Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada bo'lish tartibi to'g'risidagi nizomga kiritilgan 2-son o'zgartirish va qo'shimchalarga sharh

Yangilangan sana:  19 May 2019, 13:40

O'zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi Qonuni 3-moddasida depozit sertifikati - bankka qo'yilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qog'oz sifatida ta'riflangan.

Respublikamizda tijorat banklari tomonidan depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish hamda mazkur sertifikatlarning muomalada bo'lish tartibi “Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada bo'lish tartibi to'g'risida nizom”ga (ro'yxat raqami 1859,
2008 yil 24 sentyabrь) muvofiq belgilab berilgan. Mazkur Nizom O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki to'g'risida”, ”Banklar va bank faoliyati to'g'risida”, “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi qonunlari asosida ishlab chiqilgan.

Depozit (omonat) sertifikatlarining o'ziga xos xususiyati va afzalligi haqida qisqacha fikr yuritadigan bo'lsak, shuni aytib o'tish joizki, sertifikat egasida omonat summasini olishga sertifikatda belgilangan muddatdan avval zaruriyat tug'ilsa, u holda sertifikat blankasidagi uni boshqa shaxsga o'tkazish yozuvi (tsessiya)ni rasmiylashtirish orqali omonat summasi va sertifikatda shartlashilgan foizlarga ega bo'lish mumkin.

Ma'lumki, qimmatli qog'ozlar:

- O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 58-moddasi, “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonuni 31-moddasi va “Mas'uliyati cheklangan hamda qo'shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to'g'risida”gi Qonuni 15-moddasiga muvofiq xo'jalik shirkati yoki jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo'shiladigan hissalar bo'lishi;

- O'zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 269-moddasi, “Garov to'g'risida”gi Qonuni 45-moddasi va “Iste'mol krediti” to'g'risida”gi Qonuni 17-moddasiga muvofiq garovda bitim ob'ekti bo'lishi yuzasidan umumiy normalar mavjud.

Mamlakatimiz Prezidenti va Hukumati tomonidan xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sohasida byurokratik g'ovlarni bartaraf etish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini qisqartirish hamda soddalashtirish hisobiga ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirish maqsadida ko'plab yangi qonun hujjatlari qabul qilinmoqda. Xususan, ruxsat berishning notarial tartibda rasmiylashtirilishini bekor qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Amaldagi Nizomga muvofiq omonat sertifikati talab qilib olish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish (tsessiya) jarayonini rasmiylashtirishda tuzatishlar kiritish notarial tartibda amalga oshirilishi yuzasidan talab mavjud bo'lib, mazkur talabning bekor qilinishi omonatchilar va investorlarning manfaatlari himoyasini ta'minlaydi.

Shuningdek, aktsiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish va qimmatli qog'ozlar bozorini yanada rivojlantirish maqsadida mamlakatimiz Prezidentining 2014 yil 7 aprelda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” PF-4609-sonli Farmoniga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 2 iyulda 176-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomda qimmatli qog'ozlarga oid zaruriy ma'lumotlarni oshkor qilish tartibi belgilangan.

Ushbu tartibning joriy etilishi sertifikatlar bilan bog'liq ma'lumotlarning oshkor etilishi yuzasidan amaldagi Nizomga zaruriy qo'shimchalar kiritishni talab etadi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasining yangi tahrirda amalga kiritilgan «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi Qonunida aktsiyadorlik jamiyatlari shakllari nazarda tutilmagan, ya'ni aktsiyadorlik jamiyatlari “ochiq” yoki “yopiq” turda faoliyat ko'rsatishi belgilanmagan. Shunga ko'ra, tijorat banklari ustaviga o'zgartirishlar kiritilib, ular nomidagi “ochiq” va “yopiq” so'zlari chiqarib tashlandi va qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiqlashtirildi.

Ustaviga o'zgartirishlar kiritilgan mazkur banklar tomonidan hozirgi vaqtda katta hajmdagi depozit (omonat) sertifikatlari muomalaga chiqarilgan bo'lib, ba'zi sertifikatlar bo'yicha omonat summasini to'lab berish muddati etib kelmagan. Ayrim banklarda esa aholi yoki xo'jalik sub'ektlari o'rtasida hali joylashtirilmagan sertifikatlar blankalari mavjud. Shuningdek, amaliyotda bank yoki omonatchilarning joylashgan joyi va manzilining o'zgarish holatlari uchrab turadi.

Bu o'z navbatida tijorat banklari va omonatchilar o'rtasida depozit (omonat) sertifikatlari bo'yicha tuzilgan shartnomalarga o'zgartirish va (yoki) qo'shimchalar hamda sertifikatlar blankalariga o'zgartirishlar kiritish yuzasidan savol va so'rovlarini yuzaga kelishiga sabab bo'lmoqda. Bunga misol tariqasida bank va omonatchiga oid – bank va sertifikat egasining nomi, ularning joylashgan manzili hamda sertifikatlar oldi-sotdi bitimlarini imzolagan mansabdor shaxslari kabi ma'lumotlar o'zgarishiga bog'liq holatlarni keltirish mumkin.

