Markaziy bank stipendiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining stipendiya dasturi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan iqtidorli va tashabbuskor talabalarni rag‘batlantirish, ularning bank sohasi, iqtisodiyot, moliya va axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida maxsus stipendiya dasturi amalga oshiriladi.
Mazkur dastur har yili o‘tkazilib, unda respublikamizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ishtirok etish huquqi quyidagi oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida bakalavriatning so‘nggi bosqichida yoki magistratura darajasida tahsil olayotgan talabalarga beriladi:
· - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
· - Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
· - Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti
· - Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti
· - Toshkentdagi INXA universiteti
· - Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti
· - Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti
· - MGIMO (Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti) Toshkent filiali
Stipendiya shartlari va imkoniyatlari
Markaziy bank stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining kamida uch baravari miqdorida belgilanadi. Stipendiatlar tanlov asosida saralab olinadi va ular Markaziy bankning tegishli bo‘linmalarida haftasiga 15 soatdan oshmagan tarzda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu jarayon talabalarga bank tizimi bilan yaqindan tanishish, nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish imkonini beradi.
Talabgorlar uchun asosiy talablar
· - So‘nggi o‘quv yili yakuniga ko‘ra reyting ko‘rsatkichi kamida 86% bo‘lishi;
· - Davlat tilini mukammal darajada egallagan bo‘lishi;
· - Rus va ingliz tillarini kamida B2 darajasida bilishi.
Ustunlik beriladigan mezonlar
· - ACCA va boshqa xalqaro darajadagi moliyaviy sertifikatlarga ega bo‘lish;
· - Big Data (katta ma’lumotlar) bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lish;
· - IELTS sertifikatida 7.0 yoki undan yuqori ball;
· - Iqtisodiyot, moliya yoki axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi xalqaro yoki respublika miqyosidagi olimpiadalarda g‘olib yoki sovrindor bo‘lish.
Taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar
· - Talabaning umumiy ma’lumotnomasini (ob’ektivka);
· - Shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) nusxasi;
· - Reyting (sinov) daftarchasi nusxasi;
· - Agar nomzod xorijiy davlat OTMida o‘qiyotgan bo‘lsa – o‘zlashtirish ballari ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
· - Chet tillarini bilishni tasdiqlovchi sertifikatlar, ilmiy maqolalar, konferensiya tezislari va boshqa qo‘shimcha ilmiy-ijodiy materiallar (mavjud bo‘lsa).
Zarurat tug‘ilganda hujjatlarning asl nusxalari ham talab qilinishi mumkin.