Markaziy bank Raisi M.B. Nurmuratovning 2024-yil
25-yanvardagi Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishi natijalari yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanidagi
MAʼRUZASI
Bugun Markaziy bank boshqaruvining tayanch yigʻilishida joriy va kutilayotgan ichki hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar hamda ular asosida yangilangan makroiqtisodiy prognozlar batafsil koʻrib chiqildi.
Muhokamalardan kelib chiqib, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildik. Ushbu qarorimiz quyidagilar bilan izohlanadi.
Birinchidan, yil davomida inflyatsiya darajasining joriy koʻrsatkichlar doirasida shakllanishi boʻyicha kutilmalarimiz kuchaymoqda.
Inflyatsiya dinamikasi 2023-yil boshiga nisbatan pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi, iqtisodiyotda joriy inflyatsion bosimlarni koʻrsatuvchi oylik koʻrsatkichlar mavsumiy omillar taʼsiriga qaramasdan yilning soʻnggi 3-4 oylarida oʻzgarishsiz shakllandi.
Ayni paytda, isteʼmol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi (yillik 8 foizdan 8,7 foizgacha).
Xizmatlar inflyatsiyasining tezlashishi, kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolishi boʻyicha ehtimollarni kuchaytirmoqda.
Umuman olganda, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarni yuzaga kelishi va saqlanib qolayotganligi, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining toʻliq moslasha olmayotganligi bilan izohlanadi.
Bazaviy inflyatsiya darajasi 2023-yil yakuni bilan 8,5 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaga hissasi 6,5 foiz bandgacha qisqardi.
2025-yil oxirida 5 foizlik – inflyatsion targetga erishishimiz va inflyatsiyaning barqaror pasayishi uchun tovar va xizmatlar guruhining barcha komponentlarida oʻsish surʼatlari sekinlashishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda, isteʼmol savatida narxlari 5 foizdan yuqori oshgan tovarlar va xizmatlar ulushi 82,5 foiz hamda vazni boʻyicha ulushi esa 75,2 foiz darajasida qolmoqda.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari dinamikasi inflyatsiya darajasidan yuqori shakllanmoqda. Xususan, dekabr oyi yakunlari boʻyicha aholi kutilmalari 13,6 foizni va tadbirkorlar boʻyicha esa oktyabr oyidagi toʻgʻrilanishlar taʼsirida
13,7 foizni tashkil etib, oʻtgan soʻrovga nisbatan biroz oshdi.
Ushbu omillarni hisobga olib, yangilangan makroiqtisodiy prognozlarimizga koʻra, asosiy ssenariy boʻyicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya 8-9 foiz, bazaviy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashning ichki omillari, yaʼni tarkibiy islohotlar surʼatlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati taʼsirchanligiga bogʻliq boʻladi.
Ayni paytda, ayrim tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi, aksiz va qoʻshilgan qiymat soligʻi hamda isteʼmol tovarlari importi boʻyicha kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlar narxlarga maʼlum bir taʼsiri keyingi oy va choraklarda namoyon boʻla boshlaydi.
Shu sababli, bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Masʼul vazirlik va idoralar bilan
birgalikda narxlar barqarorligini taʼminlash va bir martalik toʻgʻrilanishlarning inflyatsiyaga taʼsirini minimallashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Bunda asosiy eʼtibor, isteʼmol bozorlarida eng muhim mahsulotlar taklifini koʻpaytirishga qaratiladi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotda yuqori isteʼmol va investitsion faollikning bardavom boʻlishi prognoz qilinmoqda.
2023-yil yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish surʼatlari 6 foizni tashkil qildi. Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi yuqori surʼatlarda oʻsishi davom etmoqda va bu kelgusida yalpi taklif omillarni kuchaytirishga zamin boʻladi.
2023-yilda asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi 352 trln soʻmga yetib, 2022-yilga nisbatan 22 foizga oʻsdi. Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi – 7,2 mlrd dollarni tashkil etib, qariyb 2 barobarga oshdi.
Tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar oʻsishi va fiskal ragʻbatlantirishlarning yuqori boʻlganligi hamda pul oʻtkazmalari 2023-yilda iqtisodiy faollikni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻldi.
