Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Ichki valyuta bozorining 2021-yil holati boʼyicha qisqacha sharhi

Yangilangan sana:  21 Yan 2022, 09:50
20 Yan 2022

Ichki valyuta bozori 2021-yilda chet el valyutasiga boʼlgan talabning ortishi hamda qulay tashqi bozor konyunkturasi va iqtisodiy oʼsishning yuqori koʼrsatkichlari fonida taklifning ham oʼsishi bilan xarakterlandi.

2021-yil davomida tashqi savdo aylanmasining jadallashishi kuzatildi. Xususan, eksport tushumlari hajmi (oltin eksportini hisobga olmaganda) oʼtgan yilga nisbatan 34 foizga oʼsib, 11,6 mlrd. АQSh dollariga yetdi. Shuningdek, import toʼlovlari oʼtgan yilga nisbatan 25 foizga oshib, 25,7 mlrd. АQSh dollarini tashkil etdi.

Ichki valyuta bozorida chet el valyutasiga boʼlgan talabning umumiy hajmi 2021-yilda 26,1 mlrd. АQSh dollarini tashkil etib, 2019 va 2020-yillarning tegishli davrlariga nisbatan mos ravishda 1,7 va 1,3 barobarga oshdi.

2019-2021-yillarda ichki valyuta bozori segmentlari kesimida chet el valyutasiga boʼlgan talab dinamikasi

mln.АQSh doll.

photo_2022-01-20_19-49-37.jpg

Ichki valyuta bozorida chet el valyutasidagi umumiy taklif hajmi 2021-yilda 22,9 mlrd. АQSh dollarini tashkil etib, oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga oʼsdi (2020-yilda – 14,3 mlrd. АQSh doll., 2019 yilda – 11,7 mlrd. АQSh doll.).

 Xususan, mazkur davrda:

xoʼjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 11,0 mlrd. АQSh dollari miqdoridagi chet el valyutalari sotilgan boʼlib, ushbu koʼrsatkich oʼtgan yilga nisbatan 1,7 barobarga oshdi (2020-yilda – 6,7 mlrd. АQSh doll.);

banklar va jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan chet el valyutalari miqdori 7,4 mlrd. АQSh dollarini yoki oʼtgan yilga nisbatan 44 foizga koʼp boʼldi (2020-yilda – 5,1 mlrd. АQSh doll.).

 

2019 - 2021-yillarda ichki valyuta bozoridagi taklif manbalari

mln.АQSh doll.

photo_2022-01-20_19-49-50.jpg

I. Yuridik shaxslar bilan amalga oshirilgan valyuta operatsiyalari 

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʼlgan talab 2021-yilda 2020-yilga (15,4 mlrd. АQSh doll.) nisbatan 40 foizga oʼsib, 21,5 mlrd. АQSh dollarini tashkil etdi.

2021-yilning 15-fevralida valyuta oldi-sotdi operatsiyalariga kiritilgan oʼzgarishlar birjadan tashqari valyuta bozorida mijozlar bilan mustaqil ravishda toʼgʼridan-toʼgʼri valyuta operatsiyalarini amalga oshirish imkonini berdi.

Natijada, tijorat banklarining xoʼjalik yurituvchi subyektlar bilan toʼgʼridan-toʼgʼri amalga oshirilgan bitimlar hajmi sezilarli darajada oʼsib (jami operatsiyalarning 94%), mazkur davrda 20,3 mlrd. dollarni tashkil etdi (2020-yilda – 3,7 mlrd. doll.).

2019-2021-yillarda yuridik shaxslarning birja va birjadan tashqari valyuta bozorlarida chet el valyutasi xaridi

mln.АQSh doll.

photo_2022-01-20_19-50-00.jpg 

2021-yilda importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablagʼlar (konvertatsiya) ulushi 60 foizni, xorijiy valyutadagi oʼz mablagʼlari hisobiga importni moliyalashtirish 25 foizni, chet el valyutasidagi kreditlar hisobiga moliyalashtirish esa 16 foizni tashkil etdi. Oʼtgan yilda ushbu koʼrsatkichlar mos ravishda 57, 24 va 18 foizga teng boʼlgan.

