Tadbir davomida kreditlarni qayta moliyalashtirish bozorini rivojlantirish va aholining qarz yukini pasaytirish maqsadida Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirishlar haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.
Mazkur o‘zgartirishlar qarz yuki ko‘rsatkichi hisob-kitobida qayta moliyalashtirilayotgan kredit bo‘yicha to‘lovlar inobatga olinmasligi, qarz oluvchilarning boshlang‘ich qarzini qaytarish maqsadida uni maqbul shartlarda boshqa kredit shartnomasini tuzishga rag‘batlantirish insofsiz xizmat ko‘rsatish amaliyoti sifatida ko‘rib chiqilmasligi, shuningdek, qayta moliyalashtirish natijasida 30 kundan oshmagan muddat uchun hisoblangan foizlar kapitalizatsiya qilingan kreditlar shartlari qayta ko‘rib chiqilgan kreditlar sifatida baholanmasligini nazarda tutilmoqda.
Tijorat banklari vakillari qayta moliyalashtiriladigan kreditlar bo‘yicha ta’minot masalasiga, shuningdek, shartlari qayta ko‘rib chiqilgan kreditlar bilan qayta moliyalashtiriladigan kreditlar o‘rtasida aniq huquqiy farqlar o‘rnatilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, muayyan kreditni qayta moliyalashtirish operatsiyalari sonini bir marotabagacha cheklash, qayta moliyalashtirish natijasida yangi kreditni amaldagi kredit shartnomasida belgilanganidan ko‘ra kattaroq summada ajratish va bank kredit portfelida qayta moliyalashtirilgan kreditlar ulushini cheklash kabi masalalar muhokama qilindi.
Markaziy bank banklar o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish va aholining qarz yuki ko‘rsatkichi haddan tashqari oshib borishining oldini olish uning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi qayd etdi va banklar tomonidan bildirilgan takliflarni umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va ehtimoliy tavakkalchiliklarni inobatga olgan holda ko‘rib chiqishga tayyor ekanligi bildirdi.
Qayta moliyalashtirish xizmatlarini onlayn formatda ko‘rsatish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘tkazilgan uchrashuv kreditlarni qayta moliyalashtirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqishda muhim bosqich bo‘lib, moliyaviy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan keyingi qadamlar uchun zamin yaratdi.
Markaziy bankda Kreditlarni qayta moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qonunchilikni takomillashtirishga oid takliflarni shakllantirish maqsadida kreditlarni qayta moliyalashtirish bo‘yicha ishchi guruh uchrashuvi o‘tkazildi
Yangilangan sana: 7 Mar 2025, 10:54