Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Markaziy bank Raisi T.A. Ishmetovning 2025 yil 23 yanvardagi Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishi natijalari yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanidagi MA’RUZASI

Yangilangan sana: 30 Yan 2025, 10:40
23 Yan 2025

Hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

Bugun Markaziy bank boshqaruvining tayanch yig‘ilishida joriy va kutilayotgan ichki hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar, shuningdek, ular asosida yangilangan makroiqtisodiy prognozlar batafsil ko‘rib chiqildi.

Muhokamalardan kelib chiqib, asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Ushbu qarorimiz quyidagilar bilan izohlanadi.

Birinchidan, 2025 yil davomida inflyatsiya darajasining pasayuvchi dinamikasi kutilayotgani bilan bir qatorda narxlarga oshiruvchi ta’sirga ega xatarlar xam saqlanib qolmoqda.

Umumiy inflyatsiya 2024 yil yakunida 9,8 foizni tashkil etdi.

Iste’mol savatining asosiy komponentlari kesimida 2024 yilda oziq-ovqat tovarlari (jumladan, meva va sabzavotlar) inflyatsiyasi asosiy pasaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ldi va yillik 2,4 foizni tashkil etdi. Nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasi esa 2023 yil darajasida shakllanib, 7,7 foizga teng bo‘ldi. Xizmatlar inflyatsiyasi energiya tariflari erkinlashtirilishi hisobiga 26,7 foizgacha oshdi.

Umuman olganda 2024 yilda iste’mol savatining deyarli to‘rtdan uch qismining narxlari oshishi 2023 yildagi darajasidan past bo‘ldi. Bu narxlar barqarorligi keng qamrovli tus olayotganini bildiradi.

Yil yakunidagi inflyatsiya darajasi avvalgi prognozdan biroz yuqori shakllangani energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi ta’sirlari va ayrim mahsulotlar (go‘sht, kartoshka, o‘simlik yog‘i) taklifi bilan bog‘liq omillar hisobiga ikkinchi yarim yillikda inflyatsiya darajasi kutilganidan ko‘ra sekinroq pasayishi bilan izohlanadi.

Qayd etish lozim, kommunal xizmatlarni hisobga olmaganda ham xizmatlar guruhi inflyatsiyasi umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori shakllanmoqda.

Iste’mol savatidagi mavsumiy meva va sabzavotlar hamda tartibga solinadigan tovar va xizmatlar narxlarini hisobga olmagan holda hisoblangan bazaviy inflyatsiya darajasi 2024 yil yakuni bilan 7,2 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich, 2024 yilning birinchi yarmidagi pasayishdan so‘ng, avgustdan deyarli o‘zgarishsiz 7 foiz atrofida saqlanib qolmoqda.

Xizmatlar inflyatsiyasi yuqori shakllanayotgani va bazaviy inflyatsiya pasayuvchi dinamikaga qaytmagani iqtisodiyotda talab omillari hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Inflyatsiya darajasining barqaror pasayishini ta’minlashda Markaziy bank uchun bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayish fazasiga o‘tishi muhim hisoblanadi.

Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning saqlanib qolayotgani yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to‘liq moslasha olmayotganligi bilan ham izohlanadi.

Prognozlarimizga ko‘ra, 2026 yil oxirida 5 foizlik – inflyatsion targetga erishishimiz va inflyatsiyaning barqaror pasayishi uchun narxlarga bosim yaratayotgan talab omillari bilan bir qatorda taklif omillarini ham jilovlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, ayrim oziq-ovqat tovarlari jahon narxlari oshishi bo‘yicha kutilmalar ma’lum bir muddat ichki narxlarga ta’sir etishi mumkin. Ushbu ta’sirlarni yumshatish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

So‘nggi oylarda mavsumiy taklif omillari ta’sirida aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarida o‘sish qayd etildi. Xususan, dekabr oyi yakunlari bo‘yicha aholi kutilmalari 14,4 foizni, tadbirkorlar kutilmalari esa 13,9 foizni tashkil etdi.

So‘rov ishtirokchilari kutilmalari oshishiga energiya narxlarikommunal to‘lovlar va almashuv kursi o‘zgarishlari ta’sir etganini bildirgan. Bu, o‘z navbatida, kelgusi choraklarda bazaviy inflyatsiyaga ma’lum darajada ta’sir etishi mumkin.

Ushbu omillarni hisobga olib, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarimizga ko‘ra, 2025 yilda umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Ikkinchidan, iqtisodiyotda yuqori iste’mol va investitsion faollik saqlanib qolishi kutilmoqda.

2024 yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,5 foizni tashkil qildi. Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi yuqori sur’atlarda o‘sishi davom etmoqda. Bu o‘z navbatida kelgusida ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifining ortishiga yordam beradi.

