Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy izohi

Yangilangan sana: 6 Yan 2026, 18:16
6 Yan 2026

Ijtimoiy tarqmoqlarda e’lon qilingan “Asosiy stavka pasayib borsa ham, nega kreditlar arzonlashmadi?” mazmunidagi materiallarga nisbatan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Markaziy bankning asosiy stavkasi 3 yil ichida 17 foizdan 14 foizgacha pasaydi. Shunga qaramay, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foizlar unchalik o‘zgarmadi. Iste’mol kreditlari o‘sishi ortidan bu holat tizimli xavflarga sabab bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan pul-kredit siyosati inflyatsiyani pasaytirish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan holda olib borilmoqda. So‘nggi uch yil davomida asosiy foiz stavkaning 17 foizdan 14 foizgacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimlarning pasayishi bilan izohlanadi. Xususan, inflyatsiya darajasi 2022-yil dekabr oyidagi 12,3 foizdan 2025-yil dekabrga kelib 7,3 foizgacha pasaydi.

Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari faqatgina Markaziy bankning asosiy stavkasi darajasiga bog‘liq holda shakllanmaydi. Kredit foiz stavkalari bir qator omillar ta’sirida belgilanadi.

Birinchidan, kredit foiz stavkalarining shakllanishida banklarning jalb qilayotgan resurslari bazasi qiymati muhim ahamiyat kasb etadi. Tijorat banklari asosan aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning omonatlari, shuningdek, ichki
va tashqi jalb qilingan mablag‘lar hisobidan kreditlar ajratadi. Mazkur resurslar bo‘yicha to‘lanadigan foizlar darajasi kredit stavkalarining past yoki yuqori bo‘lishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Xususan, 2022-yil dekabr oyida jismoniy va yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavka mos ravishda 20,2 foiz
va 16,9 foizni tashkil etgan. 2025-yil noyabr oyida ushbu depozitlar bo‘yicha foiz stavkalar mos ravishda 21 foiz hamda 16,4 foizni tashkil etmoqda. Muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining yuqoriligi aholi va yuridik shaxslarning yuqori inflyatsion kutilmalari bilan izohlanadi.

Shuningdek, inflyatsion kutilmalar kredit foiz stavkalarini belgilashda muhim omillardan biri hisoblanadi. Banklar uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha kelgusida inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lishi ehtimolini inobatga olib, real daromadlilikni saqlab qolish maqsadida o‘z foiz stavkalariga inflyatsion kutilmalarini qo‘shadilar.

Ikkinchidan, bank tizimidagi raqobat darajasi va operatsion xarajatlar kredit stavkalarining shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Banklar o‘rtasidagi raqobat kuchaygan sharoitda kredit stavkalarini pasaytirish uchun imkoniyatlar kengayadi.

Banklarning infratuzilma, xodimlar, texnologiyalar va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlari ham bank mahsulotlari narxi shakllanishiga ta’sir etadi. Xususan, bank tizimida davlat ulushi mavjud banklarning umumiy bank tizimidagi ulushi yuqori darajada (2025-yil 1-dekabr holatiga 65 foiz atrofida) saqlanib qolmoqda.
Bu, o‘z o‘rnida, bank tizimidagi raqobat muhitini cheklamoqda.

Uchinchidan, mamlakatda kapital bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi va uzoq muddatli, past foizli moliyaviy resurslarning cheklanganligi kredit foiz stavkalari shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Aholi va institutsional investorlarning uzoq muddatli jamg‘armalari cheklanganligi, shuningdek, kapital bozorida uzoq muddatli moliyalashtirish instrumentlarining yetarli darajada shakllanmaganligi banklarning kreditlashda asosan qisqa va o‘rta muddatli, nisbatan qimmatroq resurslarga tayanishiga olib kelmoqda. Mazkur holat, o‘z navbatida, kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishini cheklamoqda.

