Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Ko‘p beriladigan savollar




Naqd pul muomalasi 11

  • Bugungi kunda respublikamizda nechta nominaldagi banknot va tangalar muomalada mavjud?


    Ayni paytda, respublikamiz hududida muomalada 1 000, 5 000, 10 000, 50 000 va 100 000 so‘m nominaldagi banknotlar va 50, 100, 200 va 500 so‘m nominaldagi tangalar mavjud.

    “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so‘mlik tangalarini, shuningdek 50, 100, 200 va 500 so‘mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risida”gi (ro‘yxat raqami 3014, 2018 yil 19 may) Nizomga ko‘ra, quyidagi qiymatdagi ya'ni:

    2001-2002 yillar namunalaridagi 50 so‘mlik, 2004 va 2009 yil namunalaridagi 100 so‘mlik tangalar hamda 1994 yil namunasidagi 50 va 100 so‘mlik banknotlar 2019 yil 1 iyulgacha;

    1997 yil namunasidagi 200 so‘mlik, 1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknotlar 2020 yil 1 iyulgacha muomalada bo‘lgan.

  • Chakana savdo do‘konlarida qaytim sifatida xaridorlarga mayda konfet, salfetka, saqich va boshqa mayda mahsulotlarni berish mumkinmi?


    O‘zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste'molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

    Shu sababli xarid qilingan tovarlar bo‘yicha qaytim o‘rniga sotuvchi tomonidan kam baholi turli tovarlarning qaytarilishidan norozi bo‘lgan hollarda Istemolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 raqamli “ishonch telefoni”ga murojaat qilishingiz mumkin.

    2018 yilning iyul' oyidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarilgan.

    Bundan asosiy maqsad – aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga naqd pullar bilan hisob-kitoblarda qulayliklar yaratish, jumladan, xarid qilingan tovarlar va xizmatlar uchun qaytim qaytarishdagi muammollarni bartaraf etish hisoblanadi.

    Savdo do‘konlari, supermarketlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, dorixonalar, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari xaridorlarga qaytim pullarini to‘liq berishni ta'minlash maqsadida mayda qiymatdagi tangalarni olish yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi bank filiallariga murojaat qilishlari lozim.

    O‘z navbatida, aholi bilan naqd pulda hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi xo‘jalik sub'ektlari tijorat banklari orqali:

    bankdagi depozit hisobvaraqlaridagi mablag‘lari doirasida mayda qiymatdagi tangalar bilan ta'minlab beriladi;

    banknot ko‘rinishidagi naqd pul mablag‘larini mayda qiymatdagi tangalarga almashtirib olishlari mumkin bo‘ladi.

    Tadbirkorlik sub'ektlari murojaatlariga asosan banklardan

    50, 100, 200, 500 so‘m qiymatdagi tangalarni olishda muammolar yuzaga kelganda Markaziy bankning (71)200-00-44 raqamli "ishonch telefoni"ga murojaat qilishlari mumkin.

  • Milliy valyuta – so‘mga putur yetkazmaslik, uni asrab-avaylash, unga nisbatan ehtiyotkor munosabatda bo‘lish uchun nimalarga e'tibor berish kerak?


    Darhaqikat, bugungi kunda ming afsuski muomalaga chiqarilgan milliy valyutamiz so‘m banknotlarga putur yetkazish, ularni g‘ijimlash, yirtish, ularni ustiga turli xil ismlar, telefon raqamlari, summalar va boshqa narsalarni yozib qo‘yish holatlari ham uchrab turibdi.

    Avvalo, qayd etish lozimki, milliy valyutamiz – respublikamiz iqtisodiy mustaqilligining ramzlaridan biri hisoblanadi. O‘z yurtini xurmat qilgan har bir fuqaro uning pul birligiga ham hurmat bilan qarashi va uning muomaladagi nufuziga putur yetkazmasligi lozim.

  • Yirik nominaldagi banknotlarning muomalaga kiritilishi inflyatsiyaga sabab bo‘lmaydimi?


    Aholiga naqd pul orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishda yanada qulayliklar yaratish va banknot qatorini optimallashtirish maqsadida yirik nominaldagi banknot muomalaga chiqarilmoqda.