Shuningdek, 2024 yil yakunlari bo‘yicha:

Iqtisodiyotga ajratilgan jami kreditlar 2023 yilga nisbatan 14,3 foizga oshib, 287 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada iqtisodiyotdagi jami kredit qo‘yilmalari qoldig‘i 566 trln so‘mga yetdi. Bunda milliy valyutadagi kreditlar qoldig‘i 19 foizga oshdi;

2024 yilda banklararo tranzaksiyalar soni o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga, savdo va pullik xizmatlardan tushumlar esa 29 foizga oshdi;

transchegaraviy pul o‘tkazmalari kanali orqali mamlakatimizga 2023 yilga nisbatan 30 foizga ko‘p, 14,8 mlrd dollarlik mablag‘lar kirib keldi.

Joriy yilda ham pul o‘tkazmalari fundamental trendi doirasida o‘sib borishi va aholi daromadlari o‘sishiga ijobiy hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi aholi real daromadlari 8,1 foizga oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirga ega bo‘lib, bazaviy inflyatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.

Makroiqtisodiy prognozlarga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘lib yuqori iqtisodiy faollikning davom etishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshib borishi xizmat qiladi.

Uchinchidan, qat’iy tashqi moliyaviy sharoitlar yumshatib borilishi kutilmoqda. Real samarali almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kutilmayapti.

Xalqaro moliya tashkilotlari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda global iqtisodiy o‘sish biroz jonlanib 2,7-3,3 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Qat’iy moliyaviy sharoitlar va mehnat bozorlarining muvozanatlashishi ta’sirida global inflyatsiyaning pasayuvchi tendensiyasi 2025 yilda ham davom etishi (4,2 foiz) kutilmoqda.

Yetakchi markaziy banklar inflyatsiya darajasi pasayib borishi bilan pul-kredit sharoitlarini yumshatish fazasini ehtiyotkorona davom ettirmoqda.

Bu, o‘z navbatida, kelgusi yillardan tashqi moliyaviy resurslar narxining pasayishiga hamda jalb etish imkoniyatlarining ortishiga xizmat qilish ehtimoli yuqori.

2024 yil yakunlari bo‘yicha transchegaraviy pul o‘tkazmalari va eksportning barqaror o‘sishi hamda importning mo‘tadillashishi natijasida joriy operatsiyalar hisobi saldosi yaxshilandi.

Xususan, 2024 yilda umumiy eksport hajmi 8,4 foizga, oltinsiz eksport esa 16,5 foizga oshdi.

Ushbu omillar, o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida talab va taklif muvozanatlashuviga yordam berib, so‘m almashuv kursining barqaror shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi va 2024 yilda milliy valyutaning yillik devalvatsiyasi 4,7 foizni tashkil etdi.

Savdo-hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi kutilmoqda.

2024 yil so‘nggi oylaridagi real samarali almashuv kursining ma’lum darajada mustahkamlanishi qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lib, asosan savdo hamkorlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda bizda inflyatsiya darajasining savdo hamkorlarga nisbatan yuqoriligi ta’sirida shakllandi.

Joriy yilning ikkinchi yarmida bizdagi inflyatsiya darajasining pasayib borishi bilan real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi darajasiga qaytishi kutilmoqda.

To‘rtinchidan, pul bozoridagi sharoitlar nisbatan qat’iy fazada shakllanib, milliy jamg‘armalar oshib borishiga xizmat qilmoqda.

Pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasi 2024 yil davomida asosiy stavka foiz koridori doirasida shakllandi.

Iqtisodiyotdagi real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga moyilligini oshirishga yordam bermoqda.

Aholining banklardagi jami depozitlari 2023 yildagi 79 trln so‘mdan 2024 yilda 113,5 trln so‘mgacha yoki 43 foizga oshdi.

Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarini joriy yil davomida ham to‘liq foiz koridori doirasida va asosiy stavkaga yaqin darajada shakllantirish borasida barcha choralar ko‘rib boriladi.

Bank depozitlari hajmining yuqori o‘sish sur’atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda.

Umuman olganda, depozitlarning ortishi birinchi navbatda, barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga, investitsion va ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirishga xizmat qiladi.  

Pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasi saqlab qolinishi natijasida kelgusida ham kreditlash hajmining o‘sishi mo‘tadil bo‘lishi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishi yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiruvchi xususiyatga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 13,5 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayib borishi uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iy shakllanishini ta’minlab boradi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. 

 



USD = 12904.51
-33.42
EUR = 14575.64
-89.5
RUB = 161.99
+0.89
GBP = 17295.91
-53.85
JPY = 89.94
+0.08
CHF = 15609.66
-82.19
CNY = 1790.70
-4.84
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X