Shuningdek, asosiy foiz stavkasidagi o‘zgarishlarning iqtisodiyotga ta’siri darhol emas, balki ma’lum vaqt oralig‘ida va bosqichma-bosqich namoyon bo‘ladi. Pul-kredit siyosati transmission mexanizmi orqali asosiy stavkadagi o‘zgarishlar avvalo pul bozoriga, so‘ngra bank resurslari qiymatiga va yakuniy bosqichda kredit foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodiyotni kreditlash jarayonlari, jumladan iste’mol kreditlari bo‘yicha
esa Markaziy bank tomonidan doimiy monitoring olib borilmoqda. Kreditlashning tez sur’atlarda o‘sishi moliyaviy barqarorlikka xatar tug‘dirishi mumkinligini inobatga olgan holda, banklar tomonidan risklarni tartibga solish, kredit portfeli sifatini yaxshilash hamda zarur hollarda makroprudensial choralarni qo‘llash amaliyoti davom ettirilmoqda.

2024–2025-yillarda Markaziy bank tomonidan aholi qarz yukini maqbullashtirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida bir qator
chora-tadbirlar bosqichma-bosqich joriy etildi.

Birinchi bosqich sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024-yil 26-yanvardagi 42/16-sonli qarori (Adliya vazirligida
3205-3-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan) bilan kredit va mikroqarz berishda qarz yukini hisoblash va cheklash mexanizmi belgilab berildi.

Xususan, 2024-yil 1-iyuldan boshlab kredit ajratishda qarzdorning oylik to‘lovlarining daromadga nisbati 60 foizdan oshmasligi, 2025-yil 1-yanvardan esa 50 foizdan yuqori bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi. Bu mexanizm qarzdorning amaldagi barcha kreditlari bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq hisobga olishni, kreditlashda faqat yangi to‘lovlar emas, balki mavjud to‘lovlar ham aniq inobatga olinishini ta’minladi.

Ikkinchi bosqich sifatida, 2025-yil 8-apreldagi 7/3-sonli qarori (Adliya vazirligida 3618-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan) bilan kredit summasining garov qiymatiga nisbati bo‘yicha talablar belgilandi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, avtokreditlarda kredit summasining garov qiymatiga nisbati 75 foizdan oshmasligi, ipoteka kreditlarida esa bu nisbat Iqtisodiyot
va moliya vazirligining mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti bo‘yicha 85 foiz, boshqa ipoteka kreditlari bo‘yicha 80 foizdan yuqori bo‘lmasligi talab etildi.

Uchinchi bosqichda 2025-yil 5-dekabrdagi 31/9-sonli “Banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha to‘lovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori bilan bir qator talablar joriy etilmoqda va 2026-yil 21-yanvardan kuchga kirishi kutilmoqda.

Bunda joriy yildan boshlab tijorat banklari tomonidan kredit tavakkalchiligini kamaytirish va aholi qarz yuki darajasini maqbul darajada saqlab turish maqsadida qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichiga (Debt-to-income) doir talab amaliyotga kiritilmoqda. Unga ko‘ra, kreditning daromadga nisbati ko‘rsatkichining qiymati qarz oluvchi daromadining sakkiz baravaridan oshmasligi kerak.

Qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi – kredit boʻyicha asosiy qarz miqdorini qarz oluvchi oʻrtacha oylik daromadi miqdoriga boʻlish orqali aniqlanadi. Qayd etish oʻrinliki, mazkur koʻrsatkichga doir talablar Tailand, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Norvegiya, Slovakiya, Latviya, Belgiya, Yangi Zelandiya
hamda Qozogʻiston kabi mamlakatlarda joriy qilingan.

Bunda, qarzning daromadga nisbati koʻrsatkichi faqatgina isteʼmol kreditlari, mikroqarzlar va kredit kartalari (overdraftlar) taqdim etilganda hisoblanishi belgilanmoqda. Oʻz navbatida mazkur talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar hamda taʼlim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

USD = 12084.95
-51.97
EUR = 14182.90
-8.8
RUB = 159.31
-0.68
GBP = 16350.94
+34.06
JPY = 76.48
0
CHF = 15276.13
-21.22
CNY = 1735.57
-6.69
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X