Markaziy bankda jurnalist va blogerlar bilan doimiy ravishda turli mavzularda media-muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan media-muloqot O‘zbekiston to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi hamda valyuta almashuv kursiga oid masalalarga bag‘ishlandi. Unda Markaziy bank mas’ul xodimlari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari jurnalist va blogerlarga mavzu yuzasidan batafsil ma’lumot berishdi.
Uchrashuvda mamlakatimizning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga oid joriy holat hamda 2025 yil uchun kutilmalar, tashqi sektor statistikasini shakllantirish bo‘yicha Xalqaro valyuta jamg‘armasi metodologiyasining xususiyatlari va boshqa yondashuvlardan farqli jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, joriy operatsiyalar hisobi va komponentlari saldosi, tovar va xizmatlar eksporti oshishiga ta’sir etuvchi omillar qatorida aholining investitsiyaviy faolligini hamda yuqori darajadagi ichki iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlash va importga bo‘lgan talabning oshishi, xalqaro zaxiralar dinamikasi kabi masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, media-muloqotda nominal va real samarali valyuta almashuv kursi tushunchasi va farqlari, ularga ta’sir etuvchi omillar, erkin bozor sharoitida valyuta kurslarining shakllanish bosqichlari va inflyatsiyaga ta’siri tushuntirildi.
Erkin muloqot tarzida o‘tgan tadbirda jurnalist va blogerlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javoblar olishdi hamda o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi.
“O‘zbekiston to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi hamda valyuta almashuv kursiga oid masalalar” mavzusida media-muloqot
Yangilangan sana: 13 Fev 2025, 18:46