• Oʻzbekistonning iqtisodiy koʻrsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda, jumladan, iqtisodiy oʻsish surʼatlari barqaror, konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi va joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi qisqarmoqda va xalqaro zaxiralar yetarli darajada.
• Tashqi sharoitlarning yuqori noaniqligiga qaramay, amalga oshirilayotgan islohotlar va pul oʻtkazmalarining yuqori darajasi fonida iqtisodiy oʻsish barqaror boʻlib qolishi prognoz qilinmoqda, inflyatsiya esa qatʼiy makroiqtisodiy va makroprudensial siyosat sharoitida pasayishi kutilmoqda.
• Kelgusida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish maqsadida iqtisodiy islohotlar dasturini davom ettirish, shu bilan birga xususiy sektorning yetakchi roli bilan keng qamrovli oʻsishga koʻmaklashish ustuvor vazifalar hisoblanadi.
Oʻzbekistonning iqtisodiy koʻrsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda. 2024-yilda real yalpi ichki mahsulotning oʻsishi barqaror ichki talab tufayli 6,5 foizni tashkil etdi va 2025-yilning birinchi choragida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,8 foizga oshib, yuqori darajada saqlanib qoldi. Inflyatsiya 2024-yil aprel oyi oxirigacha pasaygan boʻlsa, elektr energiyasi tariflarining zarur islohoti tufayli 2024-yil may oyida yillik 10,6 foizgacha oshdi. 2025-yil aprel oyi oxiriga kelib, 10,1 foizgacha pasaydi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi sezilarli pul oʻtkazmalari, oltin bilan bogʻliq boʻlmagan eksportning jadal oʻsishi, xomashyo narxlarining ijobiy dinamikasi va 2023-yilda importning bir martalik koʻtarilishi taʼsirining tugashi tufayli 2024-yilda YAIMga nisbatan 2,6 foiz bandga qisqarib, 5,0 foiz atrofida shakllandi. Xalqaro zaxiralar yuqoriligicha qolmoqda. 2024-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi YAIMga nisbatan 1,7 foiz bandga qisqarib, 3,2 foizni tashkil etdi.
Umuman olganda, rivojlanish istiqbollari ijobiy boʻlib qolmoqda. Global savdo siyosati boʻyicha noaniqliklarning kuchayishiga qaramay, bazaviy ssenariyga koʻra, real yalpi ichki mahsulotning oʻsishi barqaror boʻlib qolishi va joriy hamda kelgusi yilda taxminan 6 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, bunga xususiy isteʼmol va investitsiyalarning barqaror oʻsishi, shuningdek, tarkibiy islohotlarning ilgari surilishi yordam beradi. Bu qatʼiy pul-kredit va makroprudensial siyosatni saqlab qolinishi hamda byudjet intizomini mustahkamlash bilan birgalikda 2027-yil oxiriga kelib inflyatsiyani Markaziy bankining maqsadli koʻrsatkichi - 5 foizgacha pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda. 2025-2026-yillar davomida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 5 foiz yoki undan biroz past darajada saqlanib qolishi, xalqaro zaxiralar esa 2026-yil oxirigacha 9,2 oylik import darajasida yetarli darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.
Rivojlanish istiqbollarining yomonlashuvi bilan bogʻliq xatarlarga savdo siyosati bilan bogʻliq davomiy va keskin shoklar, xomashyo narxlari oʻzgaruvchanligining oshishi, tashqi moliyalashtirish va davlat korxonalari va banklari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartli majburiyatlarining qatʼiylashtirilishi kiradi. Tarkibiy islohotlarning jadallashuvi, daromadlar va kapital oqimining koʻpayishi, shuningdek, xomashyo narxlarining qulay dinamikasi bilan bogʻliq imkoniyatlar ijobiy kutilmalar boʻlib qolmoqda.