    Yangi banknotni muomalaga chiqarilishi:

    naqd pullar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish;

    naqd pullarni saqlash va tashish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish;

    aholiga bankomatlar orqali xizmat ko‘rsatishda samaradorlikni oshirishga imkon beradi.

    50 000 va 100 000 so‘m qiymatdagi banknotlar amaldagi mavjud pul massasi doirasida chiqariladi hamda uning o‘sishiga ta'sir ko‘rsatmagan holda muomaladagi naqd pullar tarkibini optimallashtirishga xizmat qiladi.

    Muomalaga yirik banknotlarning chiqarilishi muomaladagi pullarning miqdorini o‘zgarishiga olib kelmaydi, ya'ni pullarni asossiz ravishda ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yirik miqdordagi banknotlarni muomalaga kiritilishi inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta'sir ko‘rsatmaydi.

  • Bank plastik kartasidan naqd pul olinganda banklar foiz belgilashga haqlimi?


    Banklar tijorat tashkiloti bo‘lib, ularning faoliyati daromad, foyda olishga qaratilgan.

    Ya'ni, banklarning mijozlarga va aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun muayyan miqdorda daromadga ega bo‘lishga intilishlari bu bozor iqtisodiyotining qonuni.

    Banklar bankomatlarini naqd pul bilan ta'minlab borishlari ma'lum xarajatlarni yuzaga keltiradi. Jumladan: 

      bankomatlarning amortizasiya xarajatlari;

    banklarga kelib tushgan naqd pullarni sanash, saralash, o‘rab-bog‘lash bilan bog‘liq xarajatlar (kassa xodimlarining ish haqi, o‘rab-bog‘lash uchun zarur bo‘ladigan banderol, nakladka va boshqa ashyolar);

    bankomatlarga naqd pullarni olib borish bilan bog‘liq transport xarajatlari hamda bank xodimlari va qimmatliklar daxlsizligini ta'minlash uchun qo‘riqlash xarajatlari;

    Bankomatlarni foydalanishda elektr energiya va to‘lov tizimlari uchun xarajatlar amalga oshirilmoqda.

    Banklar tomonidan bankomatlarni naqd pullar bilan ta'minlash bo‘yicha ushbu xarajatlarni qoplagan holda, ma'lum miqdorda foyda olish maqsadida komission to‘lovlar belgilangan.

    O‘zbekiston  Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 62-moddasiga asosan kreditlar, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari, bank operatsiyalariga oid vositachilik haqi miqdori bank tomonidan mustaqil belgilanadi.

  • Bank kartalaridagi mablag‘larni naqd pul qilib olish mumkinmi?


    Banklar tomonidan aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga naqd pullar ularning depozit hisobvaraqlaridagi, shu jumladan, bank kartalaridagi mavjud mablag‘lari doirasida ularning talabiga ko‘ra cheklovsiz beriladi.

    Bank kartalaridan naqd mablag‘lar to‘lov terminallari va bankomatlar orqali olish mumkin.

  • Fuqarolarning daromadlari bank kartasiga o‘tkazilishi majburiymi? Ish haqi va ijtimoiy to‘lovlarning necha foizi kartaga o‘tkazilishi mumkin?


    Aholi daromadlari (ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar) bank kartalariga fuqarolarning yozma arizasi (roziligi) asosida o‘tkaziladi.

    Bunda xizmat ko‘rsatuvchi bank xo‘jalik yurituvchi sub'ekt tomonidan taqdim etilgan to‘lov topshiriqnomasi va unga ilova qilingan reestr hamda uning elektron ko‘rinishi (familiya va summalar bo‘yicha) asosida mablag‘larni bank kartalariga kirim qiladi.

    Shu bilan birga, O‘zbekiston Rspublikasi Mehnat kodeksining

    153-moddasiga asosan mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. 

  • Milliy valyutamiz “so‘m” muomalaga kiritilgunga qadar respublikamizda qaysi pul birliklari to‘lov vositasi sifatida foydalanilgan?


