Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan joriy yilning iyun oyidagi yigʻilishlarida (9-marta) 42 ta masala koʻrildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 30 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish
(7 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish (1 ta), tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqishga doir (22 ta) masalalar koʻrildi.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida oʻtkazilgan oʻrganish va tekshirishlar natijasi ham muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 2 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi.
Toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlarining ustav fondi va tashkiliy-huquqiy shakliga qoʻyilgan talablarga, Markaziy bankning koʻrsatmalariga va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishiga, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilmaganligi uchun 7 ta mikromoliya tashkiloti, 2 ta toʻlov tizimi operatorlari va 27 ta tijorat banklari ogohlantirildi.
Bundan tashqari, Qoʻmita tomonidan bank tizimi barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish tamoyilidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, ular boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.