2026-yil 22-may kuni Markaziy bankda kredit qarzdorligi sababli to‘lovga qobiliyatsizlik holatiga kelgan korxonalar bilan bog‘liq dolzarb masalalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining 2026-yil 13-maydagi topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy bank hamda Adliya vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, tijorat banklarining mas’ul rahbarlari, yuridik departament va boshqarma vakillari hamda sohaga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida to‘lovga qobiliyatsizlik holatidagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini o‘rganish, muammoli kreditlar, kredit qarzdorligi va garov mulklarini realizatsiya qilish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-maydagi PF-78-son Farmonida belgilangan vazifalar, jumladan, sudgacha sanatsiya, kreditlarni restrukturizatsiya qilish va korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida to‘lovga qobiliyatsizlik holatlarining oldini olish, muammoli kreditlar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda amaliyotda uchrayotgan muammolar bo‘yicha takliflarni umumlashtirish yuzasidan kelishib olindi.