qadrsizlanishi darajasiga yaqin bo‘ldi.
Ayni paytda jismoniy shaxslar tomonidan banklardan sotib olinayotgan valyuta hajmining nisbatan oshishi yuqori devalvatsion kutilmalar bilan izohlanib, kelgusida rubl va tenge almashuv kursining barqarorlashuvi va o‘z navbatida, devalvatsion kutilmalarning pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda.
Hozirda asosiy savdo hamkor davlatlar valyuta kurslarida kuzatilayotgan keskin tebranishlarni ushbu davlatlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida barqarorlashuvi ehtimoli yuqori bo‘lib, kelgusida dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat normallashishi hisobiga jahon bozorlarining asta-sekin muvozanatlashishi hamda yuqorida qayd etilgan xorijiy valyutalar kurslari qadrining ma’lum darajada oshishi kutilmoqda.
Kelgusida so‘m almashuv kursi shakllanishi iqtisodiyotning importga bo‘lgan talabi, eksport va pul o‘tkazmalaridan valyuta tushumlariga darajasi bilan bog‘liq. Bugungi kungacha qilingan tahlillar milliy valyuta almashuv kursi dinamikasida ma’lum bir kichik to‘g‘irlanishlar bo‘lishi mumkinligini va so‘mning keskin devalvatsiyasi bo‘yicha ehtimollarning yuqori emasligini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bank joriy vaziyat va iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda, koronavirus pandemiyasining ichki valyuta bozoriga ta’sirini tegishli ravishda baholab, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan zaruriy choralarni ko‘rib boradi.
Shu bilan birga, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar orasida asossiz spekulyativ kutilmalarning paydo bo‘lishini oldini olish maqsadida ichki valyuta bozoridagi holat va unga ta’sir etuvchi omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar muntazam e’lon qilib boriladi.
Birja kurslari va birja savdolari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlar har kuni Markaziy bankning telegramdagi rasmiy kanalida hamda O‘zbekiston Respublika valyuta birjasi veb-saytida e’lon qilib borilmoqda.