Joriy yilda Markaziy bank tomonidan aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning geografiyasi yanada kengaytirildi — endilikda loyiha mamlakatimizdagi sharoiti og‘ir 3, 4 va 5 toifaga kirivchi 71 ta chekka tumanlar aholisiga moliyaviy savodxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish, tadbirkorlik imkoniyatlarini yetkazish va bank xizmatlarini targ‘ib qilish ishlari keng qamrovda olib borilmoqda.
Tashrif rejasiga asosan Surxondaryo viloyatining Bandixon, Boysun, Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarida Markaziy bank va tijorat banklari (Agro bank, Xalq bank, Mikrokredit bank, Milliy bank, O‘zsanoatqurilish bank, Biznesni rivojlatirish banki, Aloqa bank, Asaka bank) bilan birgalikda maqsadli guruhlarning moliyaviy savodxonligini oshirish masalalari bo‘yicha 9 ta davra suhbati o‘tkazildi.
Treninglar doirasida 9 ta tumanda o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida jami 683 nafar fuqarolar, jumladan, 220 nafar yoshlar, 482 nafar xotin-qizlar, 29 nafar tadbirkorlar, 270 nafar yordamchi agentlar va 164 nafar mahalla faollari ishtirok etishdi.
Treningda Markaziy bank va tijorat banklari mutaxassislari tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb qilish, jumladan, o‘zini-o‘zi band qilishda yaratilgan mikromoliyaviy xizmatlarning imkoniyatlari, imtiyozli kreditlash dasturlari, ijobiy kredit tarixini shakllantirishda mas’uliyatli qarz olishning ahamiyati, bank omonatlarini samarali boshqarish, kredit tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlarni o‘rnatish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish shuningdek, moliyaviy xavfsizlikning asosiy qoidalari kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.
Moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar geografiyasi yanada kengaytirilmoqda
Yangilangan sana: 24 Iyun 2025, 12:34