Shrift o‘lchami: A A A
Masshtab: A A A A
Rang: A A A A
Rasmlar: Yoqish O‘chirish

O‘zbekiston Respublikasining jahon moliya bozorlarida joylashtirilgan xalqaro obligatsiyalari va ular bo‘yicha shakllangan foiz stavkalarining moliyaviy barqarorlikka ta’siri

Yangilangan sana: 10 Apr 2026, 09:53
10 Apr 2026

Global noaniqliklar va jahon moliya bozorlarida foiz stavkalari yuqori bo‘lib qolayotgan sharoitda O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalarini nisbatan past foiz stavkada (12,25 foiz) joylashtirilishi investorlarning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va makroiqtisodiy siyosatga bo‘lgan ishonchi va ijobiy bahosini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash lozimki, joriy yilning 31-mart kuni ichki moliya bozorida o‘tkazilgan auksionda 300 mlrd so‘m miqdoridagi 3 yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari 12,39 foizdan joylashtirilgan edi.

Ichki moliya bozorida yirik hajmdagi mablag‘larni jalb qilish imkoni cheklangan holatda tashqi bozordan yanada past foiz stavkada mablag‘larning jalb qilinishi xalqaro investorlarning respublikada narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ijobiy kutilmalarini aks ettiradi.

Shuningdek, avvalgi yillarda milliy valyutada chiqarilgan xalqaro obligatsiyalarga nisbatan foiz stavkalarning pasayib borayotganligi (2024-yilda – 16,625 foiz, 2025-yilda – 15,5 foiz) mamlakat suveren risk-premiyasining pasayayotganini va tashqi kapital qiymatining bosqichma-bosqich arzonlashib borayotganini anglatadi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, jahon moliya bozorlarida milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalarga bo‘lgan qiziqish xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekiston suveren kredit reytingi 1 pog‘ona yuqoriga “BB” darajasiga oshirilishi bilan bog‘liq.

Xususan, O‘zbekiston suveren kredit reytingi oshirilishi natijasida AQSh dollaridagi O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalarining ikkilamchi bozordagi foiz stavkalari 2025-yil may-dekabr oylarida o‘rtacha 1,08 foiz atrofida pasayishi kuzatilgan edi.

Milliy valyutada chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalarning afzalliklari quyidagilardan iborat:

• milliy valyutada joylashtirilgan suveren xalqaro obligatsiyalar ichki bozordagi obligatsiyalarning foiz stavkalari maqbul darajada shakllanishiga ijobiy ta’sir qilmoqda. Xususan, 2024-yilning yanvar-may oylarida chiqarilgan 3 yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalarining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 17,95 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, may oyida milliy valyutada chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha 16,625 foiz stavkasi qayd etilgandan so‘ng ichki bozordagi 3 yillik obligatsiyalarning daromadliligi 2024-yil iyun oyidan 2025-yil fevral oyiga qadar o‘rtacha 16,31 foizgacha pasaygan.

2025-yilning fevral oyida so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha 15,5 foiz stavkasi qayd etilishi natijasida ichki moliya bozoridagi 3 yillik davlat g‘aznachilik obligatsiyalari foiz stavkasi 2025-yil mart oyidan 2026-yilning aprel oyigacha o‘rtacha 14,61 foizgacha pasaygan.

• milliy valyutada chiqarilgan obligatsiyalarda valyuta risklarining xalqaro investor tomonidan qabul qilinishi anglatadi hamda davlat qarzi portfelidagi valyuta xatarlarining pasayishiga xizmat qiladi.

• ushbu tranzaksiyaning “GBI-EM” (The Government Bond – Emerging Market Index) indeksiga kiritilishi yangi institutsional va xususiy investorlarni jalb qilishi orqali O‘zbekistonning barcha emitentlarining xalqaro obligatsiyalari foiz stavkalarini pasaytirish uchun zamin yaratadi.













USD = 11937.60
-37.19
EUR = 13961.02
-47.09
RUB = 159.47
-0.17
GBP = 16119.34
-51.42
JPY = 74.92
0
CHF = 15160.78
+8.57
CNY = 1748.13
-4
Barcha valyutalar
Online доступ к общедоступным информационным ресурсам ЦБ РУз в сети Интернет, с возможностью просматривать и получать обновленную информацию, в том числе сведения о курсах валют.
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by X