Markaziy bank tomonidan poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “TBC bank” ATB, tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida, shuningdek, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va ilg‘or IT-kompaniyalar ishtirokida “Kibertahdidlar va firibgarlikka qarshi kurashish: banklar va to‘lov tizimlaridagi yangi strategiyalar va tendensiyalar” mavzusida seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir dunyo miqyosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bir paytda bank va to‘lov tizimlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida yangi dasturiy va texnik yechimlarni joriy qilish, bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik holatlarining oldini olish uchun antifrod tizimlarini yo‘lga qo‘yish hamda mobil ilovalar xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, hozirgi kunda raqamli texnologiyalar vositasida sodir etilayotgan firibgarlik usullari, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan soxta xabarlar hamda messenjerlar orqali tarqatilayotgan zararli dasturlar xavfi to‘g‘risida soha mutaxassislari tomonidan ma’lumotlar berildi.
Xususan, Markaziy bank “CERT-CBU” kiberxavfsizlik markazi, Ichki ishlar vazirligi, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK hamda tijorat banklari va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi xalqaro kompaniyalar mas’ullari tomonidan zamonaviy kibertahdidlarga qarshi kurashish, internet tarmog‘iga sizib chiqqan konfidensial ma’lumotlarni aniqlash, shuningdek, fuqarolarning bank kartalaridagi pul mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirilishining oldini olish choralari tushuntirildi.
Seminar yakunida soha mutaxassislari hamkorlikni yanada kengaytirish, kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish hamda firibgarliklarning oldini olishda zamonaviy tizimlarni joriy etish va o‘zaro tajriba almashishga kelishib oldilar.
“Kibertahdidlar va firibgarlikka qarshi kurashish: banklar va to‘lov tizimlaridagi yangi strategiyalar va tendensiyalar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Yangilangan sana: 27 Sen 2024, 10:02