Yuqoridagi qonunchilik normalarini amalga tatbiq etish, ularga aniqlik kiritish va sertifikatlar muomalasini takomillashtirish maqsadida amaldagi Nizomga (ro'yxat raqami 1859, 2008 yil 24 sentyabrь) tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish loyihasi ishlab chiqildi va qimmatli qog'ozlar bozori bo'yicha vakolatli davlat organi – O'zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo'mitasi huzuridagi Qimmatli qog'ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bilan kelishildi.

Mazkur o'zgartirish va qo'shimchalar O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015 yil 31 yanvardagi 2/2-sonli qarori bilan tasdiqlandi va Adliya vaziriligida 2015 yil 4 martda 1859-2-son bilan davlat ro'yxatiga olindi.

Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada bo'lish tartibi to'g'risidagi nizomga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarga muvofiq Nizomning 5-bandiga sertifikatlar oldi-sotdi, hadya qilish, meros qilib olish, ustav fondiga kiritish va egasi almashuviga olib keladigan boshqa bitimlarda, shuningdek garovda bitim ob'ekti bo'lishi mumkinligi mazmunidagi xatboshi bilan to'ldirildi.

Nizomning 5-bandiga kiritilgan mazkur qo'shimchalar sertifikat egasi hisoblangan:

- yuridik shaxs tomonidan tuziladigan oldi-sotdi, hadya qilish, ustav fondiga kiritish, garov va egasi almashuviga olib keladigan boshqa bitimlarda bitim ob'ekti sifatida;

- jismoniy shaxslar tomonidan tuziladigan oldi-sotdi, hadya qilish, meros qilib olish, garov va egasi almashuviga olib keladigan boshqa bitimlarda bitim ob'ekti sifatida o'ziga tegishli sertifikatdan foydalanish huquqini beradi.

Nizomning 27-bandidan “notarial tartibda yoki” degan so'zlari chiqarib tashlandi. Mazkur o'zgartirish omonat sertifikatini boshqa shaxsga o'tkazish (tsessiya) jarayonining soddalashtirishtirilgan tartibini belgilaydi va tsessiyani rasmiylashtirishdagi tuzatishlarni sertifikatni bergan bankda amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, Nizomga:

- banklar bevosita o'zlari yoki boshqa banklar tomonidan joylashtirilgan sertifikatlar bilan ta'minlangan kredit ajratishga haqliligi yuzasidanyangi 51-band;

- banklar tomonidan sertifikatga oid axborotlar O'zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog'ozlar bozori to'g'risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 2 iyuldagi 176-sonli qarori bilan tasdiqlangan Aktsiyadorlik jamiyatlarining korporativ veb-saytlariga qo'yiladigan talablar to'g'risidagi nizom talablariga muvofiq oshkor qilinishi yuzasidan yangi 81-band;

- sertifikatlarni chiqarish shartlari Markaziy bankda ro'yxatga olingandan so'ng, ushbu shartlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa:

·  sertifikatlarga doir shartnomalarni imzolagan mansabdor shaxslar;

·  bank va (yoki) sertifikat egasining joylashgan manzili;

·  bankning tashkiliy-huquqiy shakli o'zgartirilmagan holda nomi, shu jumladan kirill harflaridan lotin harflariga o'zgarganda, sertifikatni chiqarish shartlari, sertifikat blankalari va sertifikatlarni joylashtirish jarayonida rasmiylashtirilgan shartnomalarga o'zgartirish va (yoki) qo'shimchalar kiritish talab etilmasligi yuzasidan yangi 311-bandlar kiritildi.

Mazkur o'zgartirish va qo'shimchalar sertifikat egalariga istalgan bankdan kredit olishda o'zlariga tegishli sertifikatlardan ta'minot sifatida foydalanish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, sertifikatlar bo'yicha bank va omonatchi o'rtasidagi tuzilgan shartnomalar, kelishuv munosabatlari va sertifikatlar egasining almashuviga olib keladigan bitimlar soddalashuvini ta'minlab, sertifikatlar muomalasining takomillashuviga xizmat qiladi.


O'.B.Jo'raev - O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki

Tijorat banklarining qimmatli qog'ozlari

boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari

Ro’yxatdan o’tish muddati: 04 fevral 2016 y.
docx 15.2 КБ
Yuklab olish



 
USD = 10490.65
+12.79
EUR = 12513.25
-93.71
RUB = 140.52
-1.32
GBP = 14499.13
-95.48
JPY = 96.73
-0.88
CHF = 11288.77
-61.96
CNY = 1617.98
-1.6
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X