    O‘zbekiston Respublikasining rasmiy pul birligi sifatida 1993 yil 15 noyabrga qadar faqat SSSR davlat bankining 1961-1992 yillargi hamda Rossiya bankining 1993 yildagi banknotalari muomalada bo‘lgan. 1993 yilning 15 noyabridan 1994 yilning 1 iyuliga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida oraliq “so‘m-kupon” milliy pul birligi vazifasini bajargan.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil

    30 dekabrdagi “Naqd pul muomalasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 613-sonli qaroriga muvofiq 1994 yil 1 yanvardan boshlab sobiq SSSR Davlat bankining 1961-1992 yillar namunasidagi barcha qiymatdagi pullari muomalada bo‘lishi butunlay taqiqlandi va ushbu sanadan boshlab “so‘m-kupon” O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona qonuniy to‘lov vositasi qilib belgilandi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi PF-870-sonli Farmoniga muvofiq 1994 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining hududida 1000 “so‘m-kupon”ga bir “so‘m” nisbati bilan milliy valyutamiz “so‘m” muomalaga kiritilgan.

  • Naqd pullar qanday hollarda to‘lovga yaroqsiz hisoblanishi to‘g‘risida batafsil ma'lumot bersangiz?


    Markaziy bankning  2018 yil 29 iyunda 3028-son bilan davlat ro‘yxatiga olingan “Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, inkassasiya va qimmatliklarni tashishga doir yo‘riqnoma”sida “so‘m”ning to‘lovga yaroqlilik belgilarni aniqlash qoidalari belgilangan.

    Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar quyidagi banknotlarni moneliksiz to‘lovga qabul qilishlari va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari lozim:

    1. a) har qanday qismida teshik yoki yirtilishlar, siyqalanishlar, dog‘lar, qalam, siyoh va flomaster bilan yozilgan yozuvlari mavjud bo‘lgan pullar;
    2. b) yirtilgan va yelimlangan pullar, agar pulning ikkala qismi shak-shubhasiz bitta banknotga tegishli bo‘lsa;
    3. v) bo‘yoq moddalari va kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar;
    4. g) shikastlanish turi va joylashishidan qat'i nazar, banknot to‘liq hajmining 55 foizidan kam bo‘lmagan qismi saqlanib qolingan pullar.

    Shikastlanish turidan qat'i nazar (shakli buzilgan, pachoqlangan, siyqalangan, teshilgan, qirqilgan, sindirilgan, ishqorga solingan, biror bir metall bilan payvandlangan, olovda eritilgan, ko‘karib va qorayib ketgan) o‘zining to‘la hajmini va old tarafidagi qiymati tasvirini saqlab qolgan hamda haqiqiyligiga shubha tug‘dirmaydigan metall tangalar to‘lovga yaroqli hisoblanadi. Shikastlangan pullar “eskirgan” pullar toifasiga kiritilib banklar tomonidan ular shu qiymatdagi to‘lovga yaroqli pullarga almashtirib beriladi.

  • Mijoz bankdagi pul mablag‘larini tasarruf etishda mustaqilmi?


    Mijoz bankdagi hisobvaraqda turgan o‘z pul mablag‘larini mustaqil tasarruf etadi. Bank mijozning pul mablag‘laridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablag‘larini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas.
  • Bank kassasidan olingan naqd pullar orasidan eskirgan toifadagi banknotlar va kamomad chiqqan holatlarda nima qilish lozim?


    Bank kassasidan chiqim kassa hujjatlariga asosan berilgan pullar kassa oldidan uzoqlashmagan holda barchasi birma bir qayta sanalishi lozim. Agar pullar kassa oldidan uzoqlashmagan holda qayta sanalmagan bo‘lsa, bank kassasidan berilgan to‘liq pul bog‘lamlari orasidan kamomad chiqish e'tirozlari qoniqtirilmaydi. Bank kassasidan berilgan pullar orasidan eskirgan toifadagi banknotalar chiqqan taqdirda bank kassasiga qaytariladi va yaroqli banknotaga almashtirilib beriladi.
USD = 12837.10
+24.06
EUR = 13516.18
+58.64
RUB = 124.62
+2.02
GBP = 16330.07
+86.98
JPY = 85.40
+0.34
CHF = 14506.84
+64.73
CNY = 1767.10
+5.3
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X