XVJ Ijrochilar Kengashi 2019 yilning 6 – mayida XVJ to‘g‘risidagi shartnomaning IV[1] moddasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan maslahatlashuvlarini yakunladi.
O‘zbekistonda 2018 yilda kuzatilgan noqulay ob-havo sharoitlari va suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning qishloq ho‘jaligi, energetika va boshqa sektorlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga qaramasdan asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmining sezilarli darajada oshishi hisobiga Yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’ati 5 foizni tashkil etdi.
2018 yil oxirida iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasi 14,5% gacha pasaydi. Shu bilan birga, yuqori kreditlash sur’atlari, narxlarni erkinlashtirishning davom ettirilishi, davlat sektorida ish haqilarning qayta ko‘rib chiqilishi va yuqori darajadagi inflyatsion kutilmalar kabi omillar ta’siri hisobiga 2019 yilda ham narxlarga bo‘lgan bosim saqlanib qolishi mumkin.
2017 yilda tashqi savdo va almashuv kursining erkinlashtirilishi hamda 2018 yildagi iqtisodiyotni faol kreditlash siyosatining amalga oshirilishi o‘z navbatida, 2018 yilda import hajmining oshishiga va joriy operatsiyalar hisobvarag‘ining salbiy saldosining YaIMga nisbatan 7 foizgacha pasayishiga olib keldi (2017 yilda oz miqdorda musbat saldo bo‘lgan). Shunga qaramasdan, 2018 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda 13 oylik importni qoplashga yetarli bo‘lgan sezilarli xalqaro oltin-valyuta zahiralari mavjud va mamlakatning tashqi qarzi mo‘tadil darajada (YaIMga nisbatan 35 foiz) qolmoqda.
2018 yilda soliq-byudjet siyosatini amalga oshirishda ehtiyotkorlik tamoyillariga asoslanilgan bo‘lib, davlat byudjeti kamomadi (iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni hisobga olgan holda) YaIMga nisbatan 2 foizni va davlat qarzi YaIMga nisbatan 20 foizni tashkil etdi. QQS va foydali qazilmalardan tushgan daromadlar oshib, ular muhim ijtimoiy masalalarga va iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Hukumat 2019 yilda soliqlarni soddalashtirish, umum e’tirof etilgan korporativ soliqlar tizimi hamda QQS bazasini kengaytirish bilan birgalikda xususiy korxonalar va jismoniy shaxslarga soliq yukini kamaytirishga qaratilgan keng qamrovli soliq islohotini boshladi.
Markaziy bank 2018 yilda qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga ko‘tarish orqali pul-kredit siyosatini qat’iylashtirdi va ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan ortiqcha likvidlilikni ichki valyuta bozoriga intervensiya qilish yo‘li bilan sterilizatsiya qilib bordi.
2017 yilda valyuta almashuv kursining nominal qiymati 60 foizgacha qadrsizlangandan so‘ng 2018 yilda nisbatan barqarorlikni saqlab qoldi va natijada so‘m real almashuv kursining qadri oshdi. Shu bilan birga, davlat dasturlari doirasida maqsadli kreditlarning oshishi natijasida iqtisodiyotni umumiy kreditlash hajmining o‘sish sur’ati 50 foizdan yuqori bo‘ldi. Bank tizimi aktivlarining 85 foizi davlat ulushi mavjud tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri keladi va ushbu banklarning asosiy vazifasi davlatning investitsion va rivojlanish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shunga qaramasdan, tijorat banklarining barqarorlik ko‘rsatkichlari ishonchliligicha qolmoqda. Bunda, Markaziy bank o‘zining nazorat salohiyatini takomillashtirish va yangi makroprudensial tartibga solish instrumentlarni joriy qilish orqali kutilayotgan xavf-xatarlarni oldindan baholab o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rib bormoqda.
Tarkibiy va institutsional islohotlar muvaffaqiyatli davom ettirilishi bilan birga kelgusida keng doiradagi islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Hukumat tomonidan davlat korxonalarini isloh qilish borasidagi chora-tadbirlar davlat aktivlarini boshqarish agentligining tashkil etish, energetika va transport sektorlaridagi majburiyatlarni qayta taqsimlash hamda korxonalarni restrukturizatsiya qilish yoki xususiylashtirishga tayyorlash orqali jadallashtirilmoqda.
Navbatdagi islohotlar narxlarni yanada erkinlashtirish, ishchi kuchi malakasini oshirish, yerga egalik qilish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish, tartibga soluvchi normativlarni optimallashtirish va davlat boshqaruvini yaxshilashga qaratilgan. O‘zbekiston “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni qabul qildi. Bunda asosiy e’tibor ta’lim, sog‘liqni saqlash, jinsiy tenglik, infratuzilma va moliyaviy ommaboplik kabi sohalarga qaratiladi.