2020-2021-yillarda importni moliyalashtirish manbalari

foizda

photo_2022-01-20_19-50-12.jpg

Ichki valyuta bozorida chet el valyutasining asosiy qismi yoki 57 foizi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 20 foizi valyutadagi kreditlarni soʼndirish, 20 foizi xalq isteʼmoli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 1 foizi xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 2 foizi boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.

2021-yilda ichki valyuta bozorida chet el valyutasini xarid qilgan xoʼjalik yurituvchi subyektlarning oylik oʼrtacha soni 9 887 tani tashkil etib, 2019 va 2020-yillarning mos davriga nisbatan 48 va 39 foizga oshgan (2019 yilda –      6 686 ta, 2020-yilda – 7 137 ta).

2020-2021-yillarda chet el valyutasini sotib olish maqsadlari tarkibi

foizda

photo_2022-01-20_19-50-25.jpg

II. Jismoniy shaxslar bilan amalga oshirilgan operatsiyalar

2021-yil mobaynida jismoniy shaxslar tomonidan tijorat banklariga sotilgan chet el valyutasi miqdori 7,1 mlrd. АQSh dollarini tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 1,5 barobarga oshdi (2020-yilda - 4,6 mlrd. АQSh doll.).

Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga 4,6 mlrd. АQSh dollari sotildi hamda ushbu koʼrsatkich oʼtgan yilga nisbatan 12 foizga oʼsdi (2020-yilda - 4,1 mlrd. АQSh doll.).

2021-yilda jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar hajmi

mln.АQSh doll.

photo_2022-01-20_19-50-36.jpg                                                                                                                                                          

2021-yilda jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʼlgan taklif hajmi unga boʼlgan talab hajmidan 2,5 mlrd. АQSh dollariga ortiq boʼldi (2020-yil 5 barobar koʼp). Bu oʼz navbatida, ichki valyuta bozorida qoʼshimcha taklif manbai boʼlib xizmat qildi.

2021-yilda xalqaro pul oʼtkazmalari orqali respublikaga 8,1 mlrd. АQSh dollari miqdorida valyuta mablagʼlari kelib tushgan boʼlib, ushbu koʼrsatkich 2019 - 2020-yillarga nisbatan 34 foizga oshdi (6,0 mlrd. АQSh dollar).

Xalqaro pul oʼtkazmalari orqali respublikadan 1,6 mlrd. АQSh dollari miqdorida valyuta mablagʼlari chetga joʼnatilgan.

 

2019 - 2021-yillarda xalqaro pul oʼtkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablagʼlari hajmi

mln.АQSh doll.

photo_2022-01-20_19-50-46.jpg  

III. Аlmashuv kursi dinamikasi

2021-yilda milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif faktorlari hamda tashqi omillar taʼsirida shakllandi.

Xususan, respublikada iqtisodiy va investitsion faollikning tezlashishi natijasida valyutaga boʼlgan talabning oʼsishi oʼz navbatida qulay tashqi sharoitlar va jahonda asosiy eksport tovarlarimizga boʼlgan narxlarning oshishi fonida xoʼjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan valyuta taklifining koʼpayishi bilan muvozanatlandi.

Natijada, hisobot yilida milliy valyutaning АQSh dollariga nisbatan kursi 3,4 foizga qadrsizlandi. Milliy valyutaning АQSh dollariga nisbatan qadrsizlanishi 2020-yilda 10,1 foizni hamda 2019-yilda 13,9 foizni tashkil etgan.

2021-yilda real samarali almashuv kursi indeksi savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslarining qadrsizlanishi hamda ichki inflyatsiyaning hamkor davlatlar inflyatsiya darajasiga nisbatan yuqoriroroq boʼlishi hisobiga 5,2 foizga mustahkamlandi.

USD = 11024.92
-23.36
EUR = 10592.74
-64.43
RUB = 189.51
-1.72
GBP = 11895.89
+91.91
JPY = 76.33
-0.35
CHF = 11138.53
-36.02
CNY = 1537.75
-4.36
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X