Markaziy bankning 2023-yildagi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunda,Prezidentimizning bank tizimini isloh qilishga oid qaror va farmonlarida, hamda 2022-yilgi Markaziy bank hisoboti boʻyicha Oliy Majlis Senati qarorida narxlar, bank va toʻlov tizimi barqarorligini taʼminlash borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratildi.
2023-yilda global inflyatsiya jarayonlarida sekinlashish kuzatilgan boʻlsada, xalqaro moliya bozorida resurslar narxining qimmat saqlanib qolayotganligi iqtisodiyotimizda yuqori investitsion va ishlab chiqarish faolligining oshib borayotganligi va davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlashni davom ettirilishi sharoitida inflyatsiyani jilovlash va moliyaviy barqarorlik bilan bogʻliq xatarlarni kamaytirishga qaratilgan oʻzaro muvofiqlashgan pul-kredit va makroprudensial siyosat yuritildi.
Ushbu maqsadda 2023-yilda “nisbatan qatʼiy” pul-kredit sharoitlari saqlab qolindi.
2023-yilning I choragidan boshlab inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasiga oʻtganligi asosiy stavkani 15 foizdan 14 foizga (2023-yil mart oyida) pasaytirish imkonini berdi.
Eng asosiysi, pul-kredit sohasidagi choralar yuqori ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolinishini taʼminlab, depozit bozorining chakana segmentida faollikni oshirdi.
Xususan, tijorat banklaridagi milliy valyutadagi depozitlar qoldigʻi 2022-yilga nisbatan 1,3 barobarga oshib, qariyb 170 trln soʻmni tashkil etdi.
Jismoniy shaxslarning depozitlari qoldigʻi 1,4 barobarga oʻsib, 64 trln soʻmga, yuridik shaxslarning depozitlari qoldigʻi 1,2 barobardan koʻproq oshib, qariyb 106 trln soʻmga yetdi.
Inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini kamaytirish maqsadida qisqa muddatli pul-kredit siyosati instrumentlaridan faol foydalanildi.
Markaziy bankning likvidlikni tartibga solish operatsiyalari bank tizimdagi umumiy likvidlik holatidan kelib chiqqan holda amalga oshirib borildi.
Xususan, Markaziy bank tomonidan 2023-yilning II yarim yilligida tijorat banklariga kunlik oʻrtacha 1,7 trln soʻmlik likvidlik taqdim etib borildi.
Mazkur davrda Markaziy bankning likvidlikni jalb qilish operatsiyalariga boʻlgan talab nisbatan muvozanatlashib, I yarim yillik bilan taqqoslanganda 1,9 barobarga kamaydi va kunlik oʻrtacha 2 trln soʻmni tashkil etdi.
Isteʼmol tovarlari narxlari oʻzgarishini tezkor kuzatib borish maqsadida hududlardagi markaziy bozorlarda asosiy turdagi 20 xil isteʼmol tovarlari narxining haftalik monitoringi, yirik supermarketlar veb sahifalari va internet doʻkonlaridagi tovarlar narxlarini onlayn kuzatish (NOK) tizimi orqali 1 000 ga yaqin narxlarni tezkor kuzatib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Narxlar kuzatuvi boʻyicha olingan maʼlumotlar asosida tegishli takliflar muntazam ravishda hukumatga taqdim etib borilmoqda.
Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasini yuqori surʼatlarda oʻsishini pasaytirib, 2023-yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 8,8 foiz atrofida shakllandi.
Bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichi 2023-yil davomida
5,3 foiz bandga pasayib 8,5 foizni tashkil etdi.
Bazaviy inflyatsiyaning pasayishiga bir tomondan, oʻtgan yilgi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha yuqori narx effektining chiqib ketishi, ikkinchi tomondan, tashqi inflyatsion bosimlarning pasayishi va nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari taʼminlangani ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Isteʼmol narxlari indeksining oʻzgaruvchanligi yuqori boʻlgan sharoitda bazaviy inflyatsiyani past va barqaror darajada jilovlash umumiy inflyatsiyani target darajasida boʻlishiga xizmat qiladi.
