Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026-yilning may oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlar (jami 8 marotaba) davomida 36 ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 26 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatlarini taqdim etish (2 ta), mikromoliya va faktoring tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (2 ta), to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyani vaqtincha to‘xtatib turish (1 ta), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (14 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ko‘rib chiqildi. Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari, taqsimlanmagan foydani taqsimlash hamda tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritmaganligi, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.