Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Markaziy bank Raisi M.B. Nurmuratovning 2023-yil 27-iyuldagi Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishi natijalari yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanidagi MAʼRUZASI

Yangilangan sana: 19 Iyun 2025, 14:20
27 Iyul 2023

Bugun Markaziy bank boshqaruvining tayanch yigʻilishida joriy va kutilayotgan makroiqtisodiy sharoitlar, pul-kredit sohasidagi vaziyat batafsil koʻrib chiqildi va makroiqtisodiy prognozlar yangilandi.

Muhokamalardan kelib chiqib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish maqsadga muvofiq deb topildi.

Ushbu qarorga kelinishi bir qator omillar bilan izohlanadi:

Birinchidan, inflyatsiya darajasi pasayotgan boʻlsa-da, fundamental talab omillarining bosimlari saqlanib qolmoqda.

Joriy yil ikkinchi choragida umumiy inflyatsiya dinamikasi sekinlashishda davom etib, iyun oyi yakunida 9 foizgacha pasaydi va bu holatni:

qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy omillar,

oʻtgan yilgi yuqori baza effekti taʼsirlarini chiqib ketishi,

import narxlari barqaror saqlanganligi;

yil boshidan shakllanayotgan monetar sharoitlar hamda

tartibga solinadigan narxlarning oʻzgarishsiz qolganligi bilan izohlash mumkin.

Ayni paytda, xizmatlarga boʻlgan yuqori talabning saqlanib qolayotganligi va ushbu sohada narxlar moslashuvining davom etayotganligi hisobiga oʻtgan 6 oy davomida xizmatlar inflyatsiyasida sezilarli pasayish kuzatilmadi, (8,4 foizdan 8,0 foizga) 0,4 foiz bandga pasaydi.

Bazaviy inflyatsiya ham kutilganidan koʻra sekinroq pasayib, iyun oyida 11,3 foizni tashkil etdi.

Natijada, bazaviy inflyatsiya va umumiy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut saqlanib qolmoqda.

Yana bir muhim koʻrsatkich, oʻrtacha yillik inflyatsiya ham joriy inflyatsiyadan yuqori darajada 11,7 foiz doirasida shakllangan.

Mazkur holatlar isteʼmol bozorlaridagi talab va taklifning toʻliq muvozanatlashmaganligi,  isteʼmol savatida narxlari 10 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining yuqoriligida  ham namoyon boʻlmoqda.

Ikkinchidan, yalpi talab va inflyatsion kutilmalarni narxlarga oshiruvchi taʼsiri saqlanib qolmoqda.    

Iqtisodiyotda mehnat haqlarining real hisobda keng qamrovli oʻsishi kuzatildi (2023-yil I yarmida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,5 foiz). Aholi daromadlarining koʻpayishi uy-joy, mebel, avtomobil, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va xizmatlar sohasiga boʻlgan talabni oshirmoqda.

Aholining real daromadlarining oʻsishini barcha sohalarda kuzatilayotganligi, bir tomondan, ish haqi xarajatlari orqali ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish tannarx xarajatlarini oshishiga olib kelsa, ikkinchi tomondan, isteʼmol talabini ragʻbatlantiruvchi asosiy drayverlardan boʻlmoqda.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari ham hamon inflyatsiya darajasidan yuqori shakllanmoqda va iyun oyida 13-13,5 foizni tashkil qildi. Aholining valyuta kursi oʻzgarishi, ish haqi va nafaqalar oshishining narxlarga taʼsirini koʻchayishi borasidagi kutilmalari ortgan.

Isteʼmol talabini oshishiga chakana kreditlarning sezilarli darajada oʻsish dinamikasi ham taʼsir koʻrsatmoqda.

Joriy yilning 6 oyida banklar tomonidan 116 trln soʻmlik, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga koʻp kreditlar ajratilgan. Ushbu oʻsishni asosan aholiga ajratilayotgan chakana kreditlar qoʻllab-quvvatlamoqda. Iyun oyi yakunlari boʻyicha aholiga ajratilgan kreditlar (46 trln soʻm) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga oʻsdi. Bunda, aholining avtokreditlar, mikroqarz, mikrokredit hamda ipoteka kreditlariga talabi yuqori boʻldi.