2023-yilda ichki valyuta bozoridagi holat borasida shuni qayd etish lozimki, yuqori iqtisodiy faollik fonida chet el valyutasiga boʻlgan talabning taklif hajmidan sezilarli darajada ortishi sharoitida shakllandi.
Xususan, ichki valyuta bozorida 2022-yilga nisbatan 1,2 barobarga koʻp, 33,4 mlrd AQSH dollari sotildi. Coʻm almashuv kursining devalvatsiyasi 9,8 foizni tashkil etdi.
Soʻnggi yillarda kuzatilayotgan global moliyaviy barqarorlik bilan bogʻliq xatarlar, mamlakatimiz bank tizimi barqarorligini taʼminlashda nazorat mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Ushbu maqsadda banklarning tavakkalchiliklarini boshqarish tizimiga doir qoʻshimcha talablar Bazel qoʻmitasining tavsiyalari asosida takomillashtirilmoqda.
Xususan, kredit, likvidlilik, operatsion va bozor tavakkalchiliklarini boshqarish hamda muammoli aktivlarni aniqlash va ular bilan ishlash boʻyicha talablar kuchaytirilmoqda.
Kapital monandligini hisoblash metodologiyasi Bazel qoʻmitasi standartlariga muvofiqlashtirish ishlari 2023-yilda ham davom ettirildi. Bunda,
– birlashmagan nomoliyaviy faoliyat bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kapitaliga kiritilgan investitsiyalar tavakkalchilik darajasi 200 foiz etib;
– banklarning regulyativ kapitali tarkibidagi
I va II darajali kapitallar ulushlarini teng miqdorda
taqsimlash (eski talab boʻyicha II darajali kapital ulushi 25 foizdan oshmasligi belgilangan);
– subordinar qarz mablagʻlarini I darajali kapitalning 100 foizidan oshmagan miqdorda hisobga olinishi belgilandi.
Bundan tashqari, doimiy daromadga hamda kamida 6 oy davomida bank hisobvaragʻida mablagʻlar aylanmasiga ega boʻlgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilgan mikromoliyaviy xizmatlar uchun tavakkalchilik darajasi 100 foizdan 75 foizgacha pasaytirildi.
Shuningdek, tizimli ahamiyatga molik banklarni aniqlash uslubiyotini sinovdan oʻtkazish yakunlandi.
Keyingi bosqichda esa, tizimli ahamiyatga molik deb eʼtirof etilgan banklarga nisbatan qonunchilikka muvofiq prudensial normativlarga qoʻshimcha ustamalar belgilash masalalarini koʻrib chiqiladi.
Kredit tashkilotlari tomonidan qarz yukini hisoblash tartibini yanada takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha toʻlov miqdori va stavkasini hisoblashda foiz toʻlovlaridan tashqari toʻlanadigan boshqa toʻlovlarni ham hisobga olish amaliyoti joriy etildi.
Banklar aktivlarini diversifikatsiya qilish hamda aholining qarz yuki oshishini oldini olish maqsadida makroprudensial choralar kuchaytirib borilmoqda.
Xususan, avtokreditlar konsentratsiyasi bilan bogʻliq risklarni oldini olish maqsadida avtokreditlarning tavakkalchilik darajasini ularning garov summasiga koʻra belgilash amaliyoti joriy etildi.
Banklarda risk-menedjment va kredit sifatini baholash borasida vertikal nazorat tizimi yaratildi.
Yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda loyiha tashabbuskorining 30 foizdan kam boʻlmagan oʻz mablagʻlari bilan ishtirok etishi, muammoli qarzdorliklari mavjud mijozlarga kreditlar ajratish hamda kredit muddatlarini asossiz uzaytirish holatlariga chek qoʻyish borasida meʼyoriy talablar kuchaytirildi.
Yirik tavakkalchiliklarni boshqarish va ularning banklar moliyaviy holatiga taʼsirini oʻrganib borish maqsadida banklarning kredit portfelidagi top-50 ta yirik qarzdorlarning moliyaviy holatini tahlil qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Monitoring jarayonida aniqlangan zaifliklar Markaziy bank Boshqaruvi yigʻilishlarida muhokama qilinib, tegishli koʻrsatmalar berib borilmoqda.
