2 mart kuni O‘zbekiston Markaziy banki raisi Timur Ishmetov va rais o‘rinbosari Nodirbek Achilov boshchiligida Slovakiya Milliy banki vakillarini 6-martga qadar davom etadigan rasmiy tashrif bilan qabul qildi. Delegatsiya Slovakiya Milliy banki raisi Peter Kažimír hamda Tadqiqotlar, statistika va iqtisodiy ta’lim bo‘limi ijrochi direktori Reiner Martinlardan iborat.
Tashrif O‘zbekiston Markaziy banki va Slovakiya Milliy banki raislari o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuv bilan boshlandi. Unda tomonlar joriy makroiqtisodiy rivojlanishlar, pul-kredit siyosati ustuvor yo‘nalishlari hamda institutsional hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov hamda Slovakiya Milliy banki vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvda tadqiqot va tahliliy faoliyat yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, tadqiqot metodologiyalari, ma’lumotlarni yig‘ish amaliyoti va tahliliy yondashuvlar bo‘yicha tajriba almashish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tashrifning ikkinchi kuni Slovakiya Milliy banki raisi Peter Kazimir “Transformatsiya, integratsiya va pul-kredit siyosatining yangi chegaralari” mavzusida asosiy ma’ruza bilan chiqish qildi. Unda Slovakiyaning iqtisodiy transformatsiya va integratsiya jarayonidagi tajribasi, shuningdek, pul-kredit siyosatining o‘zgarib borayotgan roli haqida fikrlar bildirildi. Reiner Martin esa “Slovakiya Respublikasining makroprudensial siyosat bo‘yicha tajribasi” mavzusida taqdimot o‘tkazib, unda makroprudensial tahlil hamda dalillarga asoslangan siyosatni shakllantirishda tadqiqotlarning o‘rni alohida ta’kidlandi. Sessiya Markaziy bank mutaxassislari, stipendiya dasturi tinglovchilari hamda akademiklar va universitetlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan interaktiv savol-javob bilan yakunlandi. Savol-javob jarayonida ishtirokchilar tadqiqot amaliyoti, tahliliy yondashuvlar va institutsional tajriba yuzasidan savollar berdilar.
Dastur ikki markaziy bank o‘rtasida tadqiqotlar, ma’lumotlarni yig‘ish hamda tahliliy salohiyatni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan seminar va uchrashuvlar bilan davom etadi.