Ushbu holat, uy-xoʻjaliklari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlarda ham qayd etildi. Respondentlarning aksariyati kelgusida uy-joymebellarmaishiy texnika hamda avtomobillar xaridi uchun kreditlar olishini va xarajatlari koʻpayishini maʼlum qilgan.

Chakana kreditlarga boʻlgan talabning ortib borishiga aholining kelgusidagi daromadlari oʻsishi boʻyicha ishonchlarining oshayotganligi asosiy sabablardan boʻlmoqda.

Ajratilayotgan kreditlar asosan, isteʼmolni qoʻllab-quvvatlovchi xususiyatga ega ekanligi kelgusida talab inflyatsiyasining uzoqroq muddat saqlanib qolishi boʻyicha signallar bermoqda.

Ushbu segmentda “iqtisodiy qizish”ni oldini olish uchun makroprudensial talablar kuchaytirildi va chakana kreditlarning yillik oʻsish surʼatlari iyun oyida oʻtgan oylardagi koʻrsatkichlarga nisbatan biroz sekinlashdi.

Ayni paytda korporativ sektorga ajratilgan kredit hajmi 2023-yilning dastlabki 6 oyida (70 trln soʻm) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oʻsgan boʻlsa, banklar kredit portfelidagi qoldigʻining yillik oʻsishi nominal YAIM oʻsishiga mos keladi.

Bundan tashqari, kreditlar qoldigʻining sekin oʻsayotganligi ushbu davrda qaytuvchanlik darajasining yaxshilangani bilan ham izohlanadi (82 foizdan 90 foizga).

Joriy yilning I yarmida fiskal xarajatlarning kutilganidan koʻproq boʻlishi ham yuqori talabni qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻlmoqda.

Oʻtgan yillardagi ragʻbatlantiruvchi fiskal siyosatning taʼsirlari davom etayotgan bir sharoitda joriy yilda ham xarajatlarning kutilganidan koʻproq boʻlishi iqtisodiyotda yalpi isteʼmol talabini ragʻbatlantiruvchi asosiy drayverlardan boʻlib, 2023-yil yakuniga qadar inflyatsiyani prognoz koʻrsatkichlarining yuqori chegaralarida shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Umuman olganda, isteʼmol bozorlarida taklif omillarining barqarorlashishiga qaramasdan iqtisodiyotda shakllanayotgan inflyatsion vaziyat asosan yuqori talab evaziga hosil boʻlayotganligi borasida xulosa qilish mumkin.

Uchinchidan, ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarlardagi ijobiy tendensiyalar taʼsirida iqtisodiy faollik saqlanib qolmoqda.   

Iqtisodiy oʻsish surʼatlari joriy yil birinchi yarim yilligida 5,6 foizni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davridan yuqori darajada shakllandi.

Birinchi chorakdagi ayrim pasayishlardan keyin iqtisodiy faollikning jadallashuvi savdo va pullik xizmatlardan tushumlar (+24,4 foizga), koʻchmas mulk bozorida uy-joy oldi-sotdi bitimlar soni (+5,3 foizga), banklararo tranzaksiyalar hajmi (+38 foizga), chakana savdo aylanmasi hajmlari (+6,9 foizga) oʻzgarishlarida ham oʻz aksini topdi.

I yarim yillikda isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,0 foizga oshdi.

Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish fizik hajmida soʻnggi 5 yillikdagi eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi kuzatilib, 6,4 foizni tashkil qildi.

Shu bilan birga, yuqori investitsion faollik saqlangan holda asosiy kapitalga investitsiyalar 7,9 foizga, shu jumladan, markazlashmagan investitsiyalar hajmi 8,7 foizga koʻpaydi.

Import dinamikasida ham yuqori oʻsish surʼatlari kuzatilib (oʻtgan yilning mos dariga nisbatan 17 foizlik oʻsish)bu bir tomondan, ichki iqtisodiy faollikni oshayotganligini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, import va investitsiya maqsadlari uchun valyuta mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojni oshiradi.