“Yashil” moliyalashtirishni ragʻbatlantirish maqsadida ushbu sohaga yoʻnaltirilgan kredit mahsulotlari boʻyicha makroprudensial talablar yengillashtirildi.
– aholi uchun quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitgichlari va boshqa yashil energiya uskunalarini sotib olishga moʻljallangan Grin prodakt (Green product) kredit mahsuloti ( 406,2 mlrd soʻm kreditlar ajratildi);
– kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun quyosh panellari oʻrnatish, elektromobillarni zaryadlash stansiyalari tashkil qilishga moʻljallangan, soddalashtirilgan shartlardagi Grin Enerji mikroloun (Green Energy Microloan) kredit mahsulotlari (883,6 mlrd soʻm kreditlar ajratildi) amaliyotga joriy qilindi.
Banklar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bilan bir qatorda, ularning moliya bozoridan chiqishi va tugatilishi mexanizmlarini qonunchilik asosini kuchaytirish maqsadida “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi “Xalqaro Moliyaviy barqarorlik kengashi standartlari” asosida ishlab chiqildi.
Unda banklarni sanatsiya qilish maqsadlari va tamoyillari, sanatsiya qilish vositalari, sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari hamda banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi nazarda tutilmoqda.
2023-yilda banklarda samarali korporativ boshqaruv tizimini joriy etish borasidagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish ishlari ham davom ettirildi.
Xususan, bank ustav kapitalining eng kam miqdorini 2025-yilning 1-yanvariga qadar 100 mlrd soʻmdan 500 mlrd soʻmgacha yetkazish boʻyicha “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.
Tadbirkorlik muhitining yanada yaxshilanib borayotganligi hamda muqobil moliyalashtirish manbalarining cheklanganligi sharoitida bank kreditlariga boʻlgan talab yuqoriligicha qolmoqda.
Ushbu yuqori talabni qondirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 2023-yilda jami 251,4 trln soʻm (2022-yilga nisbatan qariyb 24 foizga koʻp) kredit mablagʻlari ajratilib, jami kredit qoʻyilmalari qoldigʻi qariyb 497 trln soʻmga yetdi.
Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kredit qoʻyilmalari qoldigʻi 15,3 foizga oʻsib 348,5 trln soʻmni,
aholiga ajratilgan kredit qoʻyilmalari qoldigʻi
2022-yilga nisbatan 47 foizga koʻpayib, 148,2 trln soʻmni tashkil etdi.
(Ipoteka kreditlari qoldigʻi qariyb 1,3 barobarga oshib, 58,2 trln soʻmni, mikroqarzlar qoldigʻi qariyb 1,7 barobarga oshib, 24,4 trln soʻmni, va aholiga ajratilgan boshqa chakana kreditlar qoldigʻi qariyb 1,6 barobarga oshib, 66 trln soʻmni tashkil etdi).
2023-yilda kreditlar hajmining oʻsishi iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida kuzatilib, sanoat sohasida (oʻsish 10,7 foiz) 140,2 trln soʻmni, qishloq xoʻjaligida (12,3 foiz) 47,3 trln soʻmni, transport va kommunikatsiya sohasida (15,7 foiz) 34,3 trln soʻmni, qurilish sohasida (18 foiz) 12,3 trln soʻmni, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (12,5 foiz) 32,5 trln soʻmni tashkil qildi.
2023-yilda Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 472 mingdan ortiq loyihalarga jami 10 trln soʻmga yaqin imtiyozli kreditlar ajratildi.
Mazkur imtiyozli kreditlar hisobidan, yoshlar
(174 ming loyiha) va xotin-qizlarning (262 ming loyiha) tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga, mos ravishda 3,8 va 4,6 trln soʻm yoʻnaltirildi.
Mazkur kreditlarning 220,6 trln soʻmlik qismi (87,8 foizi) ichki resurslar va 30,8 trln soʻmi tashqi manbalar hisobiga ajratildi.
Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarni yuqori surʼatlarda oʻsib borayotganligi, bir tomondan, iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsada, ikkinchi tomondan, mazkur kreditlarning maʼlum bir qismini belgilangan muddatlarda qaytmayotganligi banklarning moliyaviy barqarorligi bilan bogʻliq xatarlarni kuchaytirmoqda.
Muammoli kreditlarning bank tizimi faoliyatiga salbiy taʼsirini oldini olish va kamaytirish maqsadida banklarning kredit portfeli sifati muntazam ravishda, segmentlarga ajratilgan holda tahlil qilib borilmoqda.
Hisobot yilida banklarga aktivlar boʻyicha 13,1 trln soʻmlik qoʻshimcha zaxiralar yarattirildi hamda muammoli kreditlarni zaxiralar bilan qoplanish darajasi 4 foiz bandga oshib, 2024-yil 1-yanvar holatiga 85 foizga yetkazildi.
2023-yil yakunlari boʻyicha bank tizimida muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 3,5 foiz (oʻtgan yilda 3,6 foiz) atrofida shakllandi.
2023-yilda Markaziy bankning tavakkalchilikka asoslangan bank nazorati tizimi doirasida 23 ta tijorat bankida, jumladan 18 ta bankda prudensial meʼyorlar, 17 ta bankda toʻlov tizimlari, 16 ta bankda valyuta amaliyotlari va 5 ta bankda moliyaviy monitoring faoliyati, 15 ta nobank kredit tashkilotida ularning umumiy moliyaviy holati bilan bogʻliq xatarlarni baholash yuzasidan tematik inspeksiyalar oʻtkazildi.
Tekshirish natijalari asosida:
kapital va likvidlilik hamda bankka aloqador shaxslarga hamda koʻchmas mulkka qilingan investitsiyalarga toʻgʻri keluvchi xatarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni haqqoniy aks ettirmagan 16 banklarga nisbatan jarimalar, 7 ta bankka nisbatan omonatlar jalb qilish, kreditlar berish amaliyotlariga vaqtinchalik cheklov oʻrnatish bilan bogʻliq choralar qoʻllanildi.
Bundan tashqari, tijorat banklariga korporativ kreditlarning kelgusida muammoga aylanish ehtimolini vujudga keltiruvchi omillar hamda ushbu omillar oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarni kamaytirishga doir koʻrsatmalar ishlab chiqildi.
Toʻlov tizimlari ishlashining uzluksizligi va infratuzilmasini yaxshilash orqali naqd pulsiz hisob-kitoblar koʻlamini kengaytirishga 2023-yilda ham alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, Gʻaznachilik tomonidan xizmat koʻrsatiladigan tashkilotlarga ham xarajatlarini (ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bank ish kuniga bogʻliq boʻlmagan holda) 24/7 rejimida onlayn tartibda Tezkor toʻlovlar tizimi orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi va bu ushbu tizim imkoniyatidan foydalanish koʻlamini yanada kengaytirmoqda.
Xususan, 2023-yilda tadbirkorlik subyektlari jami toʻlov hujjatlarining 92 foizini bankka tashrif buyurmagan holda masofadan amalga oshirgan.
Masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish koʻlami hamda chakana toʻlovlar tizimlarining funksionali va infratuzilmasini kengayib borayotganligi, 24/7 tizimidan foydalanuvchilar va operatsiyalar hajmi, toʻlov terminallari orqali toʻlovlar hamda kontaktsiz toʻlovlar hajmining oshib borishida namoyon boʻlmoqda.
2023-yilda 429 mingta toʻlov terminallari orqali qabul qilingan toʻlovlar hajmi 2022-yilga nisbatan
1,4 barobarga oshib, 254,7 trln soʻmni tashkil etdi.
Iqtisodiyotda naqd pulsiz toʻlovlarning jami tovar va xizmatlar uchun toʻlovlar hamda pul oʻtkazmalaridagi ulushi 2022-yildagi 73 foizdan 76 foizgacha oshdi.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar koʻlamlarini kengayib borayotganligi aholining bank kartalaridan pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan yechilishi kabi turli holatlarni oldini olishga qaratilgan kiberxavfsizlik choralarini ham kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Bu borada, mobil ilovalar orqali pul mablagʻlarini oʻtkazishda mijozlarni biometrik identifikatsiyadan oʻtkazish, pul oʻtkazmalarini tasdiqlash va mobil akkauntlaridan foydalanishda qoʻshimcha xavfsizlik talablari joriy etish,mobil ilovalardan foydalanishda koʻp faktorli autentifikatsiya metodlarini qoʻllash jarayonlari boshlandi.
