Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-sentabrdagi PQ–282-sonli “Moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan moliyaviy hisob tizimini xalqaro talab va standartlarga muvofiq takomillashtirish hamda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) oʻtishning yangi bosqichi belgilab berildi.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida sohada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qaror talablari doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan buxgalteriya hisobi va audit sohasi boʻyicha vazirlik vakillari, malakali mutaxassis va amaliyotchilar, ilmiy soha vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlardan iborat Metodologik kengash tashkil etildi va uning tarkibi hamda ish reglamenti tasdiqlandi. Metodologik kengashga 14 ta tashkilotlardan 17 ta soha mutaxassislari jumladan Markaziy bankining Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti boʻlimi boshligʻi Sh.B.Xasanov ham kengash a’zoligiga kiritildi.
Metodologik kengashning asosiy vazifalari buxgalteriya hisobi va auditorlik faoliyati sohasidagi milliy qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro talab va standartlar hamda ilgʻor xalqaro tajribaga moslashtirish boʻyicha takliflar berish, buxgalteriya hisobi uslubiyotini shakllantirish va auditorlik faoliyati sohasidagi masalalar boʻyicha uslubiy tavsiya berishdan iborat boʻlib, Metodologik kengashning tashkil etilishi buxgalteriya hisobi va audit sohasida xalqaro standartlarga oʻtishni jadallashtirish, qarorlar va normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish hamda sohaga doir mutaxassislarning malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek mazku qaror talablari asosida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy banki boshqaruvi tomonidan “Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qoʻyiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 27-dekabrda 3736-raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Oʻz navbatida, MHXSni amaliyotga joriy qilish boʻyicha tashkiliy va uslubiy jihatdan taʻminlab borishda, tijorat banklarining:
- korporativ boshqaruvi tizimini tashkil etishda, hususan ausit qoʻmitasini tashkil etishda “Tijorat banklarida korporativ boshqaruv toʻgʻrisida”gi Nizomga (roʻyhat raqami 3254, 2020-yil 30-iyun) talablariga rioya qilish va undan uslubiy koʻrsatma sifatida foydalanish;
- hisob siyosati va ichki normativ hujjatlarini ishlab chiqishda “Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida”gi Nizomga (roʻyhat raqami 3337, 2021-yil 27-noyabr) muvofiq qonunchilik va MHXS talablarini hisobga olish lozimligi qayd etiladi.