Xususan, 2023-yil yakunlari boʻyicha:
iqtisodiyotga 2022-yilga nisbatan 24 foizga koʻp kreditlar yoʻnaltirildi.
umumiy fiskal defitsit yalpi ichki mahsulotga nisbatan
5,5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
transchegaraviy pul oʻtkazmalari kanali orqali mamlakatimizga – 11,4 mlrd dollarlik mablagʻlar kirib keldi.
Xorijiy pul oʻtkazmalari 2022-yilga nisbatan 33 foizga qisqargan boʻlsa-da, oʻzining uzoq muddatli trendi doirasida shakllangan. Joriy yilda ham pul oʻtkazmalari fundamental trendi doirasida oʻsib borishi va aholi daromadlari oʻsishiga ijobiy hissa qoʻshishi kutilmoqda.
Aholining real daromadlarini 2023-yilda 4,6 foizga oʻsishiga erishildi. Real daromadlarning ijobiy dinamikasi yalpi talabni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy drayverlaridan boʻlib qolmoqda.
Bu oʻz navbatida, bank tizimiga qoʻshimcha mablagʻlarni kirib kelishiga va aholining depozitlar dinamikasini oʻsuvchi surʼatlarini oshib borishiga ham zamin yaratadi.
Makroiqtisodiy kutilmalarga koʻra, 2024-yil yakunlari boʻyicha yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 5,5-6 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Iqtisodiy oʻsishning asosiy omillari sifatida isteʼmol talabi oʻzgarishining yuqori surʼatlarda boʻlishi, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining koʻpayib borishi prognoz qilinmoqda.
Shuningdek, joriy yilda ham bank kreditlarining ijobiy oʻsish dinamikasi saqlanib qolishi va bu koʻrsatkichning YAIM nominal oʻsishi doirasida shakllanishi kutilmoqda.
Koʻrilayotgan makroprudensial choralar chakana kreditlashning ayrim segmentlarida (taʼminlanmagan kreditlar) oʻsish surʼatini biroz sekinlashtirishi mumkin.
Ajratilayotgan kreditlar asosan, isteʼmolni qoʻllab-quvvatlovchi xususiyatga ega ekanligi kelgusida talab inflyatsiyasining uzoqroq muddat saqlanib qolishi boʻyicha signallarni kuchaytirmoqda.
Taʼkidlash joizki, avtokredit va mikroqarz boʻyicha tendensiyalardagi xatarlar hali toʻliq bartaraf etilgani yoʻq. Ushbu segmentdagi xatarlar konsentratsiyalashuvini oldini olish maqsadida makroprudensial choralarni kuchaytirib boramiz.
Bu choralar, oʻz navbatida, boshqa segmentlarda ham foiz stavkalarining pasayishiga xizmat qiladi.
Uchinchidan, qatʼiy tashqi moliyaviy sharoitlarning saqlanib qolishi kutilmoqda. Real samarali almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kutilmayapti.
Xalqaro moliya tashkilotlari hisob-kitoblariga koʻra, moliyaviy sharoitlar va jahon savdosining sustlashishi natijasida 2024-yilda global iqtisodiy oʻsish 2,3-2,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Qatʼiy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va xomashyo tovarlari narxlarining pasayuvchi dinamikasi taʼsirida global inflyatsiya 2024-yilda ham sekishlashishda davom etishi kutilmoqda.
Yetakchi markaziy banklar tomonidan 2024-yilning ikkinchi yarmidan boshlab pul-kredit sharoitlarini yumshatish fazasiga oʻtilishi kelgusi yillardan tashqi moliyaviy resurslar narxining pasayishiga hamda jalb etish imkoniyatlarining ortishiga xizmat qilish ehtimoli yuqori.
Import dinamikasida ham yuqori oʻsish surʼatlari saqlanib qolmoqda. Bu bir tomondan, ichki iqtisodiy faollikni oshib borayotganligi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, import va investitsiya maqsadlari uchun valyuta mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojni oshiradi.
2023-yilda eksport va import dinamikasi taʼsirida soʻm almashuv kursi devalvatsiyasi yil yakunlari boʻyicha 9,8 foizni tashkil etdi.
Kursning aksariyat devalvatsion davri yilning ikkinchi yarmiga toʻgʻri kelib, savdo hamkorlar valyuta kurslaridagi oʻzgarishlar va tashqi savdo balansidagi shakllangan holat almashuv kursiga maʼlum darajada bosimni kuchaytirdi va devalvatsiya surʼatlarini tezlashtiridi.
