O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki iqtisodiyot, bank ishi, buxgalteriya hisobi, moliya va axborot texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi ta’lim muassasalarida bakalavriaturaning kunduzgi bo‘limining so‘nggi bosqichida hamda magistraturada ta’lim olayotgan talabalarga tanlov asosida stipendiya dasturida ishtirok etish imkoniyatini taklif etadi.
- Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
- Toshkent shahridagi INXA universiteti;
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti;
- M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filiali;
- Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining (MGIMO) Toshkentdagi filiali;
- Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
- IT Park University;
- Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti.
2024/2025-o‘quv yili uchun Markaziy bank stipendiyasi 2024-yil oktabr oyidan tayinlanadi. Hujjatlarni qabul qilish muddati: 2024-yil 9 – 13-sentabr.
Markaziy bank stipendiyasi respublika hududida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Markaziy bankning tegishli tarkibiy bo‘linmalarida har kunlik (kuniga 3 soatgacha, haftada ko‘pi bilan 15 soatdan oshmagan holda) amaliy malaka o‘taydilar.
Markaziy bank stipendiatlariga qo‘yiladigan talablar:
o‘quv jarayonida (so‘nggi o‘quv yili natijalariga ko‘ra) yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi (86% dan yuqori);
davlat tilini mukammal bilishi;
xorijiy tillarni (rus va ingliz) bilishi eng kamida B2 darajasida(CEFR bo‘yicha).
Qo‘shimcha ustunlik beriladi:
ACCA va boshqa xalqaro sertifikatlar;
Big Data dasturlarida ishlay olishi;
IELTS 7.0 darajasi;
sohaga oid xalqaro yoki respublika olimpiadasi g‘olibi yoki sovrindorlari.
Markaziy bank stipendiyasiga talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
ma’lumotnoma (ob’ektivka);
pasport nusxasi;
nomzodning reyting (sinov) daftarchasi nusxasi;
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘rnatilgan tartibda fanlarni o‘zlashtirish bali to‘g‘risida ma’lumotnoma;
nomzodning chet tilini o‘zlashtirganligini tasdiqlovchi hujjatlar, ilmiy ishlanmalari, ilmiy konferensiya va seminarlarda ishtirok etgan ma’ruza tezislari va chop etilgan maqolalari (agar mavjud bo‘lsa).
Zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari talab etiladi.
Barcha talab etilgan hujjatlar universitet tomonidan biriktirilgan koordinator orqali
2024-yil 13-sentabrgacha taqdim etishi lozim.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni (71) 212-6037, 212-6091 telefon raqamlari orqali olishingiz mumkin