Professional va ilmiy hamjamiyat bilan ochiq muloqotni rivojlantirish doirasida 2026-yil 16-aprel kuni Bank-moliya akademiyasida pul-kredit siyosatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida pul-kredit siyosatining mazmuni va uning iqtisodiy jarayonlardagi o‘rni haqida ma’lumot berildi. Asosiy e’tibor inflyatsiya masalasiga qaratilib, narxlar o‘sishi oddiy hodisa emas, balki talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik, bozor kutilmalari, tashqi omillar hamda monetar va fiskal sharoitlar ta’sirida shakllanadigan jarayon sifatida tushuntirildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda inflyatsion targetlash rejimi doirasida inflyatsiya bo‘yicha maqsadli (target) ko‘rsatkich belgilanib, pul-kredit siyosatiga oid qarorlar ushbu ko‘rsatkichga o‘rta muddatda erishishga qaratilishi qayd etildi. Asosiy stavka esa inflyatsion targetlash rejimining asosiy instrumenti bo‘lib, u orqali pul-kredit sharoitlar, kreditlar qiymati va umumiy iqtisodiy faollikka ta’sir ko‘rsatiladi.
Pul-kredit siyosati qarorlarining iqtisodiyotga ta’siri bosqichma-bosqich yuz berishi ham alohida yoritildi. Asosiy stavkadagi o‘zgarishlar bank tizimi orqali kredit va depozit stavkalariga o‘tadi, bu esa biznes qarorlari, investitsiyalar va aholining moliyaviy xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu ta’sir darhol emas, ma’lum vaqt oralig‘ida namoyon bo‘ladi. Shu sababli pul-kredit siyosati bo‘yicha qarorlar faqat joriy holatga emas, balki prognoz va kutilmalarga ham asoslanadi. Inflyatsion kutilmalar esa bu jarayonda alohida ahamiyatga ega, chunki bozor ishtirokchilarining narxlar bo‘yicha kutilmalari ularning qarorlarida aks etib, inflyatsion jarayonlarga ta’sir qilishi mumkin. Taqdimotda asosiy stavka, qisqa muddatli foiz stavkalari, kredit va depozit stavkalari, pul-kredit sharoitlari, YaIM tafovuti va inflyatsion kutilmalar o‘rtasidagi bog‘liqlik ham ko‘rsatib berildi.
Natijada pul-kredit siyosati iqtisodiyotda umumiy yo‘nalish va sharoitlarni belgilovchi muhim mexanizm sifatida namoyon bo‘ladi. U orqali kredit olish, investitsiya kiritish va jamg‘arish bilan bog‘liq moliyaviy qarorlar uchun muhit shakllanadi. Ushbu tizim qanchalik tushunarli, izchil va ishonchli bo‘lsa, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun shunchalik qulay asos yaratiladi. Taqdimotda pul-kredit siyosatining shaffof olib borilishi va qarorlarning jamoatchilikka batafsil tushuntirilishi ham inflyatsion targetlash rejimining muhim tamoyillaridan biri sifatida qayd etildi.
Markaziy bank professional va ilmiy hamjamiyat bilan ochiq muloqotni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratadi. Bunday seminar va uchrashuvlar pul-kredit siyosatining mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirish, iqtisodiy jarayonlar yuzasidan xabardorlikni oshirish hamda konstruktiv fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Pul-kredit siyosati masalalariga bag‘ishlangan seminar va ma’ruzalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi savollar yuzasidan Markaziy bankka murojaat qilish mumkin.