2023-yilda toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish borasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni xalqaro standartlarga moslashtirish jarayonlari davom ettirildi.
Ushbu sohada tavakkalchiliklarni boshqarish va toʻlov tizimlarining uzluksiz faoliyatini taʼminlash maqsadida muhim toʻlov tizimi operatorini aniqlashning mezonlari belgilandi.
Hisob-kitoblar kliring tizimining dasturiy taʼminoti takomillashtirilib, aholidan kommunal, davlat bojlari va jarimalar, davlat xizmatlari hamda boshqa toʻlovlar boʻyicha vositachilik haqi olish amaliyoti bekor qilindi.
Bank kartalari foydalanuvchilari uchun “Humo” va “Uzcard” bankomatlar tarmogʻi oʻzaro integratsiya qilinib, mazkur bankomatlardan muqobil foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratildi.
2023-yilda moliyaviy xizmatlar ommabopligini va aholining moliyaviy savodxonligini oshirish hamda bank xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy tadbirlar davom ettirildi.
Bank xizmatlari koʻrsatish nuqtalari soni oʻtgan yilga nisbatan 539 taga koʻpayib, 2024-yilning 1-yanvar holatiga 13 761 taga yetkazildi.
Ularning 88 tasi bank xizmatlari koʻrsatish markazlari bilan oldin qamrab olinmagan hududlarda faoliyatini boshladi.
Xususan, hududlarda bazaviy bank xizmatlarini koʻrsatuvchi mikromoliya banklarini tashkil etish va mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga transformatsiya qilish mexanizmini yaratish boʻyicha tegishli huquqiy asoslar ishlab chiqilmoqda.
Kredit tashkilotlari tomonidan kredit tarixiga ega boʻlmagan aholining tadbirkorlik faoliyatini boshlashini ragʻbatlantirishga qaratilgan “Biznesga birinchi qadam”,
ijobiy kredit tarixi shakllangan qarzdorlarga tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan kredit miqdori tabaqalashtirilgan mikromoliya bank mahsulotlari yoʻlga qoʻyildi.
Isteʼmolchilarning bank xizmatlaridan foydalanish boʻyicha amaliyotda duch kelayotgan hamda Markaziy bankka kelib tushayotgan murojaatlarda koʻp marotaba koʻtarilayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sohadagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilib borilmoqda. Xususan:
qarzdorlarning kreditlar boʻyicha amalga oshirgan toʻlovlari majburiyatlarni qoplashga yetarli boʻlmaganda, toʻlovlarni, birinchi navbatda, muddati oʻtgan qarzdorlik va foiz toʻlovlariga yoʻnaltirish;
kredit boʻyicha qarzdorlikni undirish haqida sud qarori chiqarilganda, foizlar va neustoyka hisoblash toʻxtatilishi borasida Fuqarolik kodeksiga qoʻshimchalar kiritish yuzasidan Qonun loyihasi tayyorlandi.
Shuningdek, garovga qoʻyayotgan yoki kafil boʻlayotgan uchinchi shaxslarning kredit, garov yoki kafillik shartnomasi boʻyicha kelgusida duch kelishi mumkin boʻlgan xatarlar toʻgʻrisida bank xodimlari tomonidan tushuntirish berilishi lozimligi belgilandi.
Banklar tomonidan isteʼmolchilarga subordinar qarzni omonat yoki omonatga tenglashtirilgan qarz sifatida taklif etilishi taqiqlandi.