Transchegaraviy pul oʻtkazmalar hajmi oʻzining fundamental trendi doirasida oʻsib bormoqda. Yil boshidan 5,2 mlrd dollarlik oʻtkazmalar kelib tushdi.  

Global iqtisodiy vaziyat borasida toʻxtalib, jahonda iqtisodiy faollik kutilganidan koʻra tezroq oshishiga qaramasdan uning kelgusi rivojlanish trayektoriyasi boʻyicha noaniqliklar yuqoriligicha qolayotganligini qayd etish lozim.

Aksariyat davlatlarda umumiy va bazaviy inflyatsiya yil oxirigacha yuqori darajalarda saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

Ayrim asosiy hamkorlarimiz boʻlgan davlatlar milliy valyuta kurslariga boʻlayotgan bosimni saqlanib qolayotganligi ham, oʻz navbatida, milliy iqtisodiyotga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Xulosa sifatida shuni qayd etish lozimki, fiskal yumshatishlar va isteʼmol talabi yuqori darajalarda saqlanib qolayotgan davrda, bazaviy inflyatsiyani barqaror pasayishini taʼminlash uchun pul-kredit sharoitlarini “nisbatan qatʼiy” saqlab turilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu sababli, pul-kredit siyosatida asosiy eʼtibor, pul bozoridagi oʻrtacha tortilgan foiz stavkalarining asosiy stavkaga yaqinlashtirish orqali ijobiy real foiz stavkalarni taʼminlashga qaratilmoqda.

Iyun oyida pul bozoridagi operatsiyalar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 13,9 foiz doirasida shakllandi.

Real foiz stavkasi esa 4,3 foiz bandni tashkil etib, “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlari taʼminlandi.

Iyun oyida kredit va depozit bozorlarida oʻrtacha foiz stavkalar (22,6 foiz va 19,8 foiz) oʻtgan oylardagi koʻrsatkichlarga nisbatan oʻzgarishlarsiz shakllandi.

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmining oʻsish dinamikasi saqlanib, yil boshidan 1,2 barobarga oshdi (7,3 trln soʻm).

Ushbu tendensiya depozitlarning dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qilib, depozitlar dollarlashuvi yil boshidan 5,5 foiz bandga pasayib, 28,7 foizni tashkil qildi.

Ayni paytda kreditlar boʻyicha dollarlashuv darajasi 2 foiz bandga pasayib, 44 foizni tashkil qildi.

Makroiqtisodiy prognozlar

Yangilangan prognozlarga koʻra, tashqi iqtisodiy sharoitlarga iqtisodiyotning moslashuvini davom etayotganligi va ayrim noaniqliklarni saqlanib qolayotganligini sababli 2023-yil yakunlari boʻyicha real YAIM oʻsishi 5,0-6,0 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.

Bunda, aholi daromadlari oshishi, fiskal ragʻbatlar, investitsiya va xizmatlar sohasidagi faollikning yuqoriligi iqtisodiy oʻsishni asosiy qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻladi.

Joriy yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanishi, 8,5-9,5 foiz atrofida boʻlishi borasidagi prognozlar oʻzgarishsiz qoldirildi.

Yuqorida qayd etganimizdek, ichki iqtisodiy faollik ortayotgan davrda bazaviy inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanib qolishi iqtisodiyotda narxlarni oshiruvchi fundamental talab omillari ustunligini bildirib, pul-kredit sharoitlarining joriy tendensiyasini uzoqroq  muddat saqlashni talab qilmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda global iqlim sharoitlarining tobora keskinlashib borayotganli, yuqori talab dinamikasi sharoitida narxlarga qoʻshimcha bosim yaratishi mumkin.

Kelgusi davrlarda bazaviy inflyatsiya prognozi va inflyatsion kutilmalarning ishonchli pasayish trayektoriyasiga oʻtishi, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini kuchaytiradi.

 


USD = 12676.11
-18.86
EUR = 14975.56
+97.06
RUB = 161.56
-0.04
GBP = 17462.61
+76.85
JPY = 88.68
+0.68
CHF = 16082.35
+163.89
CNY = 1769.91
-2.09
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X