O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, Mamarizo Berdimuratovich Nurmuratov Markaziy bank Boshqaruvi raisi sifatidagi faoliyatini yakunladi.
Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qatnashib, Mamarizo Nurmuratovning uzoq yillik samarali mehnatlari va mamlakatimiz bank tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasini e’tirof etdi.
Mamarizo Nurmuratovning Markaziy bankka raisligi davrida qator muhim islohotlar, xususan, valyuta bozorining liberallashtirilishi, pul-kredit siyosatida inflyatsion targetlash rejimiga o‘tilishi, bank tizimining raqamlashtirilishi, bank-moliya tizimining erkinlashtirilishi natijasida yangi moliya institutlarining kengaytirilishi, Markaziy bank faoliyatining ochiq va shaffofligini ta’minlashda yangi bosqichga chiqilishi kabi ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi.
O‘z navbatida, Markaziy bank jamoasi Mamarizo Berdimuratovichga yuksak xizmatlari, adolatli va samimiy rahbar, jonkuyar ustoz sifatidagi fidoyiliklari uchun minnatdorlik bildiradi. Ularga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaydi.
Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank Boshqaruvi raisi sifatidagi faoliyatini yakunladi
Yangilangan sana: 11 Dek 2024, 21:59