O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2025-yil 24-aprel kuni hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlari tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bank sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida tumanlardagi bankirlarni sun’iy intellektga o‘qitishni boshlash topshirig‘i berildi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda hududlardagi bank tizimi rahbar-xodimlarini sun’iy intellekt bo‘yicha malakalarini oshirish bo‘yicha kurslar tashkil etilmoqda.
Joriy yil 4–5-may kunlari vazirlik huzuridagi “Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi” mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyatidagi bank filiallari rahbar xodimlari uchun sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan ikki kunlik intensiv malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Bugungi kunda bank tizimida raqamli transformatsiya jarayonlari jadallashib borayotgan bir paytda, sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish rahbar xodimlar uchun muhim kompetensiyaga aylanmoqda. Kurslar eng zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda bank boshqaruvi, risklarni baholash, jarayonlarni avtomatlashtirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatishda SI imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar bank jarayonlarida SI qo‘llash imkoniyatlarini aniqlash, SI xavflari, komplayens va boshqaruv, SI uchun jarayonlarni strukturalashtirish, murakkab SI jarayonlari hamda SI agentlari bilan ishlash kabi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.
Kurslarning yana bir muhim jihati — tajriba almashinuv platformasi yaratilganidir. Turli bank vakillari o‘z muassasalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribalari, duch kelayotgan muammolar va amaliy natijalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Mazkur malaka oshirish kurslari bank sektorida raqamli transformatsiyani jadallashtirish va zamonaviy boshqaruv madaniyatini shakllantirishga qaratilgan amaliy tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Bunday malaka oshirish kurslari respublikaning barcha hududlarida o‘zaro kelishilgan reja-jadvaliga asosan tashkil etilmoqda.