Maʼruzamning yakunida, 2024-yilda ichki va tashqi omillarning inflyatsiyaga hamda bank tizimi barqarorligiga taʼsirini yumshatish boʻyicha koʻrilishi lozim boʻlgan choralar va oldimizda turgan boshqa muhim masalalar toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Yuqorida taʼkidlaganidek, jahonda soʻnggi ikki yilda pul-kredit sharoitlarini qatʼiylashtirib borilishi global inflyatsion jarayonlarni sekinlashtirishga xizmat qilayotgan boʻlsada, yalpi talab va yalpi taklif oʻrtasida nomutonosibliklar (disbalanslar) kuchayib bormoqda.
Ushbu holat bir tomondan, inflyatsion targetga (5 foiz) erishish muddatlarimizga salbiy taʼsir koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, qondirilmagan ichki talab import orqali qoplanib, ichki valyuta bozoriga sezilarli darajada bosim oʻtkazmoqda.
Mazkur murakkab makroiqtisodiy holat qatʼiy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish bilan birga, yalpi talabni ragʻbatlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni moʻtadillashtirishni taqozo etmoqda.
Ushbu vaziyatda 2024-yilda pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda bazaviy inflyatsiya darajasini yillik 8 foizgacha pasaytirish vazifasidan kelib chiqqan holda shakllantirib boriladi. Xususan,
pul-kredit sharoitlari 2024-yilda ham nisbatan qatʼiy fazada saqlab qolinadi va pul bozorida ijobiy 3 - 4 foizlik real stavkalar shakllanishi taʼminlanadi.
asosiy stavka boʻyicha qarorlarning iqtisodiyotdagi foiz stavkalariga taʼsiri samaradorligini oshirish choralari koʻriladi.
Bank tizimi barqarorligini taʼminlashda nazorat choralari mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida
2024-yilda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP) asosida banklar faoliyatini nazorat qilish tizimini Bazel talablariga muvofiqligi yuzasidan baholash oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Qarz yuki darajasini ortib ketishi va moliyaviy barqarorlikka salbiy taʼsirini oldini olishga qaratilgan makroprudensial siyosat choralari kuchaytirib boriladi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab ipoteka va avtokreditlar boʻyicha kredit summasini garov summasiga nisbati (LTV) mos ravishda 80 va 75 foizdan, shuningdek, jismoniy shaxslarga ajratilgan barcha kredit turlari (oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan kreditlar mustasno) boʻyicha toʻlovning daromadga nisbati (DSTI) koʻrsatkichi 60 foizdan, 2025-yil 1-yanvardan esa mazkur koʻrsatkich boʻyicha talab yanada qatʼiylashtirilib 50 foizdan oshirmaslik tartibi amaliyotga joriy etiladi.
banklarning risk-profilini baholash asosida tizimli ahamiyatga ega banklarda kredit, likvidlilik, operatsion va bozor xatarlariga bardoshliligi holati davriy ravishda baholanib boriladi;
sinov tariqasida 4 ta bank konsolidatsiyalashgan nazorat tizimiga oʻtkaziladi;
banklar faoliyatida sodir boʻlgan muhim ahamiyatga molik axborotlarni oʻz ichiga olgan institutsional tahliliy maʼlumotlarni shakllantirish tizimi joriy etiladi;
Markaziy bankning Iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni boshqarish va nazorat qilish strategiyasi (“yashil” strategiyasi) ishlab chiqiladi.
Bank tizimi faoliyatining qonuniy asoslarini yanada kuchaytirish borasida, “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi, “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi kabi bank tizimi qonunchilik hujjatlari takomillashtirish ishlari yakunlanadi.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, Islomiy moliya standartlari asosida xizmat koʻrsatilishiga qonunchilik asosini yaratish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekistonda islom moliyasini joriy etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarini Vazirlar Mahkamasi, Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
2024-yil davomida iqtisodiyotni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga 2023-yilga nisbatan 20 foizga koʻp kredit mablagʻlari yoʻnaltirilishi shundan, tadbirkorlik subyektlarini aylanma mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishga 68 trln soʻmlik kreditlar ajratilishini taʼminlash;
banklarni ichki resurs bazasini oshirish maqsadida aholining tijorat banklardagi jami depozitlari hajmini 1,3 barobarga, milliy valyutadagi muddatli depozitlarni – 1,5 barobarga oshirish choralari koʻrib boriladi.
Eʼtiboringiz uchun raxmat!