Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Prudensial nazorat va makroprudensial siyosat: ularning farqli jihatlari nimada?

Yangilangan sana:  21 Fev 2020, 08:54
20 Fev 2020

Kredit tashkilotlarining prudensial nazorati – bank nazoratining[1], tarkibiy qismi bo‘lib, u bank tizimi barqarorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan iqtisodiy me’yorlarga banklar qanchalik rioya etayotganini nazorat qiladi.

Prudensial ” tushunchasi ehtiyotkor, uzoqni ko‘radigan degan ma’nolarni anglatib, “nazorat” so‘zi bilan birga qo‘llanilganda kredit tashkilotlari faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar va muammolarni bartaraf qilishga imkon beruvchi masofadan nazorat ma’nosini anglatadi.

Amaliyotda ayrim tijorat banklari ko‘proq foyda olish maqsadida xatarlarga asoslangan faoliyat yuritishga moyil bo‘ladi. Bunda ular o‘z manfaatlari doirasida harakatlanib, omonatchilar, kreditorlar hamda bank aksiyadorlarining qonuniy manfaatlarini inobatga olmasliklari mumkin. Yuqorida keltirilgan tomonlarning manfaatlarini himoya qilish hamda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Markaziy bank nazorat qiluvchi organ sifatida maydonga chiqadi.

Markaziy bankning nazorat funksiyalari “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan bo‘lib, Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda Markaziy bank tijorat banklari moliyaviy holatining yomonlashishini oldini olishga qaratilgan tegishli shart-sharoitlar yaratilishi va ular faoliyatini belgilangan talablarga muvofiq yuritilishini kuzatib boradi.

Buning uchun tijorat banklarida yuzaga keladigan yoki kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar, shuningdek, regulyativ moslik mexanizmlaridan foydalangan holda, ushbu xatarlarni oqilona boshqarish va bartaraf etish bo‘yicha nazorat olib boriladi.

Iqtisodiy me’yorlarga rezerv talablari, kapital, likvidlik, valyuta pozitsiyalariga bo‘lgan talablar hamda xatarlardan kelib chiqib, ma’lum operatsiyalarga cheklovlar va qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar bo‘yicha normativlar kiradi.


[1] Bank nazorati prudensial nazoratdan tashqari kredit tashkilotlari tomonidan bank qonunchiligiga ham amal qilishlariga qaratiladi

 

Ushbu me’yorlarni bajarishda tijorat banklari bank operatsiyalari bo‘yicha tegishli rezervlarni shakllantiradi va shu orqali xatarlarni omonatchilar, kreditorlar va boshqa bank xizmatlari iste’molchilariga o‘tkazilishining oldi olinadi.

Misol uchun, banklar tomonidan kapitalni yetarli darajada shakllantirilishi kutilmagan yo‘qotishlarni qoplash manbasi bo‘lib xizmat qiladi hamda ularning institutsional o‘sishini ta’minlaydi. Likvidlikka qo‘yilgan talablar esa mijozlarga uzluksiz xizmat ko‘rsatish va depozitorlar talablarini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi.

Umuman olganda, prudensial nazorat bank xizmatlari iste’molchilarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash doirasida tijorat banklarini sog‘lom bank faoliyatini olib borishga va ayrim banklarda nosog‘lom muhitni bartaraf etishga qaratilgan.

Makroprudensial siyosat esa prudensial nazoratdan farqli ravishda umumiy moliyaviy tizim barqarorligini ta’minlashga qaratilib, chora-tadbirlar makro darajada qo‘llaniladi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tizimli xatarlarni bartaraf etishga, shuningdek, stress ssenariylarda nazarda tutilgan holatlar ro‘y berganda banklarni o‘z faoliyatlarini tiklashiga yetarli sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: “tizimli xatarlar” deganda moliyaviy tizim ishtirokchilarining to‘lov qobiliyatlarida zanjirli uzilishlar yuzaga kelganda, butun moliyaviy tizimda sodir bo‘ladigan, ehtimoli kam, ammo yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlar tushuniladi.

Makroprudensial choralarga iqtisodiyotni kreditlash sur’atlariga, uning alohida sektorlarida qarz yuki oshmasligiga cheklovlar, xorijiy kreditlar jalb qilishga cheklovlar hamda ushbu ko‘rsatkichlarning YaIMga nisbati, shuningdek, tizimli ahamiyatga ega banklar kapitaliga va risk koeffitsiyentlariga alohida talablar kiradi.

Odatda mazkur choralar kreditlash sur’atlarining iqtisodiy o‘sish sur’atlaridan tezlashib ketganda, shuningdek, valyutaviy va boshqa xatarlarning katta qismi tizimli ahamiyatga ega banklarda jamlanishining oldini olish maqsadlarida qo‘llaniladi.

Ushbu ko‘rsatkichlar uzoq muddatli trendlardan og‘ib ketsa, moliyaviy tizim barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank tegishli makroprudensial choralarni qo‘llaydi.

Nigora BEGMATOVA,
Kredit tashkilotlari prudensial nazorati departamenti boshqarma boshlig‘i

Nozima MAMAJONOVA,
Pul-kredit siyosati departamenti bosh iqtisodchisi

USD = 12697.00
+2.04
EUR = 13547.70
+38.99
RUB = 135.05
+0.39
GBP = 15836.97
+11.43
JPY = 82.23
+0.12
CHF = 13966.56
+37.48
CNY = 1753.95
-0.18
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X