O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlari ishtirokida “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish strategiyasi”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu strategiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-sonli qaroriga muvofiq Markaziy bank tomonidan tijorat banklari bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqildi.
Mazkur Strategiya inklyuziv iqtisodiy o‘sishga qaratilgan islohotlarning davomi bo‘lib, bank-moliya sektorida gender siyosatini institutsionallashtirish, tadbirkorlik salohiyatini oshirish va moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Tadbirda Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari, amaliy ijro mexanizmlari hamda aniq natijalarga erishishga yo‘naltirilgan Yo‘l xaritasi taqdim etildi.
Tadbir davomida 2025-yil 20-avgust kuni bo‘lib o‘tgan davlat rahbarining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalar Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirilgan holda muhokama qilindi. Shuningdek, Strategiyani samarali amalga oshirish mexanizmlari va bu jarayonda xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish zaruriyati alohida ta’kidlandi.