Ijroiya kengashining bahosi
Ijrochi direktorlar XVJ xodimlari baholashining umumiy yoʻnalishiga rozi boʻlishdi. Ular bozor iqtisodiyotiga oʻtishda davom etayotgan taraqqiyot sharoitida Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanishining ijobiy istiqbollarini maʼqulladilar. Shu bilan birga, direktorlar iqtisodiyotda davlatning iqtisodiyotdagi roli yuqori saqlanib qolayotganligi va tashqi sharoitlarda noaniqliklar ortib borayotganligi sababli zaiflik omillari saqlanib qolayotganligini taʼkidladilar. Ushbu sharoitda, ular makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash hamda barqaror va izchil oʻsishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Jamgʻarmaning texnik koʻmagi yordamida tarkibiy va institutsional islohotlar surʼatini davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.
Direktorlar erishilgan sezilarli byudjet konsolidatsiyasini ijobiy baholadilar. Umuman olganda, ular ijtimoiy soha va rivojlanish sohasidagi ustuvor ehtiyojlarni qondirish uchun byudjet imkoniyatlarini yaratish maqsadida soliqlarning YAIMga nisbatini va xarajatlar samaradorligini oshirishga chaqirdilar. Direktorlar inflyatsiyani pasaytirishni qoʻllab-quvvatlash uchun tashqi qarz olish limitlariga rioya qilish va oltin narxining yuqoriligi sababli davlat xarajatlarining protsiklikligiga yoʻl qoʻymaslik muhimligini taʼkidladilar. Shuningdek, davlat korxonalari va davlat-xususiy sherikchiligi bilan bogʻliq byudjet xatarlarini monitoring qilish va ushbu xatarlarni boshqarish sifatini oshirish, shuningdek, davlat moliyasini boshqarishni yanada kuchaytirish va byudjet-soliq sohasida shaffoflikni oshirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Direktorlar Markaziy bankning inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan xatti-harakatlarini olqishladilar. Ular pul-kredit siyosati maʼlumotlarga tayanishi kerakligi va agar bazaviy inflyatsiya yoki inflyatsion kutilmalar pasaymasa, uni yanada qatʼiylashtirish kerakligiga hamfikr boʻlishdi. Direktorlar Markaziy bankni pul-kredit siyosatining kommunikatsiya va transmission mexanizmini yanada kuchaytirishga chaqirdi. Shuningdek, ular almashuv kursining moslashuvchanligini oshirish va markaziy bankning boshqaruv tizimi va mustaqilligini mustahkamlash uchun himoya mexanizmlari boʻyicha takliflarni amalga oshirishni tavsiya qildilar.
Direktorlar davlatning moliya sektoridagi rolini pasaytirgan holda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida bank nazorati va tartibga solishni kuchaytirishga chaqirdilar. Shu munosabat bilan davlat banklarining tijorat yoʻnalishini va ularning korporativ boshqaruvini kuchaytirish, direktiv va imtiyozli kreditlashdan bosqichma-bosqich voz kechish, xususiylashtirish ishlarini jadallashtirish va kengaytirish tavsiya etildi. Direktorlar, shuningdek, moliyaviy sektorni baholashning birinchi dasturi (FSAP) doirasidagi tavsiyalarga muvofiq rasmiy organlarga aktivlarni tasniflash, muammoli kreditlar boʻyicha hisobotlarni taqdim etish va tartibga solish tizimini, shuningdek, meʼyoriy-huquqiy bazani, nazorat tizimini, inqirozga qarshi boshqaruvni va AML/CFTni kuchaytirishni tavsiya qildilar. Qoʻshimcha makroprudensial choralar mikrokreditlashning yuqori oʻsishi bilan bogʻliq xatarlarni yumshatishga yordam berishi mumkin.
Direktorlar tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish va jadallashtirishga chaqirdi. JSTga aʼzo boʻlish va energetika sektorini isloh qilish jarayonidagi muvaffaqiyatlarni olqishlab, narxlar va savdoni liberallashtirishni yakunlash, davlat korxonalarini qoʻllab-quvvatlashni bosqichma-bosqich toʻxtatish va xususiylashtirishni jadallashtirish, shuningdek, uni ilgʻor xalqaro amaliyotga muvofiq amalga oshirish zarurligini taʼkidladilar. Direktorlar rasmiy idoralarni davlat boshqaruvi islohotlarini yanada takomillashtirishga, jumladan, shaffoflik va hisobdorlikni oshirishga, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini tasdiqlashga chaqirdi. Maʼlumotlardagi kamchiliklarni bartaraf etish va maʼlumotlar sifatini oshirish ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda.