Markaziy bank boshqaruvi energiya tariflari oʻzgarishining inflyatsion kutilmalarga taʼsirini jilovlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy fazada saqlab qolish va asosiy stavkani 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Iqtisodiyotda yuqori yalpi talab va ikkilamchi taʼsirlar tomonidan inflyatsion xatarlarning mavjudligi sharoitida inflyatsiyani prognoz gorizontida 5 foizlik target koʻrsatkichigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank kelgusida ham ijobiy real foiz stavkalarini yetarli darajada saqlab qolish choralarini koʻradi.
May oyida umumiy inflyatsiya uy xoʻjaliklari uchun energiya resurslari narxlari oshirilishi hisobiga tezlashib, yillik 10,6 foizni tashkil etdi. Energiya narxlari taʼsirisiz inflyatsiya darajasi oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining sezilarli mavsumiy pasayishi hisobiga 6,8 foiz doirasida shakllandi.
Umumiy inflyatsiyaga monetar omillar taʼsiri kamayib borishi hisobiga bazaviy inflyatsiya dinamikasining pasayuvchi tendensiyasi davom etib, may oyida 6,3 foizga teng boʻldi. Xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yil boshidan biroz pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi.
Inflyatsiyaning barqaror komponentlarida pasayuvchi tendensiyaning davom etishi bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi keng qamrovli tus olayotganligini koʻrsatmoqda. Xususan, isteʼmol savatidagi 70 foizdan ortiq tovar va xizmatlarda narxlar oʻsishi oʻtgan yildagi koʻrsatkichlarga nisbatan sekinlashgan.
Aprel oyidagi energiya tariflari oʻzgarishi borasidagi muhokamalar hamda ayrim soliq imtiyozlarining bekor qilinishi taʼsirida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari oshib, mos ravishda 14,0 va 13,3 foizga teng boʻldi. May oyida aholi kutilmalari 14,0 foiz darajasida oʻzgarishsiz qolgan boʻlsa, tadbirkorlarning kutilmalari 12,7 foizgacha pasaydi. Tariflar oʻzgarishining inflyatsion kutilmalarga taʼsiri dastlab prognoz qilinganidan koʻra pastroq shakllanmoqda.
Bu, oʻz navbatida, makroiqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari va yil yakunida inflyatsiya darajasining asosiy ssenariy prognozlari doirasida boʻlishiga xizmat qiladi.
Joriy yilning yanvar-may oylaridagi muqobil statistik maʼlumotlarga koʻra, iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Xususan, yanvar-may oylarida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan savdo va pullik xizmatlardan tushumlar 37,4 foizga va iqtisodiyot subyektlarining banklar orqali toʻlovlari hajmi 36,4 foizga koʻpaydi. Pul oʻtkazmalari hajmi 21 foizga oshib, aholi daromadlarining real oʻsishini qoʻllab-quvvatlovchi muhim omillardan boʻlmoqda.
Yanvar-may oylarida banklar tomonidan 102 trln. soʻmlik yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6 foizga koʻp kreditlar ajratilgan. Ushbu davrda aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari 21 foizga, bank hisobvaragʻiga ega aholi soni 6,1 foizga va ularning hisobvaraqlari soni
14,8 foizga koʻpaygan.
Xizmatlar sohasi va ishlab chiqarish sanoatidagi barqaror oʻsish surʼatlari iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan boʻlib, investitsion faollikning yuqoriligi ishlab chiqarishni ragʻbatlantirishi taʼsirida mehnat bozorida ishchi kuchiga boʻlgan talab yuqoriligicha saqlanib qoladi.
Asosiy eksport tovarlari narxining xalqaro bozorlarda yuqori shakllanishi va importga boʻlgan talabning normallashuvi sharoitida tashqi savdo manfiy balansining birmuncha qisqarishi taxmin qilinmoqda.
Iqtisodiyotga turli kanallar orqali valyuta oqimlarining ortishi va unga boʻlgan talabning barqarorlashishi bilan birga may oyidagi ichki inflyatsiya hisobiga real almashuv kursining maʼlum darajada mustahkamlanishi kutilmoqda.
Banklararo pul bozorida taʼminlangan operatsiyalar ulushining ortib borishi kredit xatarining va mos ravishda foiz stavkalarining maʼlum darajada pasayishiga xizmat qiladi. Barqarorlashgan likvidlik holati va makroprudensial choralar taʼsirida chakana kreditlar oʻsishi muvozanatlashmoqda.
Pul-kredit sharoitlarining joriy darajada saqlab qolinishi iqtisodiy oʻsish surʼatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmagan holda milliy valyutada jamgʻarishni ragʻbatlantirishga hamda bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikada davom etishiga zarur sharoitlarni yaratadi.
Shu bilan birga, asosiy savdo hamkorlar bilan bogʻliq tashqi noaniqliklarning kuchayishi fonida shakllanib boradigan tashqi iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib pul-kredit siyosati choralariga tegishli toʻgʻrilashlar kiritib boriladi.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qatʼiy pul-kredit siyosatini amalga oshirishda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga hamda inflyatsion kutilmalarning shakllanishiga alohida eʼtibor qaratadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024-yil 25-iyulga belgilangan.