Markaziy bankda jurnalist va blogerlar uchun “Kredit axboroti almashinuvi sohasidagi o‘zgarishlar: amaldagi holat va kutilayotgan yangiliklar" mavzusida media-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Media-muloqotda jismoniy va yuridik shaxslarning kredit axborotini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kiritilayotgan kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berildi.
Media-muloqotda Markaziy bank mas’ul xodimlari, “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosi MCHJ va “CRIF Kredit axborot xizmatlari” MCHJ rahbarlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda kredit axboroti tahlili bilan bog‘liq so‘nggi o‘zgarishlar haqida so‘z bordi. Jumladan, endilikda jismoniy shaxs o‘zining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin. Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash to‘g‘risidagi ariza olingan paytdan e’tiboran kredit byurosi darhol uni reyestrga kiritadi.
Media-muloqotda ishtirokchilar kredit axboroti tahliliga oid yangi o‘zgarishlar hamda kredit byurolari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, kredit axboroti tahlili qanday yuritiladi, kredit tarixi yomonlashishiga sabab bo‘ladigan omillar, onlayn firibgarliklardan himoyalovchi — “Freeze” xizmati bilan bog‘liq va boshqa savollariga mutaxassislardan javob oldilar.
“Kredit axboroti almashinuvi sohasidagi o‘zgarishlar: amaldagi holat va kutilayotgan yangiliklar” mavzusida media-muloqot
Yangilangan sana: 4 Fev 2025, 18:28