Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Markaziy bankning «Tijorat banklari likvidligini boshqarishga bo'lgan talablar to'g'risida»gi Nizomga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarga sharh

Yangilangan sana:  19 May 2019, 13:40
O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining «Tijorat banklari likvidliligini boshqarishga bo'lgan talablar to'g'risidagi nizomga o'zgartirish va qo'shimcha kiritish haqida»gi 2012 yil 29 dekabrdagi 36/1-sonli qarori, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2013 yil 29 yanvarda 559-1-son bilan davlat ro'yxatiga olingan

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida» 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qaroriga asosan, moliya-bank faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, xususan zamon talablari va xalqaro normalar hamda standartlarga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish hamda yangi qonun hujjatlari va me'yoriy hujjatlar qabul qilish respublikaning moliya-bank tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirishning asosiy yo'nalishlaridan biri hisoblanadi.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi PQ-1438-sonli Qarori talablariga asosan, bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasining[1] yangi tavsiyalariga muvofiq tijorat banklarining kapitali etarliligiga nisbatan talablarni oshirish, tijorat banklari kapitali tarkibida ularning inqiroz holatlari ta'siriga barqarorligini ta'minlaydigan barqarorlashtirish zaxiralarini yaratish hamda banklarning likvidligini oshirish kabi choralar belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida, Markaziy bank tomonidan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasining xalqaro ekspertlari bilan birgalikda respublika bank nazoratiga oid me'yoriy hujjatlarni xalqaro standartlar, shu jumladan bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasining yangi tavsiyalari asosida takomillashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari ekspertlari tomonidan respublika bank nazoratini takomillashtirish va bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasining yangi tavsiyalarini joriy qilish bo'yicha ishlab chiqilgan tavsiyalarga asosan Markaziy bankning «Tijorat banklari likvidliligini boshqarishga bo'lgan talablar to'g'risida»gi Nizomiga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqidagi 2012 yil 29 dekabrda Markaziy bank Boshqaruvining 36/1 - sonli qarori qabul qilindi.

Markaziy bank Boshqaruvining ushbu qarori o'rnatilgan tartibda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2013 yil 29 yanvarda 559-1-son bilan davlat ro'yxatidan o'tkazildi.

Xususan, Markaziy bankning «Tijorat banklari likvidliligini boshqarishga bo'lgan talablar to'g'risida»gi Nizomga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarga ko'ra, 2015 yil 1 yanvardan boshlab barcha tijorat banklari, likvidli aktivlarning talab qilib olinguncha va ijro etish muddati 30 kungacha bo'lgan majburiyatlar summasiga nisbati orqali aniqlanadigan likvidlilikni qoplash me'yori 100 foizdan kam bo'lmasligi kerak.

Ushbu qoida, tijorat banklarini o'z balanslarida bankning bir oylik majburiyatlarini bajarishga etarli darajada bo'lgan naqd pul va likvid aktivlarga doimiy ega bo'lishini ta'minlaydi.

Shu bilan birga, kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab, barcha tijorat banklari sof barqaror moliyalashtirish me'yorini 100 foizdan kam bo'lmagan miqdorda ta'minlashlari lozim bo'ladi. Ya'ni, tijorat banklarining uzoq muddatli aktivlari summasi ularning uzoq muddatli resurs summasidan oshmasligi lozim bo'ladi.

Mazkur me'yor, tijorat banklari tomonidan o'z aktiv operatsiyalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli resurs manbalarni jalb qilish va o'z navbatida qisqa muddatli resurslar hajmini kamaytirish bo'yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilishini rag'batlantiradi.

Sof barqaror moliyalashtirish me'yori bankning barqaror moliyalashtirilishi mumkin bo'lgan summasi barqaror moliyalashtirilishi uchun zarur bo'lgan summasiga nisbati orqali topiladi.

Barqaror moliyalashtirilishi mumkin bo'lgan summasiga quyidagilar kiradi:

- bank kapitalining summasi;

- qoplanishning haqiqiy muddati 365 kun va undan ortiq bo'lgan bank majburiyatlari;

- qoplanish muddati bo'lmagan va/yoki 365 kundan kam bo'lgan depozit va boshqa qarz mablag'larining 30 foizi.

Barqaror moliyalashtirilishi uchun zarur bo'lgan summasiga esa quyidagilar kiradi:

- qoplanish muddatiga 365 kun va undan ortiq muddat qolgan bankning barcha aktivlari;

- sud jarayonidagi va/yoki belgilangan tartibda undirilmagan aktivlar;

- likvidli aktivlar chegirilgan holda 365 kundan kam bo'lgan boshqa aktivlar summasining 30 foizi.

Yuqorida keltirilgan Nizomga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar asosida belgilangan yangi me'yorlar bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasining yangi tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo'lib, ular bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

Bu bilan, tijorat banklari o'z faoliyatlarini yangi me'yorlarga muvofiqlashtirish uchun ma'lum vaqtga ega bo'lishadi va bankning rivojlantirish strategiyalarini mazkur nizom talablarini inobatga olgan holda ishlab chiqishi lozim bo'ladi.

Yuqorida keltirilgan qoidalarning joriy qilinishi tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va likvidligini oshirish imkoniyatlarini yaratadi, pirovardida tijorat banklarining omonatchilari va kreditorlarining manfaatlarini yanada himoya qilinishini ta'minlaydi.


Sh.J. Xaliyarov

O'zbekiston Respublikasi
Markaziy bankining
Kredit tashkilotlari faoliyatini
litsenziyalash va tartibga solish
departamenti direktori o'rinbosari





[1] Bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasi – bank nazorati organlarining qo'mitasi hisoblanib, 1975 yilda o'nlik Guruhi (G-10) tarkibiga kiruvchi mamlakatlar Markaziy banklari Boshqaruvchilari tomonidan tashkil etilgan. Ushbu qo'mita tarkibiga Belьgiya, Kanada, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya va AQSh davlatlarining Markaziy bank va bank nazorati organlarining vakillari kiradi. Bazelь qo'mitasi Shveytsariyaning Bazelь shahridagi Xalqaro hisob-kitoblar banki binosida joylashgan.

Bazelь qo'mitasi tomonidan bank nazoratini tashkil qilish bo'yicha bir qator tavsiya va talablar ishlab chiqilgan bo'lib, bugungi kunda jahonning qariyib 120ta davlatlarining bank nazorati organlari tomonidan qabul qilingan hamda qo'llanib kelinmoqda.

Bank nazorati bo'yicha Bazelь qo'mitasi 1990 yillarning boshlaridan rivojlanayotgan mamlakatlar bank nazorati idoralari bilan ham keng miqyosdagi masalalar bo'yicha hamkorlik qila boshladi. O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki 1995 yili mazkur qo'mitaning Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlari guruhiga a'zo bo'lib kirgan.
Ro’yxatdan o’tish muddati: 04 fevral 2016 y.
docx 19.2 КБ
Yuklab olish



Ulashish:

 
USD = 12620.09
+19.95
EUR = 13599.41
-42.76
RUB = 136.73
+0.81
GBP = 15892.48
-16.46
JPY = 83.33
+0.09
CHF = 13926.38
+8.19
CNY = 1745.42
+1.99
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X