Ijrochilar Kengashining bahosi
Ijrochilar Kengashining direktorlari iqtisodiy islohotlarning dastlabki to‘lqini, ya’ni, valyuta bozorini erkinlashtirish hamda soliq siyosati sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatladilar. Bu islohotlar, o‘z navbatida, barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashga va yanada ochiq bozor iqtisodiyotiga o‘tishga xizmat qiladi. Kengash direktorlari kelgusida asosiy e’tiborni mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, inklyuziv (keng qamrovli) iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va xususiy sektorda yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratish lozimligini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, direktorlar inflyatsiya darajasini pasaytirish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish va iqtisodiyotni kreditlash hajmlari o‘sishini tashqi va ichki barqarorlik talablariga moslashtirish zarurligini ta’kidladilar. Kreditlar o‘sishini maqbullashtirish va iqtisodiy dasturlarga ajratilgan kreditlarni bosqichma-bosqich kamaytirish inflyatsion bosimni cheklash, tashqi savdo defitsitini qisqartirish hamda iqtisodiyotning o‘sish va pasayish sikllari hisobiga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlarini oldini olishga yordam beradi.
Direktorlar valyuta kursining o‘zgaruvchanligini saqlab qolishni ma’qullashdi, bu iqtisodiyotning moslashuvchanligini oshirishga imkon beradi. Shuningdek, ular Hukumatni Markaziy bankning mustaqilligini oshirishga chaqirishdi.
Direktorlar Hukumatning umumiy byudjet defitsiti va davlat qarzini o‘rta darajada saqlab qolishga qaratilgan fiskal siyosatdagi ehtiyotkorona yondashuvni ko‘llab-kuvvatladi. Ular Hukumatning 2019 yilda maqsadli kreditlarni kamaytirish va 2020 yilgi byudjetda barcha byudjetdan tashqari operatsiyalarni qamrab olish borasidagi maqsadlarini ijobiy baholadilar. O‘zbekistonda yuqori investitsion talab mavjud bo‘lgan sharoitda, xarajatlar o‘sishini maqbullashtirilishi makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladilar.
Direktorlar Hukumatning soliq sohasidagi islohotlarini amalga oshirishdagi qarorini yuqori baholadilar hamda ushbu islohotlarni puxta amalga oshirish, zarur hollarda, ayniqsa davlat korxonalaridan soliq tushumlari kamayishi kuzatilgan hollarda qo‘shimcha chora-tadbirlarni qo‘llashga tayyor turishni tavsiya qildilar.
Banklarning barqarorlik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishiga qaramay, direktorlar davlat banklarida uzoq vaqtlardan beri yechilmay kelayotgan moliyaviy aktivlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va ularning boshqaruvini yaxshilash zarur deb hisoblaydilar. Ular bank tizimini restrukturizatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish, ilg‘or xalqaro tajribalarga mos keluvchi nazorat salohiyatini oshirish hamda makroprudensial instrumentlardan yanada faol foydalanish bo‘yicha Hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladilar.
Tarkibiy islohotlarning murakkabligini hisobga olgan holda, direktorlar mamlakat Hukumatiga yangi ish o‘rinlari yaratishga hamda muammolarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarning ustuvorligidan kelib chiqib, ularning ketma-ketligini belgilab olishni tavsiya qildilar. Ular biznes muhitini yaxshilash, shu jumladan, biznes yuritishda xarajatlarni qisqartirish va davlat boshqaruvini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni ma’qulladilar.
Direktorlar korporativ boshqaruvni yaxshilash va xususiylashtirishga ruxsat berish yoki aksiyadorlar sonini ko‘paytirish orqali davlat korxonalarini isloh qilish zarurligini ta’kidladilar. Oldindan aniqlash mumkin bo‘lgan tartibga solish va me’yoriy-huquqiy bazani ta’minlanishi xususiy tadbirkorlik hamda xorijiy investitsiyalar hajmining kengayishini rag‘batlantiradi. Direktorlar O‘zbekistonning aholi savodxonligini oshirish, shuningdek, huquqiy, me’yoriy va institutsional islohotlarni olib borish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada kuchaytirishni borasidagi ishlarni tamomila qo‘llab-quvvatladilar. Ular Hukumatni iqtisodiy ma’lumotlar sifati va shaffofligini yaxshilash borasidagi ishlarni davom ettirishga chaqirdilar.
Direktorlar Hukumatning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga asoslangan inklyuziv o‘sish borasidagi chora-tadbirlar dasturini, shu jumladan, kadrlar tayyorlash, mehnat bozorida faol dasturlarni moliyalashtirishni kengaytirish, mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozorida islohotlar olib borish yo‘li bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatish rejalarini ma’qulladilar.
[1] Одатда ҳар йили ХВЖ унга аъзо мамлакатлар билан ХВЖ тўғрисидаги шартноманинг IV-моддасига риоя қилиш бўйича икки томонлама муҳокамаларни амалга оширади. ХВЖ экспертлари мамалакатларга ташриф буюриб иқтисодий ва молиявий кўрсаткичлар бўйича маълумотлар йиғади ҳамда тегишли вазирлик ва идоралар раҳбарлари билан мамлакатдаги иқтисодий ривожланиш сиёсатини муҳокама этади. Экспертлар бош қароргоҳга қайтишганидан сўнг Ижрочилар Кенгашида муҳокама қилиш учун ҳисобот тайёрлайди.