Savdo-hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda soʻmning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi kutilmoqda.
Toʻrtinchidan, pul bozoridagi sharoitlar nisbatan qatʼiy fazada shakllanib, depozitlar boʻyicha ijobiy real foiz stavkalari oʻsib bormoqda.
Pul bozoridagi foiz stavkalari dinamikasi 2023-yil davomida asosiy stavka foiz koridori doirasida shakllanib, real foiz stavkalari 4 foiz atrofida boʻldi.
Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profitsitning qisqarib borishi bilan bir qatorda, pul bozorida operatsiyalar faollashuvi kuzatilmoqda.
Pul bozoridagi qisqat muddatli foiz stavkalarini joriy yil davomida ham toʻliq foiz koridori doirasida va asosiy stavkaga yaqin darajada shakllantirish borasida barcha choralar koʻrib boriladi.
Xususan, joriy yildan boshlab, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini rivojlantirish maqsadida bir qator oʻzgartirishlar kiritildi. Banklarga kun davomida likvidlik taqdim etishni nazarda tutuvchi “kunlik kredit instrumenti” joriy qilinadi. Banklararo pul bozoridagi operatsiyalar davomiyligi uzaytiriladi.
Shuningdek, joriy yilda yangi moliyaviy institut, mikromoliya banklari tashkil etishning huquqiy asoslari yaratiladi, mikromoliya xizmatlari qamrovini kengaytirish va moliyaviy ommoboplikni oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Milliy valyutadagi depozitlar boʻyicha yuqori real foiz (7 foiz atrofida) stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining yuqori oʻsish surʼatlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda.
Odatda, milliy valyuta barqarorligi borasida gapirganda, milliy valyutada jamgʻarishga va xarajat qilishga boʻlgan moyillikning soʻnggi yillarda qanchalik darajada oʻzgarganligiga ham ahamiyat beriladi.
Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Inflyatsion targetlash rejimiga oʻtish Strategiyasi”da bank tizimida aholi depozitlarini oshirish, xalqimizning mablagʻlarini omonatlarga jalb qilishni kuchaytirish ham asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida belgilab berilgan.
Birgina misol, 2019-yilni boshida aholining bank tizimidagi depozitlarining umumiy hajmi 2 mlrd dollar ekvivalentini tashkil etgan.
2023 yakunlari boʻyicha ushbu koʻrsatkich 7 mlrd dollar ekvivalentiga yetdi.
Soʻnggi 3 yildan beri milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi yiliga 1,5 barobardan oʻsib kelmoqda.
Aholimizning jamgʻarish kayfiyatini va jamgʻarishga boʻlgan moyilligini oʻrganish maqsadida 2021-yildan beri respublikamizning barcha hududlarida soʻrovlar oʻtkazib kelinmoqda.
Soʻrovlar natijalariga koʻra, aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchi ortayotganligi va jamgʻarish kayfiyati yildan-yilga yaxshilanayotganligini eʼtirof etish mumkin.
Xususan, 2021-yilda respondentlarning 40 foizi kelgusida jamgʻarmalari koʻpayishini bildirgan boʻlsa, 2023-yil yakunida ushbu koʻrsatkich 60 foizgacha oshdi.
Shuningdek, 2021-yilda aholining 47 foizi iqtisodiyot va bank tizimi istiqbollari yaxshilanishiga ishonch bildirgan boʻlsa,
2023-yilda ushbu raqam 70 foizga
yetdi.
Ushbu kayfiyatlar kelgusida bank tizimi uchun ichki resurslar bazasini yanada kengaytirish, depozitlar hajmini keskin oshirib borishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, bank tizimiga kirib kelayotgan ushbu mablagʻlar, albatta birinchi navbatda, barqaror makroiqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashga, investitsion va ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Joriy yilda ham inflyatsion targetlash rejimi doirasida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan yondashuv davom ettiriladi.
Asosiy stavka boʻyicha kelgusi qarorlarni inflyatsiyaning yangilangan prognozlari va kutilmalardan kelib chiqib qabul qilamiz va inflyatsiyaning 5 foizlik target koʻrsatkichiga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini taʼminlab boramiz.